Fuqarolarga ajratiladigan bank kartalari soniga cheklov kiritildi

18:04 07 Yanvar 2025 Jamiyat
267 0

Markaziy bank tomonidan 2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha amal qiladigan, bitta jismoniy shaxsga beriladigan bank kartalari sonini cheklash boʻyicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqildi. Bu haqda “Spot” nashri oʻz manbasiga tayanib xabar qilgan.

Unga koʻra, banklar tomonidan bitta fuqaroga (bitta JSHSHIRga) emissiya qilinadigan kartalar soni bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda esa 20 tagacha cheklanadi. Mazkur talab virtual va kobeydjing kartalarni ham oʻz ichiga oladi, biroq chet el valyutasida ochilgan kartalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ushbu tartib bank kartalari bilan bogʻliq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadlari bilan bogʻliq.

Fuqarolar nomiga koʻp miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, mazkur bank kartalarining bir qismidan firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangan. Aksariyat holatlarda karta egasining bundan xabari boʻlmaydi.

Taʼkidlash joiz, 2024-yilning noyabrida Markaziy bank bitta jismoniy shaxsga kartalar sonini bitta bankda 5 tagacha belgilash masalasi koʻrilayotgani haqida xabar qilgan edi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?