​Fargʻonalik taʼlim faxriylari Chimyonda hordiq chiqarmoqda

17:46 30 Yanvar 2024 Jamiyat
316 0

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan 2023-2024 oʻquv yili “Fargʻonada taʼlim faxriylarini eʼzozlash yili” sifatida eʼlon qilingan boʻlib, ushbu yoʻnalishda keng koʻlamli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Ezgu tashabbusga koʻra, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan 50 nafar faxriy oʻqituvchiga viloyatning soʻlim Chimyon goʻshasida joylashgan sihatgohga bepul yoʻllanma berildi. Shu tariqa faxriylar 10 kun davomida ushbu sihatgohda hordiq chiqarib, tibbiy muolajalar olish imkoniga ega boʻlishdi. Dam olish kunlari maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda konsert dasturlari tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

— Men qariyb 50-yil Qoʻshtepa tumanidagi 27-maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga saboq berdim. Shu kasb orqasidan elda hurmat qozondim,— deydi Mamlakatxon Hojimatova. — Kamtarona faoliyatim qadrlanib, “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak-nishoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandim.

Inson keksayganda mehrga tashna boʻlib qoladi. Shu sababli kasaba uyushmasining taʼlim sohasi faxriylariga gʻamxoʻrligi bizni behad xushnud etdi. Bugundan muolajalarni boshlab, qadrdon hamkasblar shirin diydor kunlarini maroqli oʻtkazyapmiz.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер