Germaniyalik ishbilarmonlar amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishmoqchi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi muvaffaqiyatli yakunlandi. Ikkala doʻst davlat manfaatiga xizmat qiladigan bir qator bitim va kelishuvlarga erishildi. Eng muhimi esa Oʻzbekistonning Yevropa davlatlari bilan teng huquqli sheriklik munosabatlari yuqori bosqichga koʻtarilib borayotgani bu tashrif davomida yanada yaqqol namoyon boʻldi.
Germaniya kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan Prezidentimizning uchrashuvi mamlakatimiz iqtisodiy hayotida yangi yorqin sahifa ochdi, desak sira mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Chunki Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi, Germaniya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW Bank”, “Deutsche Bank” kabi oʻttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi. Bu albatta, mazkur davlat ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatmoqda.
Davlatimiz rahbari Germaniya bilan munosabatlarda yuksak ishonch va oʻzaro hurmat qaror topganini alohida qayd etib, yurtimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilganini bildirdi.
Albatta, oxirgi yillarning oʻzida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qoʻshma korxonalar soni ikki barobarga koʻpaydi. Oʻzbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Oʻzbekiston jahon iqtisodiyotidagi keng koʻlamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon boʻlib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi, davlat halol raqobat va sud tizimi mustaqilligi uchun sharoit yaratishiga oid qoidalar aniq mustahkamlab qoʻyildi. Endilikda investorlarning huquqlari taʼminlanishi va ularning sudda himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanadi. Bundan buyon tadbirkorlar emas, davlat idoralari oʻz qarorlarining qonuniyligini isbotlaydi. Shuningdek, yuzaga keladigan har qanday noaniqliklar investorlar foydasiga hal etiladi.
Davlatimiz yetakchisi soʻzidan iqtibos keltiradigan boʻlsak, xorijiy investor Oʻzbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni koʻz oldiga keltirishi lozim. Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda oʻzini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilgʻor ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarni Oʻzbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz.
Yana shuni qoʻshimcha qilish mumkinki, Germaniya biz uchun juda yaqin hamkor. Chunki bu hamkorlik uzoq tarixga borib taqaladi. Ota-bobolarimiz farzandlarini ilmli qilish uchun Germaniyaga yuborgani, u yerda taʼlim olgan oʻgʻil-qizlarimizning yurtimiz taraqqiyotiga hissasi katta boʻlganini yaxshi bilamiz.
Umuman olganda, Oʻzbekistonning Germaniya bilan hamkorligi ikkala mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi. Ayniqsa, rivojlanish boʻsagʻasida turgan Oʻzbekiston uchun rivojlangan mamlakat bilan strategik sheriklik juda katta iqtisodiy samara beradi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining Germaniyaga rasmiy tashrifi mamlakatimiz hayotida yangi istiqbollarni ochadi.
Mavluda Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring