HAMAS Gʻazo sektori aholisini uyda qolishga chaqirmoqda
Foto: Reuters
Isroil Gʻazo sektori aholisini janubga koʻchishga daʼvat etganidan soʻng HAMAS (Gʻazo sektorida hukmronlik qiluvchi Falastin islomiy harakati va siyosiy partiyasi) Gʻazo sektori shimolidagi aholini uyda qolishga chaqirdi.
“Biz oʻz yerimizda mustahkam turibmiz va uyimizda qolamiz, hech qanday koʻchirish yoki deportatsiya boʻlmaydi. Falastin xalqi bosib olingan hududlar rahbarlarining tahdidlarini va gʻazoliklarni oʻz uylarini tark etib, janubga yoki Misrga ketishga chaqirishlarini rad etadi”, — deyiladi HAMAS bayonotida.
Shu oʻrinda HAMAS aholini uylarini tark etmaslik qarorida sobit turishga va Isroil rasmiylari olib borayotgan bu psixologik urushga qarshi qatʼiylik koʻrsatishga chaqirdi.
Avvalroq, Gʻazo sektorida gumanitar falokat eʼlon qilingandi. Bu yerdagi shifoxonalarda yoqilgʻi yetarli emas, qoʻrqib ketgan aholi havo hujumlaridan boshpana izlab BMT nazoratidagi maktablarga oshiqayotgani aytilgandi.
Shu yilning 7-oktyabr kuni ertalab HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqsa toʻfoni” deb nomlangan harbiy operatsiya boshlanganini eʼlon qildi.
“Bu Yer yuzidagi soʻnggi ishgʻolga barham berish uchun eng katta jang boʻladigan kun”, dedi HAMASning harbiy rahbari Muhammad Deif.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat urush holatida ekanini maʼlum qildi.
“Biz harbiy operatsiya oʻtkazmayapmiz, urush holatidamiz. HAMAS Isroil davlati va fuqarolariga qarshi kutilmaganda ajalvor hujum boshladi. Isroil sarhadlarini terrorchilardan tozalashga, zaxiradagilarni safarbar qilishga buyruq berdim. Dushman hamma qilgani uchun nasibasini oladi”, dedi Netanyahu.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ramazon va tibbiy yondashuv: kimlar ehtiyot boʻlishi kerak?
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring