Futbol toza boʻlishi uchun hamma soha toza boʻlishi kerak — PFL direktori

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxoʻjayev Sputnik manbasiga bergan intervyusida mamlakat futbolidagi muammolar va ushbu sport turi kelajagi, Oʻzbekistonda “yangi Messilar” qachon yetishishi va “toʻymas oʻyinchilar” haqida oʻz fikrlarini ochiq bayon etdi.
Nega PFLga tayinlangani haqida…
— Professional futbol ligasida faoliyat yuritayotganimga 2 yil boʻldi. Ishga Omon Gʻofurov qabul qilgan. Keyin faoliyatimni Davron Shoqurbonov bilan davom ettirdim. Shu ikki yillik ish davomida PFLning barcha ikir-chikirlarini oʻrgandim. Oʻzbek futboli muammolari haqida yetarlicha tasavvurga egaman. Deylik, translyatsiyalar masalasi menga begona emas. Chunki boshida televideniye sohasida ishlaganman, Sport telekanalida faoliyat olib borganman.
Bolalar futbolini rivojlantirish, futbol moddiy-texnik bazasini yaxshilash haqida har doim chiqish qilganman, ayrimlarga yoqmayman ham, ammo bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiasining rahbari xabar topgach, yosh boʻlishimga qaramay, ushbu lavozimni ishonib topshirishdi. Men hozirda shu ishonchni oqlash harakatidaman.
Ulkan rejalar: legionerlar, bolalar futboli va qimmat “yulduzlar” haqida
— Professional futbol ligasi rahbari sifatida bir qancha rejalarim bor.
Birinchidan: Oʻzbekiston PFL faoliyatini bir oz isloh qilib, sekin-asta Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasidan mustaqil tashkilotga aylantirish niyatidaman. Sababi tashkil etilganidan buyon FAga qaram tashkilotmiz. Bu holatning jahon tajribasidan kelib chiqqani ham notoʻgʻri.
Futboli rivojlangan Angliya, Ispaniya, Italiyada doimo Futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol liga oʻrtasida raqobat boʻlgan. Bugun biz ham shunga erishishimiz lozim. Yaʼni PFLni oʻzi mustaqil pul topadigan tashkilotga aylantirishimiz kerak va hozir shu ustida ish olib boryapmiz.
Ikkinchidan: Mana 2020-yilga qadam qoʻydik, lekin Oʻzbekiston futboli shu kungacha klublardan pul oladi.
Klublar bizda ishtiroki uchun badal puli toʻlaydi.
Shu holatni bosqichma-bosqich yoʻqotish tarafdoriman. Yaʼni badal pullariga qaramasdan, tijorat tashkiloti sifatida pul ishlab, translyatsiyalarni sotish evaziga, homiylar bilan shartnomalar tuzish evaziga shu narsaga erishmoqchiman. Uch yil vaqtim ketadimi — toʻrt yil vaqtim ketadimi, nasib qilsa, yaqin kelajakda klublardan pul olmaydigan, aksincha, ularga pul beradigan tashkilotga aylantiraman.
Uchinchidan: hozirda bizda futbol sohasiga juda katta mablagʻlar sarflayotgandek tuyulsa-da, aslida bu pullar Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar, BAA, Eron, Avstraliya sarflayotgan mablagʻlarga yetib bormaydi baribir. Aytmoqchimanki, koʻrpamizga qarab oyoq uzatishimiz kerak-da. Shu kungacha milliard-milliard pul sarfladik, shuncha futbolchilarga maosh, koʻtarma puli berdik… Lekin na jahon chempionatiga chiqa oldik, na bir futbolchilarimiz kuchli beshlikkacha yetib bora oldi!
Shuning uchun birinchi galda futbol infratuzilmasi va akademiyalarini yaxshilash ustida ishlashimiz kerak. Bundan keyin reglamentga amal qilib boʻlsa ham shu uchun ishlayman.
Yaʼni oʻsishdan toʻxtagan, faqat shu katta pulga oʻynaydigan, aslida esa oʻyinga, futbolga hech ham foydasi tegmaydigan futbolchilar shaxsan menga uncha qiziqmas. Undan koʻra, tajribasi kam boʻlsa ham, koʻproq yuguradigan, oʻzini ustida ishlashdan toʻxtamagan, hali salohiyati bor boʻlgan, kamroq haq evaziga oʻynaydigan yigitlarni oʻynatib, ortgan pulni futbol infratuzilmasini yaxshilashga sarflashni afzal deb bilaman.
11 nafar mashhur futbolchini olib keldi, million-million pul toʻladi, lekin “polya”sida oʻt oʻsib yotadi, bunaqa boʻlishi kerak emas! Oldin infratuzilmasini toʻgʻirlasin, bolalar futbolini rivojlantirsin, ana undan keyin unga legioner futbolchi olish yarashadi. Undan keyin unga Dubayga borib yigʻin oʻtkazish yarashadi…
Bizlarda shunchaki hamma jamoa yil boshida Dubayga boradi, yuz ming dollar sarflab, katta-katta koʻtarma pullarni beradi futbolchilarga, lekin 10 ming dollarga oʻtni oʻradigan “kosilka” olmaydi. Yoki iyul oyida maydonni yoritadigan projektorga pul tikmaydi. Nima uchun?
Davlat korxonalari oʻsha pulni nima uchun beryapti? Hammasida nazorat boʻlishi kerak. Bizlar klublar ishiga burnimizni tiqmaymiz, lekin reglament orqali ularni ishlash faoliyatini baribir nazorat qilamiz. Shu paytgacha davlat klublarga pul bergan, ammo ulardan hisob talab qilmagan.
Klublar ham bu pullarni oʻzi ishlab topmayaptimi modomiki, kimdir oldida hisobdor boʻlishi kerak ular.
Men oʻzim ham xuddi shunday ishlash tarafdoriman. 2021-yilda agar shu yerda ishlab tursam, yil boshida rejalarim haqida konferensiya tashkil qilib, jurnalistlarga hisob beraman va yil oxirida xuddi shunday konferensiya chaqirib oʻsha rejalarim boʻyicha hisobot topshiraman.
Yaʼni necha pul topdim, qaysi pulni qayerga yoʻnaltirdim, qaysi klub bilan qayerda ishladim, qaysi klubni nima uchun chetlashtirdimu, qaysi klubni nega musobaqaga qoʻshdim — bu kabi savollarga javob beraman.
Koronavirus bizlarga koʻp narsa oʻrgatdi: pandemiyaning futbolga taʼsiri haqida
— Koronavirus pandemiyasi futbolni toʻxtatib qoʻyganligini aytmasa, juda katta talafot keltirgani yoʻq. Asosan, muxlislardan yaxshi pul ishlaydigan futbol klublar yutqazdi. Aytaylik, “Navbahor”ning har bitta oʻyiniga 15 mingdan kam muxlis kelmasdi. “Nasaf” ham yaxshi kelishuvlarga erishgandi, har bitta oʻyiniga keladigan muxlislardan puli bor edi…
Lekin shaxsan men shu masalaga ozgina pozitiv nuqtayi nazardan yondashmoqchiman: koronavirus bizlarga koʻp narsa oʻrgatdi.
Yaʼni mundoq olib qaralganda, muxlislarsiz futbolni koʻrsangiz, “Paxtakor” bilan “Lokomotiv” yoki boshqa Yevropa jamoasi oʻyini oʻrtasida juda katta farq boʻlayotgani yoʻq hozir.
Tashkilotchilik jihatdan orqadaligimiz ayon boʻldi, xolos. Aslida bu bizlar ham ozgina harakat qilsak, oʻshalarni oʻyiniga chiqishimiz mumkinligini koʻrsatdi.
Koʻpchilik futbolni sogʻindi, futbolga tushishmoqchi va bundan bizlar pozitiv nuqtayi nazarda chiqib ketishga harakat qilishimiz kerak.
Hozirda musobaqalarni boshlab oldik, harakat qilyapmiz muxlislarni qaytarishga. Sababi muxlislarsiz futbol — guruchsiz oshga oʻxshab qolarkan...
Nega oʻzbek futboliga ishonishmaydi?
— Oʻzbekistonda juda koʻp sohalarni tanqid qilishadi, lekin aynan futbol sohasiga toʻxtaladigan boʻlsam, odamlarni fikriga qarab ish qilish toʻgʻri emas. Rossiyada ham, Angliyada ham, Ispaniyada ham, hammayoqda xuddi shunaqa soʻkish, xuddi shunday qizgʻin muhokamalar bor va bu normal holat. Bizlar shunchaki oʻzimizga oʻzimiz savol berishimiz kerak “nima qila oldigu, nima qilmoqchimiz, rejamiz qanday degan”.
Futbol korrupsiyalashib ketgan degan gaplarga javoban nima deyish mumkin? Bu sohani bir zumda tozalash mumkin emas, albatta. Futbol toza boʻlishi uchun hamma soha toza boʻlishi kerak. Hamma sohadan sekin-sekin korrupsiyani tozalash kerak, hamma sohaga ishonchni qaytarish kerak.
Futbol mutaxassisi sifatida aytamanki, futbolda oxirgi qilayotgan ishlarimiz oldingi yillar bilan solishtirganda, oʻsishga erishyapmiz. Bizning tibbiyotimiz Osiyoda nechanchi oʻrinda turadi bilmadimu, futbolimiz beshinchi oʻrinda turishini bilaman. Sanʼatkorlarimiz nechanchi oʻrinda turishini bilmadimu, futbolimiz beshinchi oʻrindaligini bilaman.
Bizlarda salohiyatli yoshlar bor, imkoniyatimiz bor, shunchaki berilayotgan pullarni korrupsiyaga yoʻq qilmasdan, toʻgʻri yoʻnaltirsak — juda koʻp narsaga erishamiz.
Mintaqadagi loyiha: Markaziy Osiyo kubogi boʻlishini juda xohlayman
Markaziy Osiyo klublarini birlashtiradigan bir loyiha ustida ishlayotgandim va bu reja deyarli amalga oshgan edi ham. Ammo koronavirus sabab toʻxtab qoldi. Kelgusi yilda amalga oshiramiz nasib qilsa. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston va Turkmaniston jamoalarini birlashtiradigan Markaziy Osiyo kubogi boʻlishini juda xohlayman. Odamlar shunday narsalarni sogʻingan.
Dushanbe bilan Samarqand bir-biriga yaqin yoki Dushanbe bilan Buxoro, yoki Termiz bilan Afgʻonistonni olaylik. Oʻsha jamoalar oʻynasa juda zoʻr derbi boʻladi, juda yaxshi toʻqnashuvlar boʻladi, futbol oʻsadi, hakamlar oʻsadi, oʻzimiz oʻsamiz. Xalqlarni birlashtiradigan loyiha boʻladi. Turizm rivojlanadi, mukofot pullarini joriy qilamiz. Chunki “kommercheskiy turnirlar” tashkil qilish rejada bor. U narsani men taklif etdim, oxirigacha olib boraman, Xudo xohlasa.
Oʻzbekistonda jahon yulduzi boʻlish uchun sharoit yetarli: gap-soʻzni yigʻishtirib, oʻynash kerak, xolos.
— Oʻzbekistonda futbolchi sifatida yorib chiqish juda ham oson. Barcha sharoit mujassam. Hattoki Qoraqalpogʻistonda ham futbol maydonlari bor. Shunchaki gap-soʻzni yigʻishtirib, oʻynash kerak, xolos.
Baʼzilarga qoʻyib bersangiz, eshigining tagiga borib, goʻyo “bolam yur” deb majburlab futbolga olib borishingiz kerak. Koʻp joylarda misol keltiriladigan Braziliyaga borib koʻring, bolalar axlatxonalarda, tashlandiq, qumli joylarda futbol oʻynashadi.
Ammo shunga qaramay, bolalarning oʻzi shoshiladi maydonga, bunday bolalar futbol oʻynaydigan maydonlarni skautlarning oʻzlari oʻrab oladi.
Nima uchun “Barselona”, “Real Madrid” skautlari Braziliyaga borib yotib olgan? Chunki har bitta bolaga ozgina investitsiya kiritilsa, Yevropa chempionatlariga tayyor holatda olib ketsa boʻladi, deb qaraladi ularda.
Bizda unaqa emas. “Futbolni korrupsiya bosib ketdi, hammayoq tanish-bilish” deya jar solishadi-da, sal nariga chiqib “Diyor, meni bolamni «Bunyodkor”ga gaplashib ber» deyishadi.
Nima deyapmizu, nima qilyapmiz!?
Yoki “Tekis maydon boʻlsa, bizlar ham oʻynardik” deyishadi. Braziliyalik bolalar qumda yoki boshqa joylarda oʻynab ham jahonga chiqyapti axir.
Braziliyada erkaklar oʻta qiyin sharoitdan chiqib ketishi uchun futbolchi, ayollari yo modelyer, yo aktrisa boʻlishlari shart. Bu hayot qonuniyati-da ularda.
Bizlarda-chi? Hech qachon ochdan oʻlmaymiz, chunki mehmondoʻstmiz, qoʻshniga ovqat chiqaradigan millatmiz. Qora qozon qaynab turibdi, shukr qilib yuraveramiz. Futbolchilar ham shukr qilib yashayveradi. Aslida futbolchi noshukr boʻlishi kerak. Krishtianu Ronaldu bilan Messi hozir toʻp tepishni toʻxtatib qoʻysa, yetti avlodiga yetadi topgan puli. Ular oʻyinga toʻymayapti!
Shuning uchun aytmoqchimanki, Oʻzbekistonning istalgan hududi, qishlogʻigacha borganman. Hammasini bilaman — bolalarimizda yorib chiqish uchun sharoit yetarli.
Istalgan “oʻzbek futboli sotilgan” degan odamga Oʻzbekiston milliy terma jamoasining bugungi kundagi yulduzlari — Doston Hamdamov, Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov — qanday qiyin ahvoldagi oiladan, chekka joylardan yetishib chiqqani va bugungi kunda qancha pul topayotganliklarini misol koʻrsatishim mumkin.
Ota-onasi ularga bitta koptok olib berishga puli boʻlmagan. Lekin mana ular yulduz boʻla oldi-ku!
Braziliyadagi bolalar ham maydon tanlamayapti, yoki meni uyimdan olib chiqib ketib, futbolchi qilishsin demayapti, ular mehnat qilyapti, yuguryapti. Dunyo qarashimizni ozgina oʻzgartirishimiz kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring