Fargʻonada yuksak sharaf, gʻurur va iftixor ramzi boʻlgan harbiy xizmatchilarga ehtirom koʻrsatildi

16:36 14 Yanvar 2026 Jamiyat
232 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami Fargʻona viloyatida ham katta shodiyona sifatida nishonlanmoqda.

Bayram tantanalari doirasida Fargʻona shahridagi “Vatanparvarlar bogʻi”da “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, mudofaa tizimi rahbarlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Muazzam haykal poyiga gulchambar qoʻyilgach, tinch-osoyishta va farovon hayotimiz uchun jon fido qilgan qahramon oʻgʻlonlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida davom etgan tantanalar elu yurtimiz istiqboli yoʻlida sidqidildan mehnat qilayotgan harbiy xizmatchilarga yuksak ehtirom ifodasi boʻldi. Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda ularning oila aʼzolarini Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy qutlab, sharafli va masʼuliyatli faoliyatiga omad tiladi.

Shundan soʻng xizmat burchini bajarishda barchaga namuna boʻlib kelayotgan, yurt tinchligi va xavfsizligini taʼminlashda faollik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shu kuni viloyat markazida joylashgan Ekoshaharda Milliy gvardiya Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilariga yangi uylar topshirilgani bayramga qoʻshaloq sovgʻa boʻldi.

—Bugun oilamiz uchun unutilmas kun,—deydi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, katta leytenant Jamshidbek Yusupov.—Boisi turmush oʻrtogʻim va ikki nafar farzandim bilan birga zamonaviy shaharchada qurib bitkazilgan yangi uyga koʻchib oʻtdik. Shinam xonadonda barcha sharoitlar muhayyo. Bunday eʼtibor va ragʻbatdan behad mamnunmiz.

Bayram tadbirlari davomida fargʻonalik taniqli sanʼatkorlar hamda ijodiy jamoalar ishtirokidagi konsert dasturlari barchaga xush kayfiyat ulashib, tantanalarga yanada fayz, shukuh baxsh etmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?