Fargʻonada “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari keng nishonlanmoqda
Ayni kunlarda yurtimizda “Vatanparvarlik oyligi” hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 34 yilligini munosib kutib olish maqsadida keng qamrovli tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Sharqiy harbiy okrug xizmatchilari tomonidan Fargʻona viloyati boʻylab tashkil etilayotgan rang-barang bayram tadbirlari ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirmoqda.
Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, kuni kecha Yozyovon tumanidagi madaniyat va istirohat bogʻida Sharqiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari bilan yuzma-yuz uchrashuv tashkil etildi. Nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik jamuljam boʻlgan tadbirda Vatanni madh etuvchi qoʻshiqlar, vatandoshlik ruhidagi musiqalar yangradi. Harbiylarning chiqishlari ishtirokchilar tomonidan katta olqishlar bilan qarshi olindi.

Shuningdek, tadbir doirasida tuman markazida joylashgan Mustaqillik koʻchasi boʻylab harbiy xizmatchilarning tantanali yurishi boʻlib oʻtdi. Unda kattayu kichik faol ishtirok etib, xalq va armiya oʻrtasidagi yakdillik va birdamlikni yana bir bor namoyon etdilar.
— Bunday tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad — aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik tuygʻusini yanada yuksaltirishdir, — deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Sheroz Mirzaaliyev. — Uchrashuv davomida ikki tomonlama samimiy muloqot yoʻlga qoʻyildi. Yoshlarda harbiylikka qiziqish uygʻotish maqsadida Milliy armiyamiz salohiyati, jangovar tayyorgarlik jarayonlari namoyish etildi.

Tadbir davomida harbiylar ishtirokida sport musobaqalari va milliy oʻyinlar tashkil etilib, yoshlar mardlik va jasorat saboqlaridan bahramand boʻlishdi. Shu orqali ularga harbiy hayotni yaqindan his etish imkoniyati yaratildi.
Aytish joizki, bugungi kunda Fargʻona viloyatining barcha shahar va tumanlarida “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida ana shu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar izchil davom etmoqda.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring