Fuqarolar oʻz nomiga kredit rasmiylashtirilishini taqiqlashi mumkin boʻladi

12:30 12 Dekabr 2024 Jamiyat
269 0

11-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida jismoniy shaxslar va kredit byurosi oʻrtasida ariza kiritish orqali kredit bitimini tuzishni taqiqlovchi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Majlisda deputatlar tomonidan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi firibgarlik yoʻli bilan fuqarolarning xabarisiz kreditlarni ularning nomiga rasmiylashtirish va mazkur kreditlarni oʻzlashtirish holatlarining oldini olishga, shuningdek, kredit byurolari faoliyatini tartibga solishni takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonunchilikka kiritilayotgan tegishli norma bilan kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrini joriy etish koʻzda tutilgan. Bu orqali fuqarolar ariza berish orqali ular bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlash mumkin boʻladi.

Reyestr Markaziy bank tomonidan belgilangan tartib asosida kredit byurolari tomonidan yuritiladi. Bank va nobank kredit tashkilotlariga reyestrni tekshirmasdan mijozlar bilan bitimlar tuzish taqiqlanadi.

Agar fuqaro xabardorligisiz shartnoma tuzilgan boʻlsa, bitim boʻyicha kelib chiqadigan oqibatlar uchun banklar, nobank kredit tashkilotlari yoki mikromoliya tashkilotlariga javobgarlik belgilanadi.

Kredit byurolari ustav kapitalining minimal miqdorini 2 mlrd soʻm etib belgilash taklif qilinmoqda. Qoidabuzarliklar uchun esa ularga nisbatan chora va sanksiyalar qoʻllash belgilanmoqda. Buning uchun qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuboriladi va BHMning 5 ming baravari (1,875 mlrd soʻm) miqdorda jarima undiriladi.

Shuningdek, kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki ushbu taqiqni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza Yagona portal (my.gov.uz) orqali elektron shaklda, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.

Kredit shartnomasini tuzishni taqiqlash yoki taqiqni bekor qilish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ushbu xizmatlar Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda pullik asosda koʻrsatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер