Govmijja paydo boʻlishining asosiy sababi nima?
Foto: Illustrativ surat
Bu xastalik koʻpchilik uchun kutilmaganda boshlangandek taassurot uygʻotadi. Qolaversa, aksariyat bemorlar uning kelib chiqish sabablaridan ham yaxshi xabardor emas. Chunki bu dard bezovtalik va maʼlum ogʻriqlarni keltirib chiqarsada, alomatlar yoʻqolgach, tezda unutiladi. Ammo...
— Bu oftalmologiyada eng keng tarqalgan kasallik hisoblanadi, — deydi Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — U xalq orasida govmijja, ninalogʻich degan nomlar bilan ham maʼlum.
— Xastalik qovoq chetidagi yogʻ bezlari yoki kiprik tuk piyozchasining yalligʻlanishi bilan kechadi. Bunda qovoq terisi va shilliq qavati shishadi. Dastlab dard oʻchogʻi koʻzga biron narsa tushganga oʻxshab sanchib ogʻriydi, qizaradi, qovoq shishadi. 3-4 kundan keyin esa govmijja uchi sargʻayib yiring bogʻlaydi. Yorilganda, yiring va nekrozlangan toʻqima boʻlakchalari ajralib chiqadi.
Govmijja uzoq davom etgan ogʻir, yuqumli kasalliklar, organizmning himoya funksiyasi susayishi, darmonsizlik, moddalar almashinuvi buzilishi, avitaminoz, kamqonlik, qandli diabet kabi omillar oqibatida yuzaga keladi.
Qolaversa, gipotermiya, gigiyena qoidalariga rioya etmaslik, konyunktivit, koʻz qovoqlari shikastlanishi, allergiya ham kasallikni keltirib chiqarishi mumkin.
Tahlillarga koʻra, har 10 holatdan 9 tasida koʻzda ninalogʻich paydo boʻlishining sababi stafilokokk infeksiyasidir. Ular teri, soch, burun, ichak, tomoqda yashaydi.
Bakteriyalar uzoq vaqt davomida oʻzini namoyon qilmasligi mumkin, ammo maʼlum sharoitlar, masalan, organizmning umumiy toliqishi, koʻz kasalliklari va boshqalarda kiprikning soch sohasiga yoki yogʻ beziga kirib, yalligʻlanishga olib keladi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining taxminan 20 foizi organizmida ushbu infeksiya uchraydi.
Govmijjani siqib, yiringini chiqarish aslo mumkin emas. Bunday holatda infeksiya atrofdagi toʻqima qon tomirlariga tushib, koʻz flegmoniyasiga sabab boʻlishi, koʻz vena tomiri tiqilib qolishi kuzatiladi. Infeksiya qon oqimi bilan miyaga tarqalishi va meningit, sepsis kabi ogʻir oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.
Kasallikni davolash usullari uning bosqichiga qarab farqlanadi. Dastlab yalligʻlanish va bakteriyaga qarshi muolajalar buyurilsa, keyingi bosqichlarda, kapsula ochilgandan keyin qayta kasallanishning oldini olish uchun antiseptik davo choralari qoʻllaniladi.
Govmijjaga chalinmaslik uchun gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish, organizm quvvati susayishiga sabab boʻladigan kasalliklarni oʻz vaqtida davolash, zararli odatlarga ruju qoʻymaslik kerak. Shuningdek, govmijja chiqqan zahoti shifokorga murojaat etish lozim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring