GMO – foydalimi yoki zararli?

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasi mamlakatimiz rahbari tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotgan yoʻnalishlardan biridir.
Prezidentimiz shu yil 30-iyul kuni meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini koʻpaytirish masalalari, 31-iyul kuni esa qishloq xoʻjaligida kosmik maʼlumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Ularda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, yerdan unumli foydalanish, samaradorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Barchamiz yaxshi bilamiz, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi salohiyati yuqori. Serquyosh zaminimiz tabiiy iqlim sharoitida mazali, shirin-shakar va toʻyimli meva-sabzavot hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi. Jahon bozorida esa Oʻzbekistonning mahsulotlariga talab katta. Mamlakatimizning BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Kengashi aʼzoligiga saylangani ham bejiz emas. Bu – milliy va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish, yangi loyihalarga mablagʻ jalb qilish uchun katta imkoniyat.
Ana shu sharoitda fermer va dehqonlarimiz oʻzlari yetishtirayotgan mahsulotlarning tabiiy taʼmini saqlab qolishi, kimyoviy oʻgʻitlardan meʼyordan ortiq darajada foydalanmasligi, genini oʻzgartirmasligi dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.
Binobarin, globallashuv jarayonining taʼsirini bugun barcha sohada koʻrish mumkin. Xususan, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida butun dunyo boʻylab tajribalar almashinuvi kechmoqda. Ilgari koʻz koʻrib, quloq eshitmagan turli-tuman meva-yu sabzavotlar ekin maydonlarimizning koʻrkiga koʻrk qoʻshayotir. Dunyoning narigi chekkasida yetishtirilayotgan noz-u neʼmatlar ham bozor va savdo doʻkonlarimizni toʻldirib turibdi. Har qanday faslda ham koʻngil tusagan mevani topish mumkin.
Bu bir tomondan toʻkislikka sabab boʻlsa-da, ammo yurtdoshlarimizni oʻylantirgan jihatlari ham yoʻq emas. Chunki yarimfabrikatlar, sunʼiy ozuqalar, taʼm beruvchilar va geni oʻzgartirilgan, yaʼni qisqartma tarzda GMO (geni modifikatsiyalangan organizm) deb ataladigan mahsulotlar isteʼmoli ommalashib ketmoqda.
Hozirda isteʼmol qilinayotgan koʻpgina yeguliklar GMO mahsulotlar qatoriga kirishi bugun hech kimga sir emas. Kimdir bunday oziq-ovqatlarni zararli deb hisoblasa, kim uchundir rastalardagi eng chiroyli, eng qimmatbaho ana shu noz-u neʼmatlarni dasturxonida koʻrish zavqli. Albatta, har kim oʻz dunyoqarashi, oʻz tanlovlari asosida yashaydi. Biroq oʻrtaga salomatlik, sogʻlom avlodlar bardavomligi masalasi chiqar ekan, bu borada yetti oʻlchab, bir kesish maqsadga muvofiq.
GMO nima oʻzi?
Gen muhandisligining ilk namunasi boʻlgan dastlabki transgen mahsulotlar oʻtgan asrning 80-yillarida AQSHda yetishtirilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, hozirgi kunda butun jahonda 100 dan ortiq genetik modifikatsiyalangan oʻsimliklar, oʻnlab hayvon va parranda turlari parvarishlanyapti. GMO mahsulotlari yetishtiriladigan ekin maydonlari dunyo miqyosida 1996-yili 1,7 mln. gektarni tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yili 190 mln. gektar yerni qoplagan. Koʻrinadiki, raqamlardagi oʻsish nihoyatda katta. Modomiki, bu turdagi mahsulotlar, xohlasak-xohlamasak, hayotimizga kirib borayotgan ekan, unda GMO mahsulotlar oʻzi nima ekanini bilib qoʻyishimiz kerak.
Maʼlumki, oziq-ovqat mahsulotlariga hamisha va har yerda talab yuqori. Dehqon yoki sotuvchi iloji boricha koʻproq mahsulot yetishtirish, bozorga chiqarish, eksport qilish, koʻproq daromad olishga intiladi. Ammo meva va sabzavot kabi mahsulotlarni yetishtirish, ular sifatini buzmasdan xaridorlarga yetkazish oson emas.
Londonda joylashgan “Institution of Mechanical Engineers” (IME) oʻtkazgan tadqiqotlarga koʻra, Yer yuzida yiliga 4 mlrd. tonna oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ularning aksariyati turli qishloq xoʻjaligi ekinlaridan olinadi. Qishloq xoʻjaligida yetishtiriladigan hosilning deyarli 30 – 50 foizi (1,2-2 mlrd. tonna) turli sabablarga koʻra nobud boʻladi. Jumladan, BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti tahlilchilarining maʼlumotlariga binoan Yer yuzida yetishtiriladigan donli ekinlarning 5 foizga yaqin qismi turli zararkunandalar sabab boy beriladi.
Shuningdek, tayyor mahsulotlar ham muayyan muddatda xaridorlarga yetkazib berilmasa, aynishi, isteʼmolga yaroqsiz holatga kelib qolishi bor gap. Soha olimlari bu kabi muammolarni hal qilish ustida ish olib borib, GMO mahsulotlarni yetishtirishga muvaffaq boʻldi. Biolog, ekolog, seleksioner va genetik mutaxassislar turli begona oʻtlarga, zararkunandalarga, kimyoviy moddalar, qurgʻoqchilik, sovuq va boshqa cheklovchi omillarga bardoshli oʻsimlik navlari va hayvon zotlarini yaratish, tabiiy seleksiya yoʻli bilan imkoni boʻlmagan hollarda ularning genlarini modifikatsiya qilish orqali yaratishni mazkur muammoning yechimi sifatida koʻrdi. Natijada nisbatan arzon, saqlashga qulay, hosildorligi yuqori oziq-ovqat mahsulotlari dunyo boʻylab tarqalishda davom etmoqda.
GMOga ilmiy tarzda shunday taʼrif beriladi: “Genetik modifikatsiyalangan organizm (GMO) – irsiyat muhandisligi usuli bilan genotipi sunʼiy oʻzgartirilgan organizm. Bu taʼrifni oʻsimlik, hayvon va mikroorganizmlarga nisbatan qoʻllash mumkin. Qoidaga binoan, genetik oʻzgartirish ilmiy va xoʻjalik maqsadlarida qoʻllanadi. Genetik modifikatsiya tabiiy va sunʼiy mutatsiyalashish jarayonidan aniq bir maqsadga yoʻnaltirilgani bilan farq qiladi”.
Demak, bu organizmlar oʻsimlik, jonivor yoki biror mikroorganizm DNKsiga boshqa oʻsimlik, jonivor yoki mikroorganizm genini “koʻchirib oʻrnatish”, “payvandlash” yoʻli orqali hosil qilinadi. Endi bu mahsulot transgen tovarga aylanadi, chunki unda bir emas, bir nechta genlar oʻzaro chatishgan.
Aytaylik, sovuq iqlimga moslashmagan biror mevani shunday iqlimli oʻlkalarda yetishtirish uchun gen muhandislari bu oʻsimlik geni ustida ishlaydi. Sovuqqa chidamli biror boshqa oʻsimlik yo boʻlmasa jonivor geni bilan chatishtirish orqali mavjud mevaning yangi navini vujudga keltirishadi. Bu nav endi oʻzining ilgarigi tabiatidan uzoqlashib, sovuq urmaydigan, past haroratda ham hosil bera oladigan xususiyatga ega boʻladi. Yoki zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida ham shu yoʻl tatbiq qilinadi. Yaʼni gen muhandisligi qurt-qumursqa yemaydigan, turli hasharotlar tegmaydigan yangi navli meva-sabzavot, donni turli xil genlarni oʻzaro uygʻunlashtirish orqali hosil qilishadi.
Koʻpchilik GMO deganda, faqatgina yeyiladigan mahsulotlarni koʻz oldiga keltiradi, aslida GMO faqat oziq-ovqat uchun ishlatilmaydi. Ular ilmiy tadqiqotlarda, tibbiyotda, farmatsevtika sanoatida, qishloq xoʻjaligida, atrof-muhitni tozalashda ham qoʻllaniladi.
Undan voz kechish kerakmi?
Biolog-ixtiolog, genetik Baxtiyor Sheraliyev bu savolga shunday javob beradi: “Koʻpchilik bilan GMO haqida gaplashganimda shu narsaga amin boʻlamanki, aksariyat odamlar GMO mahsulotlari odamning genini oʻzgartirishiga, uni yegandan soʻng qandaydir kasalliklar yuzaga kelishi mumkinligiga, nasliy anomaliyalar yuzaga kelishiga ishonadi. Bu qanchalik haqiqat?
Birinchidan, GMO sizning geningizni oʻzgartirish xususiyatiga ega emas, buni genetikaning fundamental qonuniyatlarini bilgan har qanday odam tasdiqlashi mumkin. Bu narsa tajribada isbotlangan. Biz isteʼmol qiladigan har bir oʻsimlik va hayvon tarkibida, albatta, DNK boʻladi. Odam, odatda, ovqat yeganda oʻzi isteʼmol qilgan oʻsimlik va hayvon mahsulotlari asosida 0,1-1 grammgacha DNK isteʼmol qiladi. Ularning 95 foizi hazm yoʻlida ichakka borguncha alohida nukleotidlargacha parchalanib ketadi. Qolgan 5 foiz DNK oʻrtacha 100 – 400 nukleotiddan iborat boʻlib, ichakkacha yetib boradi. Koʻpchilik mana shu DNK boʻlaklari odam DNKsiga transformatsiya boʻlish ehtimoli mavjudligini aytadi. Xuddi mana shu ehtimollikni olimlar joʻja va buzoqlarda tajribada sinab koʻrgan. Natijada ovqat tarkibidagi DNK boʻlaklari ichak devoridan qon tomirlariga oʻta olmasligi maʼlum boʻldi. Sichqonlarda oʻtkazilgan tajribalarda ham ayni natijaga erishilgan.
Tajribalarning birortasida GMO mahsulot tarkibidagi DNK boʻlaklari nasldan-naslga oʻtishi kuzatilmagan, yaʼni GMO hech qanaqasiga sizning va avlodlaringizning genini oʻzgartirib qoʻymaydi.
GMO mahsulotlari sizning dasturxoningizga yetib borguncha yuzlab tajribalardan, tekshiruvlardan oʻtadi. Ular xavfsiz, isteʼmol qilsa boʻladi deyilgandan soʻnggina sotishga ruxsat beriladi. GMO toʻgʻrisidagi yakuniy xulosa shundan iboratki, transgen organizmlar insoniyatni halokatga yetaklovchi yoʻl emas, u insoniyat ogʻirini yengil qilish uchun dunyoning minglab olimlari tomonidan uzoq yillar davomida tinimsiz mehnatlar natijasida yuzaga kelgan ilmiy kashfiyotdir. Uning naqadar foydali yoki zararli ekanini eng odil hakam – vaqtning oʻzi koʻrsatadi”.
Bilim dunyosida GMO masalasida ijobiy va salbiy qarashlar mavjud. Uning ijobiy tomonlari haqida yuqorida yetarlicha fikrlar bildirildi. Salbiy taʼsirlarga ega ekani haqida ham tadqiqotlar mavjud. Transgen mahsulotlar organizmda allergik taʼsirchanlikni keltirib chiqarib, immun tizimi faoliyatiga ziyon yetkazishi, shuningdek, modda almashinuvi buzilishiga ham sabab boʻlishi ehtimolga yaqin. Tadqiqotlarga koʻra, transgen mahsulotlarni isteʼmolga chiqarish taqiqlangan Shvetsiyada aholining faqat 7 foizi allergik xastaliklarga chalinar ekan. Bunday mahsulotlar keng koʻlamda isteʼmol qilinadigan AQSHda esa xuddi shu xastalik bilan ogʻriganlar mamlakat aholisining 70,5 foizini tashkil qiladi.
Qolaversa, genetik modifikatsiyalangan mahsulotlar bolalar organizmiga salbiy taʼsir oʻtkazishi haqida ham farazlar bor. Shu bois 2004-yildan buyon Yevropaning qator mamlakatlarida 4 yoshgacha boʻlgan bolalarning taom ratsioniga transgen mahsulotlarni kiritish taqiqlangan. Bundan tashqari, bu mahsulotlarni doimiy isteʼmol qilgan odam organizmi antibiotiklarga nisbatan taʼsirchanligini yoʻqotadi. Bu esa turli kasalliklarni davolashda jiddiy toʻsiq boʻladi. Oddiy tumovni ham antibiotiklar yordamida tuzatib boʻlmaydi. Natijada har xil superinfeksiyalar paydo boʻlishi, ular oqibatida kelib chiqqan kasalliklarni davolash uchun yangi dori vositalarini oʻylab topish shart boʻladi.
Hatto olimlar saratonning kelib chiqish omillaridan biri – geni oʻzgartirilgan mahsulotlar ekanini aytmoqda. Shuningdek, GMO insonning nasl qoldirish qobiliyatiga ham daxl qilishi ehtimoli yuqori. Buning isboti sifatida aynan urugʻi yoʻq hisobi boʻlgan tarvuzlaru bodring-pomidorlar keltiriladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham oʻz hisobotida GMOning inson salomatligi va rivojlanishi uchun potensial xavf ehtimoli borligini bildirgan.
Oʻzimiznikidan qoʻymasin
GMO mahsulotlarining sogʻliqqa salbiy taʼsiri borligini koʻrsatgan tajribalar, asosan, hayvonlar ustida olib borilgan. Ayrim olimlar mazkur tadqiqotlarning bahstalab ekanini uqtiradi. Transgen ozuqalar inson salomatligiga qisqa va uzoq muddatda keltirib chiqaradigan aniq taʼsirlarini aniqlashga qaratilgan keskin ilmiy izlanishlar esa topilmaydi. Shu sababli, GMO mahsulotlarining inson salomatligiga qanday taʼsiri borligi yoki boʻlishi mumkinligi, nisbatan mavhumligicha qolmoqda. Natijada bu mahsulotlarning foydali yoki zararli ekani haqida hozircha aniq xulosa chiqarish mushkul. Shunday ekan, GMOning sogʻliqqa taʼsirini aniq yuzaga chiqaradigan, standartlarga mos izlanishlar, tadqiqotlar olib borilishi zarur. Xususan, mamlakatimiz ham bu jarayondan chetda qolib ketmasligi kerak. Davlatimiz miqyosida ham GMO mahsulotlari xususida izlanishlar olib borilishi va bunday izlanishlar qoʻllab-quvvatlanishi maqsadga muvofiq.
– Gen injenerligidan oʻsimliklarda, hayvonlarda va mikroorganizmlarda kasallik va zararkunandalarga, gerbitsidlarga chidamlilik hamda mahsulot sifatini yaxshilash va uzoq saqlanishini taʼminlashda keng foydalaniladi, – deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti professori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Gʻulom Gʻaybullayev. – GMO haqida har xil salbiy va ijobiy tushunchalar mavjud, lekin hozircha bironta ilmiy hamda amaliy isbot topilmaydi. Bugungi kunda rasman 18 davlatda (AQSH, Kanada, Argentina, Braziliya, Xitoy, Avstraliya, Germaniya, Ispaniya, Bolgariya va Ruminiya kabi) geni oʻzgartirilgan oʻsimliklardan foydalanilmoqda. Eng koʻp GMO kartoshka, makkajoʻxori, raps, pomidor, sholi oʻsimliklarida qoʻllanilmoqda. Oʻzbekiston seleksiyasida GMO olish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilmayapti. GMOdan foydalanishga Oʻzbekistonning ehtiyoji yoʻq, deb oʻylayman. Sababi oddiy seleksiya usullari orqali ham hosildor, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar yaratilyapti.
Olimning soʻzlaridan ham maʼlumki, GMO mamlakatimizda eʼtibor qaratilishini kutayotgan masalalardan biri. Shuningdek, maʼlumotlar qidirganimizda, bu mavzu anchadan buyon ommaviy axborot vositalarining eʼtiboridan ham chetda qolib kelayotgandek tuyuldi. Oʻzbekistonda tarkibida GMO boʻlgan mahsulotlar aylanmasini tartibga soladigan huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilishi ham dolzarb masalalardan sanaladi.
Prezidentimiz tomonidan 2019-yil 14-oktyabrda imzolangan qarorga muvofiq, mamlakatimiz “Bioxavfsizlik boʻyicha Kartaxena protokoli”ga qoʻshilgan davlatlar qatoridan oʻrin oldi. Unga koʻra, hujjatni imzolagan mamlakatlar genetik modifikatsiyalangan organizmlarga ishlov berish, oʻrab joylash va tashishda xavfsizlik choralariga rioya etishi zarur.
Dunyoning turli mamlakatlarida GMOga qarshi kurashish maqsadida zarur choralar ishlab chiqilgan. Bu mahsulotlarga munosabat qonunan qatʼiy tartibga solingan. Baʼzi davlatlarda GMO umuman taqiqlangan, yana ayrimlarining tarkibida GMO mavjud mahsulotlar alohida maxsus yorliqlar bilan koʻrsatilishi majburiy qilib belgilangan. Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlarning deyarli barchasida “GMOdan xoli hududlar” tashkil etilgan va bu hududlarda transgen oʻsimliklarni ekish qatʼiyan taqiqlangan. Jumladan, Italiyaning 25 ta muzofotida transgen ekinlar ekish mutlaq man qilingan. Avstriya, Germaniya, Lyuksemburg, Portugaliya kabi davlatlarda genetik modifikatsiya qilingan joʻxori, Saudiya Arabistoni va Misrda bugʻdoy, Norvegiyada antibiotiklarga chidamli GMO mahsulotlarini yetishtirish va sotish qonunga zid sanaladi. Britaniya parlamenti binosidagi barcha oshxona va tamaddixonalarda GMO taqiqlangan.
Albatta, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Oʻzbekistonda ham bu masalani oʻrganish mutaxassislar oldidagi dolzarb vazifalardan biridir. Muhimi, oʻzimizning tabiiy mahsulotlarimizdan qoʻymasin. Balki dunyo tajribasidan kelib chiqib, mamlakatimizda ham “GMOdan xoli hududlar” tashkil etish va shu kabi boshqa chora-tadbirlar koʻrish kerakdir.
Gʻolib BAHROMOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring