Fuqarolar faolligi referendum sifatini ta’minlaydi
Sanoqli kunlardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi barchaning faolligiga, referendum kuni ovoz beruvchilarning qabul qiladigan qaroriga bog‘liq. Chunki, mamlakatning Bosh Qonuni – Konstitusiya istiqboldagi strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu borada 2-Andijon okrug komissiyasida ham ishlar qizg‘in davom etmoqda.
Aytish joiz, referendumga yuksak tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik darajada tayyorgarlik ko‘rish, uni demokratik prinsiplarga muvofiq ochiq-oshkora, adolatli o‘tkazishni ta’minlaydi. Qolaversa, jarayon aholining siyosiy va fuqarolik faolligi kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tayotganligi bois yangilanishlar, odamlar dunyoqarashidagi o‘zgarishlar zimmamizga katta mas’uliyat yuklamoqda.
Okrug hududida 928 ta referendum uchastkasi tashkil etildi. Ularning tartib raqamlari, chegaralari haqidagi ma’lumotlar keng omma hukmiga havola qilindi. Uchastkalar aholi uchun qulay bo‘lgan shinam binolarda joylashgan. Viloyatdagi Xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlarining navbatdagi sessiyalarida esa O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etish masalasi ko‘rib chiqildi va okrug komissiyasiga taqdim etildi. Okrug komissiyasining navbatdagi majlisida nomzodlar o‘rganilib, yakuniy qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, jami 10 ming 184 nafar komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi va a’zolari faoliyat boshlaydi. Uchastka komissiyalari a’zolari siyosiy yetuk, xorijiy tillarni biladigan, yuksak muomala madaniyatiga ega, muayyan sohada sidqidildan ishlayotgan fuqarolar safidan tanlandi.
Birgina Shahrixon tumani misolida keltirsak, hududda 77 ta referendum uchastkasi tashkil etilgan. Ulardagi 847 nafar a’zoning 691 nafari avvalgi siyosiy jarayonlarda ishtirok etgan. Ayollar 432 nafarni tashkil etadi, ularning 24 nafari komissiya raisi. A’zolarning aksariyati aholi orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan, ovoz berishda har bir fuqaroning ishtiroki muhimligini tushuntira oladigan xalq vakillaridir. Okrug komissiyasi a’zolari uchastkalarda bo‘lib, tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganishmoqda, zarur maslahatlarini berishmoqda. Mamlakat taraqqiyotidagi muhim sanaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish shartligini alohida uqityaptilar.
Aminmizki, yangilanayotgan Konstitusiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Komiljon KOMILOV,
2-Andijon okrug komissiyasi raisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish takomillashtiriladi
- AQSH Hoʻrmuz boʻgʻozida kemalarni kuzatib borishni boshlashi mumkin
- 14-mart kuni kuzatiladigan ob-havo prognozi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring