Gazeta oʻqilmaydi, deganlar adashadi

11:21 10 Dekabr 2024 Jamiyat
436 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Qizlarini uzatib, oʻgʻillarini uylantirgan, muborak Haj amallarini bajarib, bugungi kunda turmush oʻrtogʻi Fotima aya bilan keksalik gashtini surayotgan Rajab ota Suphonov Romitan tuman gazetasi bosh muharriri Maxfirat Atoyevaning huzuriga kelib, nafaqadan jamgʻargan puliga bir guruh mahalladoshlarini obuna qilish istagini bildirdi.

— Ochigʻi, bunday holatga birinchi bor duch kelishim, — deydi hamkasbimiz. — Shu boisdan boʻlsa kerak, allanechuk boʻlib ketdim. Qorachigʻim yoshga toʻldi. ”Odamlarni gazetaga qaytarish kerak”, deya taʼkidladi otaxon. Soʻng esa “Bir parcha telefon katta-yu kichikni sehrlab olganday oʻz domiga tortdi. Farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy taʼsir etmoqda. Vaholanki, kitob, gazeta-jurnal mutolaa qilgan oiladan yomonlik chiqmaydi”, deya alohida taʼkidladi.

Otaxon haq. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatayotganlar yaxshi bilishadi. Ularda oʻqib-oʻrganishga arzigulik maʼlumotlar bilan bir qatorda uydirma gaplar, yolgʻon xabarlar, yoshlarni chalgʻituvchi axborotlar, milliy qadriyatlarimizga, odob-axloqqa zid allanimabalolar istalgancha topiladi.

— Axborot maydoni dengizday chayqalib turgan ana shunday kezlarda, nazarimda, gazetalarning oʻrni, ahamiyati juda bilinyapti, — deydi Buxoro davlat pedagogika instituti katta oʻqituvchisi Shuhrat Ismatov. — Chunki barchamiz isteʼmolchi sifatida har tomonlama asosli, xolis axborotga ehtiyoj sezamiz.Oldi-qochdi xabarlar, mazmunsiz matnlar urchib ketgan bir paytda gazetalar biz uchun oʻziga xos ihota vazifasini oʻtaydi. Negaki, ular jamiyatimizda yuz berayotgan oʻzgarishlar, islohotlar mazmun-mohiyati haqida asoslangan maʼlumotlar berishadi. Qolaversa, bosma nashr bu oʻz nomi bilan bosma nashrdir. Unda tarix muhrlanadi. Shaxsan men talabalarga saboq berish jarayonida “Xalq soʻzi”, “Buxoronoma” kabi gazetalarning bundan oʻn-oʻn besh yil muqaddam eʼlon qilingan maqolalaridan ham foydalanaman. Shulardan kelib chiqqan holda, muassislar tuman, viloyat, respublika gazetalarini qoʻllab-quvvatlashsa ayni muddao boʻlardi.

Jonkuyar oʻqituvchining fikrlari oʻrinli. Sir emas, hozirgi kunda gazetalarning moddiy ahvoli maqtagulik emas. Bu bir jihatdan obuna masalasiga borib taqaladi. Buxoro, Peshku tuman gazetalari anchadan buyon chop etilmayapti. Adadi atigi 500 – 600 nusxa boʻlgan nashrlar, oyiga bir marta chiqib turgan gazetalar bor. Butun boshli qishloq, mahallaga, korxona-yu tashkilotga loaqal bir nusxa gazeta kirib bormayotgani ayniqsa, afsuslanarlidir.

Viloyat va tuman gazetalarining muassislari-chi? Shu savolni oʻrtaga qoʻyarkanmiz, beixtiyor chekka bir tuman gazetasi muharriri sanalgan hamkasbimizning “Bizning hokim gazeta oʻqimaydi”, degan soʻzlari yodimizga tushadi.

Nazarimizda, matbuot kuch-qudratini yaxshi anglagan har qanday katta-kichik rahbar gazeta oʻqishni kanda qilmaydi. Bundan u yutadi-ku yutqazmaydi...

Yana “Romitannoma” gazetasi muharriri Maxfirat Atoyevaga qaytamiz.

— Tumanimizda gazetani qadrlaydigan, qoʻllab-quvvatlaydigan, uni hammaslak, fikrdosh deb biladigan kishilar koʻp, — deydi u. — Bunday insonlarni koʻz oldimdan oʻtkazar ekanmiz, kuchimizga kuch, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshiladi. Oʻqimishli, tahliliy materiallar qogʻozga tushadi. Shunday ekan, “Gazeta oʻqilmaydi” deganlar adashadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?