Fargʻonada malina yetishtirib boy boʻlayotganlar safi kengaymoqda

Foto: Botir Madiyorov / Xalq so'zi
Fargʻona tumanida aholi tomorqasida yilda ikki marotaba malina yetishtirish va barakali hosil olish borasida oʻziga xos tajriba shakllangan. Bu yil vodiy viloyatlari bozorlarida ushbu rezavorning bir kilogrammi 35 ming soʻmgacha sotilgani malinachilik bilan shugʻullanish serdaromad tarmoq ekanligidan dalolat beradi.
Ayni paytda fargʻonaliklar yetishtirayotgan malina nafaqat respublika viloyatlari, qoʻshni davlatlar, hatto Yevropaga ham eksport qilinmoqda. Shu jihatlarni inobatga olgan holda Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan tumanda malina yetishtirishni yanada ragʻbatlantirish maqsadida izchil saʼy-harakatlar olib borilyapti.
Shu yilning 19-oktyabr kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻona tumanida boʻlib, malina plantatsiyasini tashkil etish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar bilan tanishdi. Tumanning malina yetishtirishga ixtisoslashgan mahallalarida boʻlib, xonadon egalari bilan suhbatlashdi.
Tumanning Vodil Qizilqoʻrgʻon massivida 300 gektar hududda malina yetishtirish loyihasini amalga oshirish uchun yer maydonlarining geologiyasi hamda agrokimyoviy xossalari oʻrganilib, malina yetishtirishga mosligi aniqlandi. Suv muammosini hal qilish uchun sugʻorish quduqlarini burgʻulash va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarning 70 foizi, biroq 120 million soʻmdan oshmagan qismi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan subsidiya bilan qoplab beriladigan boʻldi.
Yuzma-yuz muloqotda 40 gektar maydonda umumiy qiymati 20,9 milliard soʻm boʻlgan malina yetishtirish hamda qayta ishlash majmuasini barpo etish loyihasini taqdim etgan turkiyalik tadbirkor Rasim Kachar tashabbusi ham maʼqullandi. Turkiyaning malina yetishtirishga ixtisoslashgan Mersin viloyatidan yangi navlarni olib kelish orqali har gektar yerdan olinayotgan hosildorlikni hozirgidek 5-8 tonna emas, 25 tonnagacha yetkazish taklifi bildirildi.
Shuningdek, subsidiyalardan foydalangan holda tomchilab sugʻorish tizimini tadbiq etish, 7 foizli maqsadli kreditlar asosida 5-25 tonna hajmdagi sovutkichli saqlash omborlarini tashkil etish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring