Gulchi ayol baxti
Bundan ikki yil muqaddam 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan farzandlarni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga katta hissa qoʻshayotgan xotin-qizlarning bir guruhi Prezident Farmoni asosida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan edi. Oʻshanda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Gulchi opa tomorqa xizmati” klasteri rahbari Sharofat Noriyevaga unvonni oʻz qoʻli bilan topshirgan Prezident undan ishlari qanday yurishayotgani, nima muammolar borligini soʻrab, hali yana koʻrishamiz, degan edi.
Yaqindagina Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tadbirkor” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Prezident tomonidan imzolangan Farmonga koʻra birinchi unvon jizzaxlik tadbirkor, gulchi opa Sharofat Noriyevaga nasib etdi.
Asli kasbi tibbiyot hamshirasi boʻlgan bu ayol turmush qiyinchiliklari tufayli hovlisida yetishtirgan gullarni bozorga chiqarib sotish bilan shugʻullandi. Mirishkor dehqon oilasida ulgʻaygan Sharofat Noriyeva gullarga mehr qoʻydi, bu ishni asosiy faoliyatiga aylantirishga kirishdi. Gul yetishtirish orqali muvaffaqiyatga erishdi. Bu sohada oʻz bilimini oshirdi, boshqalarning tajribalarini oʻrganishdan erinmadi.
Gulchi opa ishsiz xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashda ham faollik koʻrsatadi, mahalla ayollarini tadbirkorlikka oʻrgatib, ularga kredit olishda koʻmaklashadi. Uning koʻmagida bank imtiyozli kreditini olgan ishsiz xotin-qizlardan besh nafari mahalladagi talabdan kelib chiqib, non va qandolat mahsulotlari sexini ochdi. Shuningdek, Sharofat Noriyeva tumandagi “temir daftar”da turuvchi 54 ta xonadonga issiqxona qurishda yordamlashib, ularga daromad olish usullarini oʻrgatdi, bu bilan qariyb yuzga yaqin xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Mazkur saʼy-harakatlari samarasi oʻlaroq, Sharofat Noriyeva “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan bilan taqdirlandi. OʻzLiDeP tomonidan anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” koʻrik tanlovining respublika bosqichida ikkinchi oʻrinni egalladi.
Sharofat opa koʻp farzandli oilada voyaga yetgan. Shu bolajonligi bois 2022-yilda Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan toʻqqiz nafar bolani farzand qilib oldi. Ularni oʻz farzandidek tarbiyalab, taʼlim olishi, qiziqishlarini amalga oshirishi uchun yetarli sharoit yaratib berdi.
— Tadbirkorlik tufayli, farovon, baxtli hayot kechirayotirmiz, — deydi Sharofat Noriyeva. — Turmush oʻrtogʻimning qoʻllab-quvvatlashi, otamning dehqonchilikka oid maslahatlari, farzandlarimning koʻmagi bilan bugun mana shunday darajaga erishdik. Demak, kambagʻallikdan qutulish, oʻz tirikchiligini yoʻlga qoʻyish yaxshi natijalar berarkan. Buni biz oʻz tajribamizda sinab koʻrdik. Toʻgʻri, koʻp qiyinchiliklar boʻldi, lekin biz suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, oʻz niyatimizni amalga oshirdik. Barcha qiyinchiliklar ortda qoldi, ishlarimiz yildan yilga baror olmoqda. Toʻgʻrisini aytsam, har bir qilayotgan ishimda Prezidentimizning menga bergan daldalarini, qoʻllab-quvvatlashlarini his qilaman. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarning qoʻllab-quvvatlanishi bizga yangi imkoniyatlar eshiklarini ochmoqda.
Gavhar SAYDULLAYEVA
jurnalist
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring