Gullarga burkangan sanʼat maktabi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati yonidagi yoʻldan oʻtayotganlar avtomobilini atay toʻxtatib, ayni kuz oyida xuddi bahordagiday yashnab, atrofga fusunkorlik baxsh etib turgan goʻzal manzarani tomosha qiladiganlar juda koʻp. Ayniqsa, keksayu yosh shu gulzorlar ichida suratga tushishni yaxshi koʻrishadi.
— Umumiy maydonimiz 2 gektar atrofida, — deydi maktab-internat direktori, “Shuhrat” medali sohibi, taniqli miniatyurachi musavvir Bahodir Bobonazarov. — Shundan 1 gektarini binolar egallagan boʻlsa, qolganini gulzor va bogʻ qilganmiz.
Yashillik yaratish ham taʼlim muassasasi nomiga uygʻun boʻlgan. Yaʼni sanʼat darajasidagi landshaft hosil qilingan. Masalan, oʻrtada qizil gullar, hoshiyasida esa oltinrang chechaklar... Bundan bir necha yil oldin, maktab ostonasida gilam misoli sariq gullar paydo boʻlgan va u koʻpchilikning eʼtiborini tortgan edi. Xrizantemalar turiga kiruvchi ushbu chechakni maktab direktori bir xonadonda koʻrib qoladi va 50 tacha koʻchatini oladi. Eʼtiborlisi, ushbu gulning bir tupidan oʻnlab koʻchatlarni ajratib olish mumkin. Ayni xususiyati tufayli bugun sariq xrizantemalar maktab hovlisini gulshanga aylantirgani bilan birga Guliston shahri va uzoq-yaqin manzillarga ham tarqaldi.
Maktab bogʻbonidan “Necha xil gullaringiz bor?”, deb soʻrasangiz, sanogʻida adashadi. Boisi, ularning turi koʻp. Bogʻda ham oʻnlab nomdagi daraxtlar oʻsmoqda.
— Tabiat — tasviriy sanʼat uchun eng asosiy manba, —deydi maktab-internatning dastgohli rang-tasvir va miniatyura fani oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Husan Toshboyev, — Demoqchimanki, oʻquvchi ijodkorlarimiz uchun maktabimizning oʻzida ana shunday tabiiy sharoit yaratilgan. Yaʼni maktabimiz bogʻi va gulzorlari ularning amaliy mashgʻulotlari uchun ham xizmat qilmoqda.
Binobarin, yashil boylik har jihatdan foydali. Uni yaratishga esa faqat tegishli tashkilotlar emas, har bir kishi, har bir xonadon va albatta, har bir muassasa jamoasi oʻzlarini daxldor deb bilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Shu oʻrinda “Yashil makon” dasturi doirasida “Eng yaxshi bogʻ yaratgan muassasa”, “Eng yaxshi gulzor yaratgan tashkilot”, “Eng koʻp yashillik yaratgan mahalla ” “Eng yaxshi yashil xonadon”, “Eng yaxshi ofis bogʻboni” va boshqa shu singari nominatsiyalar boʻyicha tanlovlar tashkil qilinishi ham yurtimiz shaharu qishloqlari, mahalla va koʻchalarining yanada bogʻu gulzorlarga burkanishida muhim omil boʻlar edi. Oʻylaymizki, ushbu taklif mutasaddi idoralar tomonidan oʻrganilib, amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Eʼtirof etish lozimki, chaman-chaman gulzorli, bogʻu rogʻli Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatini bu yil bitirgan oʻquvchilarning 92 foizi oliy taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talaba boʻlgani zamirida ham obodlik va orastalik kabi ulugʻ tuygʻular mujassam desak, sira mubolagʻa boʻlmaydi.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring