Fargʻonada qishloq xoʻjaligi fidoyilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi

10:10 11 Dekabr 2025 Jamiyat
280 0

Fargʻona viloyatida qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha oʻziga xos tajriba maktabi shakllangan. Mustaqillik yillarida ana shu yoʻnalishda yetuk tajriba va zahmatli mehnati bilan ajralib turgan uch nafar bobodehqon — toshloqlik Komiljon Mamajonov, oltiariqlik Yursunboy Joʻrayev va Lolaxon Murotova Oʻzbekiston Qahramoni faxriy unvoniga sazovor boʻldi. Bu mehnatga berilgan yuksak baho ekin maydonlarini ilm-fan va innovatsiya bilan uygʻun rivojlantirishga boʻlgan eʼtiborning amaliy tasdigʻidir.

Hozirgi kunda bu qahramonlarning izdoshlari ota-bobolar merosini zamonaviy agrotexnologiyalar, innovatsion yondashuvlar va ilm-fan yutuqlari asosida mustahkam davom ettirmoqdalar. Natijada viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dunyoning 70 ga yaqin mamlakatiga eksport qilinmoqda. Sohaning barcha yoʻnalishlari jahon andozalari darajasida oʻsib borishi esa sohadagi islohotlar samarasidan dalolat beradi.

Yaqinda Prezidentimizning “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, bir guruh fidoyi fermer va mehnatkashlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Fargʻona viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda mukofotlar oʻz egalariga topshirilib, ularning sharafli mehnati yuksak eʼtirof etildi. Yuzma-yuz muloqotlar davomida viloyat qishloq xoʻjaligiga xos zamonaviy tendensiyalar, paxta va gʻallachilikdagi ilgʻor tajribalar hamda qayta ishlash va eksport sohalaridagi tashabbuslar alohida qayd etildi.

— Otam viloyatda agronom olim sifatida tanilgan, — deydi Qoʻshtepa tumanidagi “Ismoil Joʻrabek saxovati” fermer xoʻjaligi rahbari, “Shuhrat” medali sohibi Joʻrabek Usmonov. — Bolalikdan otam bilan birga yurib, fermerlikka qiziqib qolganman. Hozirda 114 gektar yerimiz, zamonaviy texnika va asosiy yoʻnalish sifatida paxta, gʻalla hamda chorvachilik bilan shugʻullanamiz. Hosildorlik va daromad yil sayin ortib bormoqda.

Fermer xoʻjaligi tomonidan mahallaga koʻmak koʻrsatish ishlari ham tizimli davom ettirilmoqda: soʻnggi uch yilda “Kattabeshkapa” MFY infratuzilmasini yaxshilash va obodonlashtirish ishlariga 100 million soʻmdan ortiq homiylik yordami ajratilgan.

Tantanali tadbir yakunida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan 8 nafar hamyurtni tabriklab, ularga kelgusidagi ishlarida omad va muvaffaqiyat tiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер