Global tarmoqning “qarmogʻi”dan ehtiyot boʻling

Terrorizm va ekstremizm global muammoga aylangan davrda yashayapmiz. Muammoning dolzarbligi shundaki, terroristik va ekstremistik tashkilotlar yoshlarni oʻz faoliyatida ishtirok etishga jalb qilmoqda. Ayniqsa, voyaga yetmaganlarning radikal diniy gʻoyalar domiga tushib qolayotgani oʻta tashvishlidir.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan qoʻshma konferensiyasi ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlab oʻtganidek, “...afsuski, geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, yetakchi davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch taqchilligi, global xavfsizlik institutlari rolining pasayishi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashishda ochiq hamda samarali xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda”.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “...shu bilan birga, kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal gʻoyalarni targʻib etish boʻyicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora koʻp amalga oshirilmoqda. Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari «onlayn manqurtlashtirish” qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda».
Shu bois qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va MDH Aksilterror markazi faoliyati doirasida bunday xavf-xatar hamda tahdidlarni bartaraf etish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish boʻyicha xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshma amaliy chora-tadbirlarni oʻtkazish eng muhim vazifalar hisoblanadi.
Deyarli har kuni dunyoning u yoki bu mamlakatida qurolli hujumlar uyushtirilgani haqida xabarlar tarqaladi. Ularning hammasi agressiv harakatlarga moyil boʻlgan oʻsmirlar tomonidan sodir etilmoqda. Bundan xulosa qilish mumkinki, maʼnaviy va umuminsoniy qadriyatlarga notoʻgʻri qarashda boʻlgan oʻsmirlar manipulyatorlarning oʻljasiga aylanib qolmoqda. Bilamiz, yoshlar shuhratga oʻch boʻladi. Yoshlarning mana shu qiziqqonligi koʻpincha internetdagi ijtimoiy tarmoqlar va forumlar orqali amalga oshiriladigan taqiqlangan tashkilotlarga ogʻish uchun asos boʻladi. Shu bois ham taʼlim dargohlarida terrorizm va ekstremizmning oldini olish gʻoyat dolzarb masaladir.
Ekstremistlar safiga yoshlar jalb qilinishining oldini olish maqsadida bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borish zarur. Mutaxassislarning fikricha, ota-ona eʼtiboridan mahrum boʻlgan va oʻzlariga nisbatan jamiyatning befarqligidan “gʻazablangan” oʻsmirlar jinoyatchilar, jumladan, terrorchilar va ekstremistlar safiga qoʻshiladi. Yoshlarning “oʻtish davri” 14 dan 22 yoshgacha boʻlib, bu pallada oʻsmirlarda adolat tuygʻusi kuchayadi. Ular hayotning maʼnosini izlay boshlaydilar, oʻzlarining “Men”larini topish istagida boʻladi. Ular ruhan yaqin odamlar doirasini shakllantirishga harakat qiladi. Bu davrda oʻspirin beqaror psixikaga ega boʻlgani tufayli har qanday taklif va manipulyatsiyaga osonlikcha tushib qoladi. Ekstremistlar mana shundan foydalanib yoshlarni oʻz saflariga jalb etadi.
Bugungi kunda yoshlar mavjud qonunlarni bilmasliklari, jamiyat qoidalariga amal qilmasligi oqibatida noqonuniy xarakterdagi norasmiy uyushmalarga aʼzo boʻlib qolmoqda. Ekstremistik tashkilotlarning xavf-xatarlari toʻgʻrisida yoshlar xabardorligini kuchaytirish, ekstremizm va terrorizmning oldini olish uchun taʼlim jarayonida bir qator ishlarni amalga oshirish zarur. Taʼlim dargohlariga huquqni muhofaza etish organlari xodimlari taklif qilinib, ota-onalar va bolalarning ekstremistik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini tushuntiradigan tadbirlar oʻtkazib turish maqsadga muvofiq. Oʻsmirlarga bagʻrikenglik, toqatlilik hislarini singdirish kerak. Shu tariqa bolalar millati, dini, irqi, jinsidan qatʼi nazar, har bir insonning qadr-qimmatini hurmat qilishga oʻrgatiladi.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun nafaqat farzandlar, balki ota-onalar ham mazkur illatlarning jinoiy mohiyatini bilishi va tushunishi kerak.
Ekstremistik faoliyat uchun fuqarolar har bir davlat qonunlariga koʻra jinoiy, maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Terror harakatlari, asosan, bilimi past, tarix va madaniyatga notoʻgʻri qarash bilan ajralib turadigan yoshlar tomonidan sodir etilayotganini koʻrib turibmiz. Ekstremist va terror tashkilotlari oʻz saflariga oʻsmirlarni internet orqali jalb qilayotgani va yollayotgani sir emas. Buning sababi oddiy: auditoriyaga oson kiriladi, anonim aloqa oson taʼminlanadi, maʼlumot dunyo boʻylab tarqaladi, axborot yuqori tezlikda uzatiladi, internetdan foydalanish arzon va qulay, multimedia imkoniyatlari cheksiz.
Odatda yollovchilar, taʼbir joiz boʻlsa, ilon yogʻini yalagan odamlar boʻlib, ular buning uchun maxsus oʻqitilgan. Yoshlarni jalb qilish uchun moʻljallangan terroristik tashkilotlar malakali mutaxassislar, malakali psixologlar tarmogʻiga ega. Ular potensial nomzod bilan aloqa paytida (avvaliga virtual, soʻng yuzma-yuz) uning zaif tomonlarini oʻrganadi. Demak, global tarmoqning yaxshi tomonlari bilan bir qatorda salbiy tomonlari ham borligini unutmaslik darkor. Shu sababli, yoshlar imkon qadar internetda ekstremistlarning taʼsir doirasiga tushib qolmaslikka harakat qilishi kerak boʻladi. Buning uchun shubhali guruhlarga qoʻshilish kerak emas. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va forumlarda ishonuvchan boʻlish tavsiya etilmaydi. Yangi doʻst tanlashda ehtiyot va sergak boʻlish kerak. Har qanday vaʼdalarga ishonib ketaverish ham yaxshilikdan dalolat emas. Har bir insonning bu dunyoda ezgu maqsadi aniq boʻlishi, unga erishish yoʻllari ustida izlanishi lozim. Ana oʻshandagina, har qanday yot gʻoyalar uni maqsadidan chalgʻita olmaydi, yoʻldan adashtirmaydi.
Insoniyat uchun jiddiy global tahdid boʻlmish elektron terrorizm yadroviy, kimyoviy va bakteriologik qurollar bilan taqqoslanishi kerak boʻlgan muammo hisoblanadi. Unga va uning yangi shakllariga qarshi kurash har bir davlat xavfsizligini taʼminlashning asosiy tarkibiy qismidir.
Oʻzbekistonning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiyasi keng qamrovli, inklyuziv va tizimli yondashuvga asoslangan boʻlib, profilaktik va preventiv choralarni qoʻllash hamda vaqtida amaliy javob qaytarishni oʻzida mujassam etadi. Jamiyatda hamjihatlik muhitini mustahkamlash va ochiq muloqotni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlarini yaratish va aholining ishonchli ijtimoiy himoyasini taʼminlash bu boradagi ustuvor yoʻnalishlar hisoblanadi.
Yaxshi bilamizki, farzandlarimiz — kelajagimiz. Nazorat, eʼtibor ozgina susaysa, murgʻak qalblar oʻzgalar taʼsiriga tushib qolishi mumkin. Shunday ekan, har bir ota-ona farzandi uchun vaqt ajratishni, ular bilan qiziqishlari borasida suhbatlashib turishni aslo kanda qilmasligi shart. Zero, yoshlar ong-u qalbini asrash — kelajakni asrash demakdir.
Sharofiddin TOʻLAGANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Aziz Toshpoʻlatov Ichki ishlar vaziri boʻldi
- IIV sobiq rahbari Poʻlat Bobojonov yangi lavozimga tayinlandi
- Navoiyda 8-sinf oʻquvchisi farzandli boʻldi
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- “Tilimizga befarq boʻlmang!” Atamalar komissiyasi 30 ta xorijiy soʻz uchun oʻzbekcha muqobil taklif qildi
- Energetika vazirligiga ijtimoiy meʼyorlar muddatini oʻzgartirish vakolati berildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring