Gid–hamrohning soni emas, sozi kerak

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Mehnat faxriylaridan birining eʼtiborini qadimiy Ark qalʼasi oldida xorijiy sayyohlarga gid – hamrohlik qilayotgan yigitchaning soʻzlari oʻziga tortdi. U rusiyzabon mehmonning “Bu qalʼaning yoshi nechada?” degan savoliga hech ikkilanmay “Qalʼa XVII asrda barpo qilingan” deya javob bersa boʻladimi?
Bu kichik bir voqeaning davomini keyinga suraylik-da yurtimiz, jumladan Buxoroga sayyohlarning qiziqishi nechogʻli oshib borayotgani haqida qisqacha toʻxtalaylik. Oʻtgan yilda viloyatga 1 million 745 ming 200 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2023-yildagiga nisbatan salkam 400 ming nafarga koʻp. 74 ta yangi joylashtirish vositasi yaʼni mehmonxona, xostel, oilaviy mehmon uylari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu koʻrsatgich 2023-yildagiga nisbatan 111,6 foizga oshgan. Shu bilan birga respublikamiz hududlaridan 4 million 10 ming nafar kishi Buxoroga sayyoh sifatida keldi. Vaholanki, 2023-yilda mahalliy turistlar soni 3 million 490 ming nafarni tashkil etgandi.
Bu raqamlarni keltirishimiz bejiz emas. Turizm rivojlangan sari yangi ish oʻrinlari yuzaga kelmoqda. Soha iqtisodiyotning muhim boʻgʻiniga aylanib boryapti. Deylik, oʻtgan yilda viloyatda xorijiy sayyohlarga koʻrsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti 436,3 million AQSH dollariga yetkazildi. Turizm va unga yondosh sohalarda 71 ming nafardan ziyod aholi bandligi taʼminlandi. Eʼtiborlisi, joriy yilning yanvar – aprel oylari oraligʻida 3 917 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Natijada bugungi kunda sayyohlik va unga yondosh tarmoqlarda ishlayotganlar soni 77 ming nafardan oshdi. Ular qatorida gid–hamrohlar ham bor, albatta. Gap shundaki, sayyohlar oqimi koʻpaygan sayin gid–hamrohlarga ham ehtiyoj oshgani kuzatilyapti.
Viloyatda bunday kadrlarni tayyorlash bilan “Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Buxoro viloyat markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “MAROSIM TRAVEL” MCHJ qoshidagi “Safari master” markazi shugʻullanmoqda. Chunonchi, viloyat turizm boshqarmasi maʼlumotlariga qaraganda, “MAROSIM TRAVEL” MCHJning maxsus oʻquv dasturlari asosida 6 oylik oʻquv kursini tamomlagan 35 nafar gid-ekskursovodga 2025-yilning 21-fevral kuni “Ekskursiya xizmatlarini tashkil etish” diplomlari topshirildi. Natijada viloyatda faoliyat yuritayotgan gid-ekskursovodlar soni 385 nafarga yetdi.
— Bizda boʻlgʻusi gid–hamrohlar shartnoma asosida 6 oy muddatga oʻqitiladi, — deydi “Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Buxoro viloyat markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sobirjon Roʻziyev. — Shundan soʻng ularga tegishli diplom beriladi. Yorliq esa Turizm qoʻmitasi qoshidagi turizmni rivojlantirish institutidan uch yil muddatga olinadi.
Suhbatdoshimizning bildirishicha, talabgorlarga ilgari oliy maʼlumotli boʻlish sharti qoʻyilgan. Hozir texnikumlarni tugatgan kadrlarni ham qayta tayyorlashga ruxsat berilgan.
— Gid–hamroh shunchaki tarjimon emas, u — yetakchi, — davom etadi S. Roʻziyev. — Bu kasb egasi boshqa millat vakillariga xalqimizning boy tarixi, madaniyati, urf-odatlarini tanishtiradi. Shundan kelib chiqib, aqli raso, sogʻlom, madaniyatli kishilarni qayta tayyorlovga qabul qilamiz. Gid–hamrohlarga ayrim tavsiyalarimiz ham bor. Ular ish faoliyatlarida faqat “Buyuk Ipak yoʻli” bilan bogʻlanib qolmasliklari zarur. Ijodiy yondashuv kerak. Deylik, qadimiy obidalardagi koshinlar mazmun-mohiyatini bilishsa aslo ziyon qilmaydi. Gastronomik yoʻnalishda masalan, buxorocha sofi oshni tayyorlash jarayonini koʻrsatib berish ham xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotadi. Chunki turist oʻzining uyida yoʻq narsani koʻrmoq, qadimiy shaharlarimizdan bahra olmoq uchun yurtimizga keladi. Agar gid–hamroh ishga ijodiy yondashsa odatdagidan ikki-uch hissa koʻp maosh ishlab topadi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gulchehra Hamidova katta tajribaga ega gid–ekskursavod sanaladi. Oʻz vazifasiga sidqidildan yondashib ishlayotgan, koʻplab yoshlarning ustozi sanalgan bu yurtdoshimizning yosh hamkasblariga yoʻl-yoʻriq, maslahat, zarurat tugʻilganida dakki berishga maʼnaviy haqqi bor.
— Gid — hamroh kadrlarni qayta tayyorlayotgan markaz tashabbuskorlariga rahmat, — deydi u. — Lekin fikrimcha, bu sohaga nuqul pul ishlab topish vositasi sifatida qaramaslik zarur. Asl kasbi oshpaz yoki haydovchi boʻlgan kishilarning ham gid–hamrohlik qilayotganini koʻrib turibmiz. Gid–hamroh avvalo bu – el–yurtning yuzi. U ona–yurtini sevadigan, bilimli, dunyoqarashi keng, oʻz ustida ishlaydigan, kasbiga masʼuliyat bilan yondashadigan madaniyatli kishi boʻlishi maqsadga muvofiq. Buni alohida taʼkidlashimning boisi bor. Xorijiy sayyohlarga qoʻlida tamaki tutgan holda hamrohlik qilayotganlarni ham, agrosanoatdan soʻz ochilganida “kolxoz”, “sovxoz” deya allaqachon oʻtmishda qolgan tuzilmalarni tilga olayotganlarni ham onda-sonda boʻlsada uchratyapmiz. Demoqchimanki, gid-ekskursavodlarning soni emas, sozi kerak.
Qolaversa, respublikamizning turli hududlaridan kelib turistlarga hamrohlik qilayotgan gidlar bor. Ularning Buxoro tarixi, madaniyati, etnografiyasi, ziyorat odobi, mahalliy urf-odatlarga oid bilimi, tushunchasi qay darajada? Boshqa hududlardan kelayotgan gidlarning malakasini oshirish haqida kim oʻylaydi? Bu masalaga ham jiddiy yondashish mavridi keldi.
Darhaqiqat, hamrohlik qilayotgan kishining bilimi, muomalasi, didi, oʻzini tutishiga qarab xorijiy sayyohda yurtimiz haqidagi dastlabki tasavvur yuzaga keladi. Oʻzbekiston, Buxoro, Samarqand, Toshkent deyilganida beixtiyor uning koʻz oʻngida avvalo gid — hamroh gavdalanadi. Shukrki, shu masʼuliyatni his etib ishlayotgan soha vakillari koʻp.
— Bizga Feruz ismli yurtdoshingiz gid tarjimonlik qilmoqda, — deydi qozogʻistonlik mehmonlardan biri Yenglik Serjanova. — Juda bilimli ekan. Buxoro tarixi bilan bogʻliq voqealarni taʼsirchan soʻzlar bilan hikoya qilib bermoqda. Menda u tarix, madaniyatga daxldor hamma narsani biladigan kishi sifatida taassurot qoldirdi.
Viloyat turizm boshqarmasi maʼlumotiga qaraganda, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi gidlar uyushmasining viloyat boʻlinmasi tashkil etildi. Asosiy maqsad gid-ekskursovodlar uchun doimiy muloqot, tajriba almashish hamda tajribali va yosh gid-ekskursovodlar oʻrtasida “ustoz-shogird muloqoti” maydonchasini yaratishdan iboratdir. Oʻylaymizki, boʻlinma yuqorida tilga olingan masalalar bilan jiddiy shugʻullanadi.
Endi maqolamiz boshida tilga olganimiz – xijolatomuz holat haqida. Tarixdan yaxshi xabardor mehnat faxriysi darhol gid–hamrohning xatosini tuzatib, Ark qoʻrgʻonining barpo etilgan davri arxeologlar xulosasiga koʻra, miloddan avvalgi IV asrga borib taqalishini aytdi. Shunda gidlik qilayotgan yigitcha “Xuddi shunday. Ark juda boy tarixga ega”, degancha vaziyatdan chiqib ketdi. Lekin uning boshqa bir tarixiy obida toʻgʻrisida ham shunday xato maʼlumot taqdim etmasligiga kim kafolat beradi?
Ha, bizga endilikda el-yurtning yuz-koʻzi sanalgan gid–hamroh kadrlarning soni emas, sifatlisi, xalqona til bilan aytganda, sozi kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring