Gʻozning goʻshti totli, daromadi ham
Nurafshon shahrida “Soy boʻyi” koʻchasi hududidan oqib oʻtuvchi suvdan samarali foydalanib, parrandachilikni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi. Bu mahalla aholisi uchun oʻziga xos yangi yoʻnalishni ochdi. Hozirda bu hududda parrandachilikning oʻziga xos klaster tizimi shakllanmoqda.
2022-yilda Toshkent viloyat hokimligi tomonidan 50 bosh oʻrdakka moʻljallangan kichik ferma tashkil etilgan boʻlsa, 2025-yilgacha asta-sekin oʻrdaklar soni tabiiy ravishda koʻpaytirib borildi. Yil boʻyi toʻlib oqib turuvchi zovurning maʼlum qismi temir toʻr bilan oʻralib, bir chetda oʻrdaklar uchun boshpana ham barpo etildi. Salkam toʻrt yillik kuzatuvdan soʻng tomorqa egalari shu imkoniyatdan foydalanib, parrandachilikning noyob turlari bilan shugʻullanmoqda. Hozirda zovurning 780 metr uzunlikdagi qismi yevropanjara bilan oʻralib, 13 ta boʻlimga boʻlingan. Bu yerda jami 1290 bosh oʻrdak, 200 bosh gʻoz parvarishlanmoqda. Yaqin orada suvda parranda boqishga moʻljallangan hududni 1200 metrga yetkazish va parrandalar sonini shunga yarasha oshirish moʻljallangan.
Shu sohada tajribali “JASMINA OʻRDAKCHILIK PARRANDA CLUSTER” masʼuliyati cheklangan jamiyati asosiy taʼminotchi sifatida tanlab olindi. Viloyat “Mikrokreditbank” kreditga talabgorlarga xizmat koʻrsatish uchun biriktirildi. Taʼminotchi tomonidan zovur atrofi mustahkam, zamonaviy meʼmorchilik dizayni jihatidan chiroyli metall panjara bilan oʻrab chiqildi. Har bir xonadonga tegishli chegara boʻyicha parrandalar oʻtib ketmasligi uchun oʻrtaga temir toʻsiq oʻrnatildi. Turli nasldagi oʻrdak va gʻozlar ham taʼminotchi tomonidan aholiga yetkazib berilmoqda.

– Hududda mazkur taʼminotchi korxona tomonidan ikkita koʻchma konteyner oʻrnatilib, parrandaboqarlarni bozor narxidan arzonroq yem mahsulotlari bilan taʼminlash rejalashtirilgan, – deydi “Dehqonobod” mahallasidagi hokim yordamchisi Akbar Abdurahimov. – Eng muhimi, taʼminotchi shu yerning oʻzida aholidan yetilgan gʻoz va oʻrdaklarni bozor narxida sotib oladi.
Hozirgi kunda 15 ta xonadon ushbu loyiha boʻyicha parrandachilik bilan shugʻullanishni boshlagan. 3 ta oilaga jami 60 million soʻm kredit bilan koʻmak koʻrsatildi.
Eʼtiborlisi, goʻshti noyob, parhezbop hisoblangan oʻrdak va gʻozlarni boqishga nafaqat xonadon sohiblari, balki tadbirkorlar ham qiziqmoqda. Oʻrtachirchiqlik Bahriddin Karimov tomonidan ushbu manzilda 200 bosh gʻoz boqilayotgan boʻlsa, Nurafshon shahri hokimligi vakillari tomonidan 50 bosh oʻrdak parvarishlanmoqda.
Ushbu koʻchadagi Rahmatilla Nasriddinov uzoq yillardan beri parrandachilik bilan astoydil shugʻullanishi nafaqat Nurafshonda, balki uzoq hududlarda ham maʼlum. Zotan, u oddiy parrandalarni emas, asl zotli, noyob parrandalarni koʻpaytirish borasida koʻp yillik tajribaga ega.
– Parrandachilik bilan 10 yoshimdan shugʻullanaman, – deydi tadbirkor Rahmatilla Nasriddinov. – Bankning 10 million soʻm krediti evaziga taʼminotchidan olgan gʻozlarim 2 yoshli, 5-6 kilo tosh bosadi, yaqinda tuxumga kiradi. Xaridorlar gʻoz tuxumining har donasini 20 ming soʻmdan sotib olmoqchi. Lekin tuxumni sotishni emas, gʻozni koʻpaytirmoqchiman. Gʻoz bir yilda 30-40 donaning nari berisida tuxum beradi, joʻjasi qimmat turadi. Shuning uchun uni koʻpaytirish foydaliroq. Eng muhimi, bu nasldor gʻozlar yashovchan, 15-17-yilgacha umr koʻradi, narlari 10-12 kilogacha tosh bosadi. Buning shirin goʻshtini qoʻyavering, yogʻi tabobatda qanchalik qadrlanishini bilmaydigan kishi boʻlmasa kerak.
Rahmatillaning uyidan parranda, qoramol tuyogʻi uzilmaydi. Axir, ular yetti xazinaning ikkitasi-da. Ayni kunda ham 70 bosh atrofida zotdor tovuq, 12 bosh kurka, shundan Amerika “Qizil burboni” naslli bitta xoʻroz bor. Kurkalardan tabiiy inkubator sifatida foydalanadi, bir mavsumda uch martagacha joʻja ochiradi. Kurkadan Amerika “Qizil burboni”ning uch kunlik joʻjasi 70 ming soʻmdan, bir mavsumda 100 tagacha kurka joʻjasi sotiladi. Nasldor xoʻrozlarning joʻjasini ham oʻz ishqibozlari bor. Bir yilda 50 ta joʻja ochtirib, oʻrtacha 3 million soʻmdan uyidan xaridorlarning oʻzlari olib ketishadi. Ayni kunda Rahmatilla taʼminotchi tomonidan berilgan 11 bosh “Xolmagor” navli gʻozlarni parvarishlamoqda.

Gʻoz goʻshti bizning sharoitimizda tansiqligi uchun ham qadrlanadi. Toʻgʻrisi, gʻoz, oʻrdaklarni boqish uchun doimiy oqar suv, yaylovlar boʻlishi shart. Shu sababli bu parrandalar xonadonlarda kam parvarishlanadi. Bozorlarda ham nisbatan qimmatroq sotiladi. Bir oʻylab koʻring-chi, oxirgi marta qachon dasturxoningizga gʻoz goʻshti tortilgan?
– Taʼminotchi shundoq koʻchamizda don mahsulotlarini sotish uchun konteyner oʻrnatdi, – deydi u. – Tezroq ishga tushsa, yaxshi boʻlardi. Chunki, gʻozlarni yaylovda boqish imkoniyati yoʻq, asosan, yem mahsulotlari bilan boqyapmiz. Bu esa mahsulot tannarxiga taʼsir qiladi. Kechki payt koʻchamizdan oʻting, yuzlab parrandalarning oqqushlardek suvda suzishini koʻrasiz. Toʻgʻrisi, bu odamning charchogʻini aritadi, oʻzini xuddi yovvoyi tabiat qoʻynidagidek his etadi. Kun boʻyi tinmasdan tomorqamda kuymalanib yursam-da, charchamasligimning boisi ham balki shundadir.
Ushbu loyihaning yana bir eʼtiborli jihati – gʻoz, oʻrdaklar boqilayotgan hudud shundoqqina 13-umumiy oʻrta taʼlim maktabi bilan tutash. Har kuni oʻqishga qatnovchi oʻquvchilar bu omilkorlikni kuzatib boradi. Bu esa yosh avlod qalbida jonivorlarga mehrli boʻlish tuygʻulari va tomorqadan unumli foydalanish koʻnikmasini shakllantirishda ibrat vazifasini oʻtaydi. Axir, bir vaqtlar maktablarda jonli burchaklar boʻlgan-ku. Ajabmas, ushbu maktab oʻquvchilari orasidan ham kelgusida el farovonligiga hissa qoʻshadigan mohir tadbirkor, dehqonlar yetishib chiqsa. Chindan ham yerdan va suvdan oqilona foydalanilgan, “Inson qadri uchun!” tamoyili ustuvor boʻlgan joyda qut-baraka, el dasturxonida esa toʻkinlik boʻlaveradi.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Tabiat va sivilizatsiya uyg‘unlashgan shahar – Syurixdan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring