Fargʻonada yoshlar kuni: ezgu orzu-maqsadlarga ragʻbat

10:33 27 Fevral 2026 Jamiyat
195 0

Prezidentimiz ishtirokida joriy yilning 24-fevral kuni yangi avlod vakillari bilan boʻlib oʻtgan yuzma-yuz muloqotda yurtimizda har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilandi.

Ezgu tashabbusga koʻra, mazkur kunda masʼul rahbarlar mahalla, maktab, oliy taʼlim taʼlim muassasalari va texnikumlarga chiqishi hamda yoshlarning murojaat va muammolarini tinglab, ularga yechim topishi kerak. Shu munosabat bilan Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanlarida “Yoshlar kuni” doirasida turli tadbirlar, loyihalar oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylanishi koʻzda tutilayotgani eʼtiborga molik.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov kecha Qoʻqon shahrida talabalar, mahalla yoshlari bilan uchrashib, kelajagimiz vorislarining ilm-fan, kitobxonlikni oshirish, IT sohasini oʻrganish, istiqbolli kasb-hunarlarni egallash singari yoʻnalishlar boʻyicha fikr-mulohazalarini eshitdi.

Dangʻara va Uchkoʻprik tumanida esa “Yashil makon” loyihasi doirasida yashil hududlar, “Hokim va yoshlar” bogʻi tashkil etildi. Yozyovon tumani hokimi maktab oʻquvchilari, sportchilar bilan samimiy suhbatlashib, bu boradagi yutuqlar salmogʻini yuksaltirish boʻyicha birgalikda saʼy-harakatlar olib borishga vaʼda berdi.

—Prezidentimizning yoshlar bilan samimiy muloqoti bizga katta kuch-quvvat, motivatsiya beradi. Kuni-kecha Koʻksaroy qarorgohidagi muloqot chogʻida buni yana bir bor chin dildan his qildim,—deydi Fargʻona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi, AQSHdagi Harvard universiteti granti sohibi Dilafroʻz Sobirova.—Haftaning bir kuni rahbarlar va mutasaddilarning yangi avlod bilan doimiy muloqot qilishi yangi tashabbuslarga ragʻbat, orzularga qanot boʻladi.

Rishton tuman hokimi Bahodirjon Xoliqov hamda masʼul rahbarlar tumandagi 1-sonli texnikumda boʻlib, bu yerda yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi. Samimiy ruhda kechgan muloqotda 500 nafarga yaqin yoshlar qatnashdi.

—Davlatimiz rahbarining dastlabki startaplar, oʻquv markazlariga moliyaviy koʻmak berish, yosh tadbirkorlarga foizsiz ssudalar taqdim qilish kabi tashabbuslari orzularimga kuch-quvvat baxsh etdi. Shu yil Rishton tumanida xitoy tilini oʻrgatuvchi oʻquv markazi ochishni niyat qildim,—deydi ushbu bilim dargohi oʻquvchisi Muhayyoxon Toʻlaganova.—Bugun tuman hokimi va prokurori bilan suhbatlashib, oʻz savollarimga javob oldim, taklifim qoʻllab-quvvatlandi.

Shu kuni Oltiariq tumanida ham masʼullarning yoshlar bilan uchrashuvi qiziqarli kechdi. Xususan, iqtidorli va intiluvchan maktab oʻquvchilarining gʻoya va tashabbuslari barchaga manzur boʻldi. Xususan, tumandagi 6-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Abdulaziz Toʻxliyevning “Jamoat transportida toʻlov tizimini raqamlashtirish” loyihasi katta qiziqish uygʻotdi. 3-maktab oʻquvchilari Jasurbek Adhamov va Muhammadaziz Karimovlarning “Atmosferadan suv olish” innovatsion loyihasi tuman hokimiga maʼqul keldi. Shu bois Oltiariq tumani hokimi Shamsiddin Turdialiyev ushbu loyihani mukammallashtirish, amaliyotga tatbiq qilish uchun zarur mablagʻni shakllantirish oʻz zimmasiga oldi.

Shuningdek, shahar-tumanlarda oʻtkazilgan shu kabi uchrashuvlarda sport, fan olimpiadalari, xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etgan oʻquvchilar munosib taqdirlanishdi hamda ularning yangi marralarni zabt etishlariga ezgu tilak bildirildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер