Fargʻonada tez tibbiy yordam xodimlari uchun zamonaviy oʻquv markazi ish boshladi

11:14 07 Yanvar 2026 Jamiyat
176 0

Respublika tez tibbiy yordam markazining Fargʻona filialida xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan yangi oʻquv markazi oʻz faoliyatini boshladi.

Jahon andozalariga mos, eng soʻnggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan mazkur markazda nafaqat Fargʻona viloyati, balki butun Fargʻona vodiysidagi tez tibbiy yordam sohasi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish koʻzda tutilgan. Yangi markazda yil davomida 7 ming nafardan ziyod xodimning ilmiy-amaliy mahoratini yuksaltirish rejalashtirilgan boʻlib, oʻquv jarayonida Janubiy Koreya tajribasidan keng foydalaniladi.

Shu maqsadda Fargʻona vodiysining har bir viloyatidan toʻrt nafardan soha vakili Janubiy Koreyada malaka oshirib keldi. Ular zamonaviy oʻquv-uslubiy jihozlardan foydalanish hamda tez tibbiy yordam sohasidagi ilgʻor yondashuvlar boʻyicha amaliy tajriba orttirdi.

— Yangi markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun taxminan 700 ming dollar mablagʻ yoʻnaltirildi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Fargʻona filiali direktori oʻrinbosari Azamatjon Abdurahmonov. — Taʼkidlash joizki, viloyatimizda tibbiyot sohasini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish va axborot texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida ushbu loyiha doirasida Janubiy Koreya tomonidan 1 million dollar miqdoridagi grant mablagʻi ham jalb etilmoqda.

Bu yaqin kelajakda markaz faoliyatini yanada kengaytirish, nafaqat tibbiyotning boshqa ixtisoslashgan yoʻnalishlari, balki ichki ishlar organlari, favqulodda vaziyatlar xizmati hamda Sharqiy harbiy okrug xizmatchilarining ham tizimli ravishda malakasini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, ezgu tashabbus doirasida Fargʻona viloyatidagi ikki nafar tibbiyot oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Oʻquv markazi ochilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Respublika tez tibbiy yordam markazi vakillari hamda koreyalik mutaxassislar ishtirok etdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?