Gilamlar jilosi

11:52 20 Oktyabr 2025 Jamiyat
127 0

Xorazm viloyatidagi “Arda Xiva” xalqaro turizm markazida ikki kun davom etgan “Gilamlar jilosi” xalqaro koʻrgazma-festivali yakuniga yetdi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan hamda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, va Afgʻonistondan tashrif buyurgan gilamdoʻz hunarmandlar, dizaynerlar va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Festival doirasida “Oʻzbekiston gilamdoʻzligi: anʼana va innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanda gilamdoʻzlik sanʼati anʼanalarini avloddan avlodga yetkazish, rivojlantirish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

— “Gilamlar jilosi” koʻrgazmasi bu oddiy tadbir emas, — deydi Oʻzbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Marifli. — Bu turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va xalq hunarmandchiligining yorqin namoyishi, uning xalqaro darajadagi bayramidir. Mazkur festival qardosh xalqlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Koʻrgazma doirasida gilam toʻqishning jonli namoyishlari, mahorat darslari, etno-dizaynerlar taqdimoti va hunarmandchilik mahsulotlari savdosi kabi koʻplab tadbirlar tashkil qilindi. Anʼanaviy naqshlar, tabiiy boʻyoqlar va qoʻlda yaratilgan durdona asarlar koʻrgazma tomoshabinlariga oʻziga xos madaniy merosni his qilish imkonini berdi.

Festival yakunida “Eng yaxshi gilamdoʻz” nominatsiyasi boʻyicha Madraxim Matkarimov (Oʻzbekiston), “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi boʻyicha Afasadiq Sulaymonov (Ozarbayjon), “Qadimiy gilamchilik turini tiklagan usta” nominatsiyasi boʻyicha Ilhom Davletov (Oʻzbekiston) gʻolib boʻldi. “Oʻzbekistonda gilamdoʻzlik sanʼatiga qoʻshgan munosib hissasi uchun“ sovrini Ibrohim Sultonovga topshirildi.

— Prezidentimizning milliy hunarmandchilik rivojiga qaratayotgan yuksak eʼtibori va ragʻbati tufayli gilamdoʻzlik sanʼati ham qayta tiklanmoqda, — deydi festivalning “Eng yaxshi gilamdoʻz” nominatsiyasi gʻolibi Madraxim Matkarimov. — “Gilamlar jilosi” koʻrgazma-festivali esa barchamiz uchun ilhom manbai, tajriba almashish maydoni boʻlib, yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga imkoniyat yaratdi. Shu bilan bir qatorda ushbu tadbir qadimiy va navqiron Xivaning turizm salohiyatini keng targʻib qilishga xizmat qiladi.

Festival yakunida gʻoliblar munosib taqdirlandi. Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil qilindi.

Odilbek ODAMBOYEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?