Gajdumakda ham yer osti yoʻli quriladimi?

16:34 07 Mart 2023 Jamiyat
783 0

Foto: Xalq so‘zi

Bundan bir necha oʻn yil muqaddam Buxoroda ikkita yer osti yoʻli barpo qilingan edi. Biri viloyat markazining aholi tilida «Vokzal» deb ataluvchi qismida, ikkinchisi esa Buxoro tumani markazi Galaosiyoda. Ammo vaqt oʻtishi bilan bu ikki inshoot qarovsizlik, eʼtiborsizlik balosiga giriftor boʻldi. Ulardan foydalanmay qoʻya qolishdi.

Lekin davr oʻzgara bordi. Aholi soni koʻpaydi. Avtotransport oqimi kuchaydi. Yoʻllar tirband. Yoʻlovchilar xavfsizligi dolzarb boʻlib qoldi. Shundan kelib chiqib, «Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi» avtomobil yoʻlining 264 – kilometrida, aniqrogʻi, «Karvon» buyum bozori oldida yer osti yoʻli qurishga qaror qilindi. Bu yumush poyoniga yetar – yetmas mazkur avtomobil yoʻlining 262- kilometrida ham shunday inshoot barpo etishga kirishildi. Namunaviy loyihadagi va koʻp qavatli uylar qad rostlagan Rabotak aholi punktida yashovchilar uchun bu ayni muddao boʻldi. Chunki hududda yashovchi oʻgʻil-qizlar tahsil olayotgan maktab serqatnov yoʻlning narigi tomonida joylashgan. Uzunligi 34 metrni, eni 4 metrni tashkil etuvchi yer osti oʻtish yoʻlining ishga tushirilishi ular hamda yoʻlovchilarning oʻz manzillariga bexavotir yetib olishlariga imkon yaratadi.

— Viloyatimizda yoʻlovchilar xavfsizligini oʻylab, shunday inshootlar barpo qilinayotganidan xursandmiz, albatta,— deydi Gʻijduvon tumanidagi «Oqgul» mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Qayum Zaripov. — Negaki, bu koʻplab koʻngilsiz hodisalarning oldini oladi. Mana, biz yashayotgan Gajdumakni olib qarang. «Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi» avtomobil yoʻli yoqasida joylashgan qishlogʻimizda aholi juda tigʻiz yashaydi. Ikkita maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, xususiy oʻquv markazlari, koʻplab savdo shoxobchalari, oshxonalar va boshqa infratuzilma obyektlari bor. Bolalarimiz katta va serqatnov yoʻlni kesib oʻtib, maktabga qatnashadi. Aholining koʻp qismi shu yoʻl orqali tuman markazi yoki Buxoro shahriga borib keladi. Shularni inobatga olgan holda Gajdumakda ham yer osti oʻtish yoʻli qurilsa, yaxshi boʻlur edi.

Chindan ham Gajdumak va yon – atrofdagi qishloqlarda oʻn mingdan ziyod aholi yashaydi. Magistral yoʻlda esa avtomobillar tirband. Toʻgʻri, aholi punktidan oʻtish qismida tezlikni pasaytirish yoʻl belgilari va hatto svetafor ham oʻrnatilgan. Biroq gajdumakliklar taʼkidlaganidek, yer osti oʻtish yoʻli xavfsiz va har tomonlama qulay. Ularning bu takliflari mutasaddilar tomonidan eʼtiborsiz qoldirilmaydi, degan umiddamiz.

Istam IBROHIMOV,  «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер