Fargʻonada qishloq xoʻjaligi merosini asrash va rivojlantirish choralari muhokama qilindi

15:04 04 Dekabr 2024 Iqtisodiyot
365 0

Fargʻona viloyatining Quva tumanida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) ning “Oʻzbekistonning jahon ahamiyatiga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi meroslarini global tizimda roʻyxatdan oʻtkazish” loyihasi doirasida seminar-trening boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Zamin xalqaro jamoatchilik fondi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda fermer va dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari, shuningdek mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, ushbu trening Fargʻona viloyatining noyob qishloq xoʻjaligi bioxilma-xilligi va qimmatli madaniy meroslarini oʻrganishning dastlabki natijalari asosida tashkil etilgan boʻlib, bu yerda koʻplab milliy meroslarimizni aks ettiruvchi noyob qishloq xoʻjaligi tizimlari yaratilgan va saqlab qolinmoqda.

Trening qatnashchilari guruhlarda ishlash davomida milliy ekspertlar rahbarligida FAO metodologiyasi asosida oldindan tayyorlangan soʻrovnoma va jadvallar yordamida hududning qishloq xoʻjaligi merosining salohiyatini tahlil qildilar va uning chegaralarini aniqlab oldilar, shuningdek, mazkur obyektlarga nisbatan qoʻyiladigan xalqaro mezonlarga muvofiq hozirgi kungacha toʻplangan maʼlumotlarni baholadilar.

Bunday mezonlar qatoriga qishloq xoʻjaligi tizimlarining oziq-ovqat xavfsizligi, boy va noyob agrobioxilma-xillik, anʼanaviy bilim va texnologiyalar, madaniy qadriyatlar, yer va suv resurslarini boshqarishning oʻziga xos tizimlari bilan bogʻliq noyob manzaralar kiradi.

Trening ishtirokchilarining fikricha, Fargʻona viloyati resurslarni boshqarish va ulardan foydalanishda toʻplangan bilim hamda tajribalarning boyligi mahalliy fermerlar va dehqonlarning merosi va faxriga aylanib bormoqda. Bu merosni qoʻllab-quvvatlash va saqlash bilan birga uni rivojlantirish juda muhimdir.

– Viloyatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida ulkan salohiyatga ega, – deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari, loyihaning hududdagi ishchi guruhi rahbari Xurshidjon Ahmedov. – Bizning yerlarimiz va ularda asrlar davomida yashab kelayotgan aholi atrof-muhit imkoniyatlari va cheklovlariga moslashuv amaliyotlarini ishlab chiqqan hamda avloddan avlodga oʻtib kelgan katta tajribaga ega. Bunga koʻplab misollar keltirish mumkin. Masalan, Margʻilonning pillachilik va ipak toʻqish tizimi, Oltiariq tumanidagi uzumchilikning – “voyish” usulidagi tokzorlar, hamda Quva tumanidagi barqaror anorchilik shular jumlasidandir. Ushbu meros mahalliy, milliy va global darajalarda barqaror rivojlanish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligiga ishonchim komil.

– Fargʻona viloyati haqiqatan ham noyob hudud boʻlib, u turli zonalarga boʻlingan: adirlar, shoʻrlangan tuproqlar va yerosti suvlari yaqin boʻlgan zonalar. Bu hududda agrobioxilma-xillikni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini yaratadi, – deydi Oʻzbekiston anorchilar assotsiatsiyasi raisi Musturaxon Safiitdinova. – Masalan, yuqori zona anor yetishtirish uchun qulay, markaziy zonada koʻchat yetishtirishda muvaffaqiyatli tajriba mavjud, quyi zonada esa gulchilik yaxshi rivojlanadi. Mashhur quva anor navlarini yetishtirish barcha bosqichlarda – yetishtirishdan tortib, quti tayyorlash, mahalliy bozorda sotish va tobora oshib borayotgan eksportgacha – oʻn uchta ish oʻrni yaratadi. Qoʻshimcha qilib aytganda, yaqin vaqt ichida Quva anori Ozarbayjonda ham yetishtirila boshlanadi. Shuning uchun bizning Assotsiatsiya “Quva anori”ni geografik nomlangan mahsulot sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza berdi.

– Yangi texnologiyalardan foydalanish, suvni kam sarflaydigan ekinlarni yetishtirish muhim, – deydi Fargʻona viloyati asalchilik uyushmasi raisi Sherzod Suyurqulov. – Suv tanqisligi paytida fermerlar tomchilatib sugʻorish uchun 5 litrli idishlardan foydalanadi. Ammo agrar sohaga pestitsidlar isteʼmoli ortishi natijasida asalarilar oʻlib ketmoqda. Shuning uchun ekinlarni diversifikatsiya qilish va oʻsimliklarning turlarini koʻpaytirish zarurdir.

Trening davomida yigʻilgan maʼlumotlar, shuningdek, Fargʻona viloyatining qishloq xoʻjaligi salohiyati va merosi haqidagi qoʻshimcha maʼlumotlar, ushbu hududning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar hamda ishtirokchilar bildirgan ularni hal qilish yoʻllari Oʻzbekistonda birinchi GIAHS obyektlarini roʻyxatga olish uchun asoslar tayyorlashda qoʻllaniladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?