Fransiyadan durang, Germaniya va Belgiyadan navbatdagi gʻalaba

10:42 14 Oktyabr 2025 Dunyo
132 0

Yevropada 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichi oʻyinlari davom etmoqda. 13-oktyabr kuni oʻtgan bahslar jamoalarning mundialga yoʻllanma uchun olib borayotgan kurashiga yangi surʼat baxsh etdi.

Fransiya ochko yoʻqotdi

“D” guruhining 4-turidan oʻrin olgan uchrashuvda Fransiya terma jamoasi Reykyavik shahrida Islandiya mehmoni boʻldi. Killian Mbappe va Usman Dembele kabi yetakchilarning yoʻqligi sabab jamoa tarkibida qator oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Darvozani Mayk Menyan qoʻriqladi, himoya markazida Saliba va Upamekano juftligi harakat qildi. Qanotlarda Kunde va Luka Din oʻynadi. Hujum chizigʻida Nkunku, Toven, Olise va Matetaga ishonildi.

39-daqiqada Islandiya himoyachisi Viktor Palsson hisobni ochdi. Ikkinchi boʻlimda Nkunku (63) va Mateta (68) Fransiyani oldinga olib chiqishdi, ammo 70-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Hlinsson hisobni tenglashtirdi. Oʻyin 2:2 hisobida yakunlandi.

Islandiya — Fransiya 2:2
Gollar: Palsson (39), Hlinsson (70) — Nkunku (63), Mateta (68).

Shvetsiya deyarli mundialsiz qoldi

Angliya Premyer-ligasida toʻp surayotgan Isak va Gyokeresh kabi hujumchilarga ega Shvetsiya jamoasi guruhdagi ilk 3 turdan soʻng atiga 1 ochko bilan oxirgi oʻrinni egallab turgandi. Kosovoga qarshi oʻyinda gʻalaba zarur edi, ammo natija kutilgandek boʻlmadi.

32-daqiqada “Xoffenxaym” hujumchisi Fisnik Aslani yagona golni kiritdi va Kosovo 1:0 hisobida gʻalaba qozondi. Shvetsiya hujumda ustunlik qilgan boʻlsa-da, Arijanet Murichning aʼlo oʻyini ularning barcha urinishlarini barbod etdi.

Shvetsiya — Kosovo 0:1
Gol: Aslani (32).

Germaniya gʻalabali seriyani davom ettirdi

Dastlabki turda Slovakiyaga yutqazgan Germaniya keyingi uch oʻyinda ham gʻalaba qozondi. Belfastda Shimoliy Irlandiyaga qarshi bahsda “Nyukasl” hujumchisi Nik Voltemade 31-daqiqada yagona golni kiritdi.

Mezbonlar bir necha xavfli hujum uyushtirgan boʻlsalar-da, “Borussiya Dortmund” himoyachisi Niko Shlotterbekning ishonchli oʻyini Germaniyani navbatdagi gʻalabaga yetakladi.

Shimoliy Irlandiya — Germaniya 0:1
Gol: Voltemade (31).

Belgiya magʻlubiyatsiz seriyasini uzaytirdi

“J” guruhidagi bahsda Belgiya Kardifda Uels bilan kuch sinashdi. Gollarga boy bellashuv 2:4 hisobida mehmonlar foydasiga yakunlandi.

Jo Rodon 8-daqiqada hisobni ochdi, ammo De Bryuyne (18, penalti) va Menye (24) hisobni burib tashlashdi. Ikkinchi boʻlimda yana De Bryuyne (76, penalti) penaltidan aniq zarba yoʻlladi. Uels safida Brodhed (89) hisobni qisqartirdi, ammo bir daqiqadan soʻng Trossar (90) soʻnggi nuqtani qoʻydi.

Uels — Belgiya 2:4
Gollar: Rodon (8), Brodhed (89) — De Bryuyne (18 pen., 76 pen.), Menye (24), Trossar (90).

Qozogʻiston safarda ochko bilan qaytdi

“J” guruhidagi yana bir uchrashuvda Qozogʻiston terma jamoasi Shimoliy Makedoniya mehmoni boʻldi. Favorit mezbonlar boʻlsa-da, bahs durang bilan yakunlandi.

54-daqiqada Qozogʻiston safida Dinmuxammed Karaman hisobni ochdi, 74-daqiqada esa Enis Bardi hisobni tenglashtirdi.

Shimoliy Makedoniya — Qozogʻiston 1:1
Gollar: Bardi (74) — Karaman (54).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?