Fermerlarning yangi imkoniyati
Fargʻonaning koʻplab tumanlarida keyingi yillarda qishloq xoʻjaligidan yanada samarali foydalanish, bir maydondan ikki marta hosil olish boʻyicha izlanishlar olib borilyapti. Gʻalladan boʻshagan yerga takroriy ekin sifatida paxta ekish tajribasi fermerlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.
Bu yoʻnalishda Fargʻona davlat texnika universiteti professori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Odiljon Ibragimov va uning shogirdlari faol ish olib bormoqda.

– Uch yildan buyon olib borilayotgan tajribalar takroriy ekin sifatida ekilgan paxtadan ham yaxshi hosil olish mumkinligini toʻliq isbotladi, – deydi professor O. Ibragimoq. – Joriy yilda Toshloq tumanidagi “Xurshidbek ziyo” fermer xoʻjaligining 1 gektar maydonida paxtaning S-8290 va S-8296 navlari ekildi. Gʻalla yigʻib olinganidan keyin maydon yengil sugʻorildi, yer yumshatildi. Iyun oyining oʻrtasida ekilgan chigit bir haftada yaxshi undi. Dastlabki natijalar shuni koʻrsatmoqdaki, takroriy ekindan chiqqan paxtaning sifati ham, tolasi ham bahorda ekilgani bilan barobar.
Professor Ibragimov va uning talabalari 2023–2024-yillardan buyon yangi agrotexnologiyalarni sinovdan oʻtkazishmoqda. Bu yil gʻoʻzani chilpish — chekanka qilish muddatlari qayta koʻrib chiqildi. Yangi usul ish berdi: gʻoʻzaning boʻyi 65–70 santimetrgacha oʻsdi, koʻraklarning deyarli hammasi vaqtida ochildi.
— Takroriy ekin sifatida ekilgan paxtadan olinadigan hosil ham, tolaning sifati ham deyarli bahordagidan farq qilmaydi, – deydi universitet doktoranti Javlon Toʻrakeldiyev. – Agar bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etilsa, fermerlar uchun katta imkoniyat yaratiladi.
Albatta, bu jarayon kuzgi bugʻdoyni vaqtida ekish bilan bogʻliq. Bugʻdoy erta pishsa, uni ikki hafta avval yigʻib olish mumkin. Demak, paxtani ham iyun oyining boshidayoq ekish imkoni paydo boʻladi. Hosilni oʻz vaqtida yigʻib olish esa daromadni oshiradi.

Fargʻona viloyati hokimligi ham bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratgan. Andijon don-dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot markazi olimlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Hozir viloyatda bugʻdoyning ertapishar “Asr chiligisi” va “Ultra” navlari sinovdan oʻtkazilmoqda. Dastlabki xulosalarga koʻra, bu navlarning hosili odatdagidan ikki hafta ertaroq yetiladi. Bu esa paxtani erta ekish va oʻz vaqtida terib olishda qoʻl keladi.
Soʻnggi yillarda viloyatda paxtachilik va gʻallachilikni rivojlantirish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Xitoy tajribasi, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik, yangi navlar va texnologiyalarni joriy etish fermerlar mehnatining samarasini oshirmoqda. Bugungi kunda suv va yer resurslari tobora kamayib borayotganini hisobga olsak, bunday yangicha yondashuvlar oziq-ovqat xavfsizligi va aholi farovonligi uchun juda muhim. Fargʻona davlat texnika universiteti professor-oʻqituvchilari, yosh olimlar va talabalar ishtirokidagi bunday tajriba kelgusida ham fermerlar uchun amaliy koʻmakchi boʻlib, hosildorlikni oshirish va aholi farovonligini taʼminlashda katta ahamiyat kasb etadi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring