Farhod GES: yangi quvvatlardan barqaror elektr energiya sari

16:59 05 Oktyabr 2023 Iqtisodiyot
696 0

Xalqimizning fidokorona mehnati, yakdilligi, ustuvor va ulugʻvor maqsadlar sari dadil intilishi orqali Oʻzbekistonimiz har bir sohada sezilarli yutuq va muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Mamlakatimiz energetika tizimi, xususan, gidroenergetika sohasi taraqqiyoti yoʻlida Jamiyatimizning butun tizimi oʻz yoʻnalishlari doirasida yildan yilga barqaror faoliyat koʻrsatkichlarini taʼminlashga harakat qilmoqda.

Bu borada “Oʻzbekgidroenergo” AJ ham oʻz faoliyatini tobora rivojlantirib, yangi GESlarni qurish hamda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritayotgan eski GESlarni yangi quvvatlarda modernizatsiya qilish boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Mamlakatimizning eng tarixiy va salohiyatli, shu bilan birga, istiqbolli GESlaridan biri, bu – Farhod GES hisoblanadi.

Bugun, 5-oktyabr kuni Farhod GESning modernizatsiyadan soʻng, yangilangan energetik quvvatda ishga tushirilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.

Tadbirni “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Bekzod Amirsaidov tabrik nutqi bilan ochib berdi.

Marosimda Sirdaryo viloyati, Shirin shahar, Bekobod shahar hokimliklari rahbariyati, Jamiyat tizim korxona va tashkilotlari vakillari, hamkor xorijiy kompaniyalar masʼullari, gidroenergetik muhandislar hamda markaziy va hududiy telekanallar, bosma va elektron OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida savob ishga qoʻl urildi. “Farhod GES” unitar korxonasining qoʻshimcha daromadlari hisobidan ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va ushbu oilalarning bolalariga quvonch ulashish maqsadida, korxona ishchi-xodimlarining hamda GESga yaqin joylashgan mahallalarda istiqomat qiluvchi oilalarning 11 nafar farzandlariga sunnat toʻyi marosimi oʻtkazib berildi. Bolajonlarga korxona tomonidan velosiped hamda televizorlar esdalik sovgʻalari sifatida taqdim etildi. Bolajonlarning koʻzlaridan porlagan quvonch bazmga yanada fayz berdi.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, ikkinchi jahon urushining eng ogʻir davriga qaramasdan, Davlat mudofaa qoʻmitasining 1942-yil 18-noyabrdagi qarori bilan Sirdaryo daryosida 1943-yil 10-fevralida Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlab yuborildi. Ushbu kun GES qurilishining ommaviy boshlanishi kuni hisoblanadi. Mazkur GES ommaviy hashar yoʻli bilan qurilgan boʻlib, hasharga Fargʻona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlaridan jami 60 mingdan ortiq kishi jalb etildi.

GES qurilishining birinchi bosqichi natijasi oʻlaroq, 1948-yil 15-fevralda GESning 3- va 4-agregatlari ishga tushirildi, Toshkent va Chirchiq shaharlariga ikki liniya boʻylab 110 kV sanoat toki uzatildi.

Ikkinchi bosqich yakunida 1949-yil 5-aprelda 1-agregat va shu yilning 30-iyunida 2-agregat ham ishga tushirildi.

1951-yil 3-iyul kuni GES toʻliq ekspluatatsiya uchun qabul qilindi.

Ushbu GESning ishga tushirilishi bilan, mamlakatning elektr, kimyo, metallurgiya, koʻmir va sanoatning boshqa sohalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratildi.

Bu yutuqning yana bir muhim ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur ulkan ishning asosiy qismi Mirzachoʻlning qattiq iqlim sharoitida va Ikkinchi jahon urushining ogʻir yillarida bajarildi.

1960-yil may va avgust oylarida eskirgan 1- va 2-sonli nemis agregatlari 30 ming kVtgacha kuchliroq yangi LMZ qurilmalari bilan almashtirildi.

Aytish joizki, GESning oʻrnatilgan quvvati 126 ming kVt boʻlgan. Zamonaviy bosqichda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq “Farhod GES” unitar korxonasi “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibiga kirdi.

Uzoq yillar davomida (qariyb 70-75 yil) doimiy ekspluatatsiya qilinishi tufayli GESdagi koʻplab uskunalar jismoniy va maʼnaviy eskirganligini hisobga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi “2017-2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2947-son Qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-oktyabrdagi “Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi “Farhod GES” UKni modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 827-sonli Qaroriga asosan GESni modernizatsiya va qayta texnik jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Modernizatsiya ishlari “Oʻzbekgidroenergo” AJning oʻz mablagʻlari 13,05 mln. yevro hamda Rossiya Federatsiyasining “VEB” banki krediti – 45,22 mln. yevro (2,35%li stavkasi) hisobidan amalga oshirildi.

Mavjud quvvatni 104 MVtdan 128 MVtga oshirish, jismonan va maʼnan eskirgan jihozlarni jahon miqiyosidagi yangi va sinalgan qurilmalarga almashtirish, uskunalarni uzluksiz joriy va mukammal taʼmirlashga chiqarishni kamaytirish, agregatlarning foydalanish muddatini 40 yilga uzaytirish va har bir m3 suv sarfidan samarali foydalanish, mukammal taʼmirlashlarni kamaytirish, elektr energiya tannarxini pasaytirish.

Modernizatsiya loyihasida bosh pudratchi tashkilot sifatida “Silovыye mashinы” AJ (RF) qatnashdi. Subpudratchi tashkilot “Energoresurs” QK (OʻzR. va RF).

Shartnoma “yakuniy topshirish” (pod klyuch) shartiga koʻra loyiha ikki bosqichda amalga oshirildi:

1-bosqich – 2019-2020-yillarda – 3- va 1-gidroagregatlar;

2-bosqich – 2021-2022-yillarda – 4- va 2-gidroagregatlar.

Dastlab, modernizatsiyadan oldin 1- va 2-gidroagregatlarning nominal quvvati 30 MVtdan, 3- va 4-gidroagregatlarning nominal quvvati 33 MVtdan boʻlgan. Mazkur qurilmalarning eskirganligi sababli mavjud quvvat (1- va 2-gidroagregatlar 22 MVtdan, 3- va 4-gidroagregatlar 30 MVtdan) jami 104 MVtga teng boʻlgan.

Agregatlarga suv sarfi ham 115 m3 (1,2) va 125 m3 (3,4) miqdorda sarflanib, texnik-iqtisodiy jihatdan samaradorlik pasayishiga olib kelgan.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda modernizatsiya ishlari toʻliq yakuniga yetgan boʻlib, 1- va 2-gidroagregatlarning nominal quvvati 30,82 MVtga, 3- va 4-gidroagregatlarniki esa 33,3 MVtga yetkazilib, jami 128,2 MVtga yetdi.

Agregatlarga suv sarfi ham 107,3 m3 (1,2) va 113 m3 (3,4) miqdorda sarflanib, texnik-iqtisodiy jihatdan samaradorlik koʻrsatkichlarining oʻsishiga xizmat qilmoqda.

Modernizatsiya davomida OTQ-110/35 kV kommutatsiya qurilmalaridan moyli oʻchirgichlar zamonaviy elegazli oʻchirgichlar bilan almashtirildi. Qayd etish lozimki, avvalgi moyli oʻchirgichlar yongʻin va portlashlarga olib kelganligi sababli, ekspluatatsiya xarajatlarini oshishiga olib kelgan. Elegazli oʻchirgichlar esa 1 kVdan yuqori har qanday kuchlanishlarda ishlashi, oʻchirish-yoqish paytida sodir boʻladigan yoysimon olovning yopiq hajmda, ochiq havoga zararsiz oʻchirilishi, nisbatan kichik vazn va hajmga egaligi, yongʻin-portlash xavfining yoʻqligi, tez ishlashi, yuqori oʻchirish qobiliyati, kontaktlarining kam yemirilishi tufayli uzoq ishlashi, ovozsiz ishlashi, ochiq va yopiq qurilmalarda oʻrnatilish imkoniyati, xavfsiz ekspluatatsiyasi hamda uskunalarni ishonchli ishlashini taʼminlashi tufayli samarali hisoblanadi.

Modernizatsiya ishlari davomida GESning eski 1- va 2-agregatlari yangisiga (100 %) almashtirildi, 3- va 4-agregatlari esa toʻliq modernizatsiya qilindi. Modernizatsiya jarayonida “Silovыye mashinы” AJ tomonidan Rossiyaning Leningrad metallurgiya zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan va qayta modernizatsiya qilingan turbina va generatorlar oʻrnatilib, ekspluatatsiyaga topshirildi.

Taʼkidlash joizki, yangi agregatlarning eskilaridan asosiy farqi har bir kVt uchun suvning kamroq sarflanishi, boshqaruv va avtomatik tizimining zamonaviyligi, uzoqroq muddatlarda ishlab, ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi, va eng asosiysi, xavfsiz hamda ishonchli ishlashidir.

Agar solishtiradigan boʻlsak, eski transformatorlarda meʼyor boʻyicha umumiy 180 tonna atrofida moy sigʻimi boʻlgan boʻlsa, yangi transformatorlar umumiy 120 tonna atrofida moy sigʻimiga ega. Eski transformatorlarda sizib chiqishlar tufayli har yili moy yoʻqotilishi oʻrnini qoplash uchun qoʻshimcha moy quyilgan. Yangi transformatorlarda esa moy sizib chiqib, yoʻqotilish holatlari yoʻq.

Moy sarfini tejamkorligi va taʼmirlashlarni kamayishi ham eski transformatorlarga nisbatan yangi transformatorlarni texnik-iqtisodiy jihatdan samarador ekanligini koʻrsatadi.

Korxonada energetika qurilmalarining yangilanishi hisobiga ularning xizmat qilish muddati kamida 40 yilga uzayishi kutilmoqda. Bu esa, modernizatsiyadan soʻng oʻrtacha yiliga 531,2 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu, oʻz navbatida, bugungi kunda yiliga 167,3 mlrd. soʻmlik energiya manbai deganidir.

Bugungi kunda, Yangi Oʻzbekiston gidroenergetika tizimida “Farhod GES” oʻziga xos salohiyatli oʻrinni egallab, elektr energiya ishlab chiqarish, yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda malakasini oshirish borasida tizimdagi ilgʻor GESlar qatorida eʼtirof etilmoqda.

Mamlakatimiz gidroenergetika sohasining izchil taraqqiyoti elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi turmush farovonligining oshishi, xonadonlar obodligi va nurafshonligi, eng muhimi, Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim hissa qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер