Fargʻonada “Ustozlar milliy forumi” boʻlib oʻtmoqda

15:31 14 Avgust 2025 Jamiyat
139 0

Fargʻona shahrida “Mahoratli oʻqituvchi – millat tayanchi” shiori ostida “Ustozlar milliy forumi” oʻtkazilmoqda. Anʼanaviy ravishda yangi oʻquv yili oldidan tashkil etiladigan ushbu tadbir doirasida sohaga oid yangiliklar, ilgʻor uslub va tajribalar muhokama qilinadi. Yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlari sarhisob etilib, eng muhim ustuvor vazifalar belgilab olinadi.

Bu yilgi forum mobaynida viloyatdagi 400 nafarga yaqin oʻqituvchilar ishtirokida ikki kun seminar-treninglar oʻtkazilib, yuzma-yuz muloqotlarda oʻzaro tajriba almashish maqsad qilingan.

Aytish joiz, ayni paytda Fargʻona viloyatidagi 955 ta umumtaʼlim maktabida 688 ming nafar kelajagimiz vorislari taʼlim-tarbiya olmoqda. 2024-2025 oʻquv yilida 47 ming nafardan ziyod oʻquvchi maktab taʼlimini yakunlab, katta hayotga yoʻllanma oldi. Quvonarlisi, bu yilgi bitiruvchilarning 1320 nafari muddatidan oldin oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻldi. 4 ming 461 nafar bitiruvchi oʻgʻil-qizlar til bilish sertifikatlarini qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, aʼlo baholarga oʻqigan 1269 nafar bitiruvchi oltin, 289 nafari esa kumush medal bilan taqdirlandi.

— 2025-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 31 ta taʼlim tashkilotida 323,7 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda, —deydi Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Ixtiyor Mahkamov. — Bu yil barcha dasturlar doirasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish uchun 423 milliard soʻm yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

Oʻz navbatida ustozlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish ishlari ham doimiy eʼtiborda. Bugungi kunda viloyatda 22 nafar oʻqituvchi oyiga 20-25 million soʻm, 2 ming nafarga yaqini 12-13 million soʻm ish haqi olmoqda. Ayni jarayonda jahon tajribasini keng ommalashtirish maqsadida Fargʻona viloyati umumtaʼlim maktablariga Yaponiya, Fransiya, Filippin, Rossiya kabi bir qator xorij davlatlaridan mahoratli pedagoglar jalb etilgan.

Botir MADIYOROV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер