Fargʻonada kashf etilgan yangi baliq turi xalqaro miqyosda eʼtirof etildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona vodiysi suv havzalaridagi rang-barang baliqlar tur tarkibiga koʻra, oʻziga xos boʻlib, ayrim turlari Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida uchramaydi. Ayniqsa, vodiyning togʻ daryolarida yashovchi Turkiston qumbaligʻi, Sirdaryo oqqayrogʻi, Kushakevich yalangbaligʻi ushbu mintaqaning noyob turlari sirasiga kiradi.
Ayni paytda Fargʻona davlat universiteti ixtiolog olimlari Fargʻona vodiysi hamda mamlakatimizning boshqa hududlaridagi baliqlarning tur tarkibi, biologiyasi va ekologiyasi sohasida bir qator ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Tadqiqot ishlari samaradorligini taʼminlashda yangi va zamonaviy zoologik metodika asosida yondashilayotgani muhim ahamiyatga ega boʻlayotir.
— Ayni yoʻnalishda keyingi yillarda xorijlik olimlar bilan hamkorlikda nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo miqyosida suv havzalarida ilmiy-amaliy tadqiqotlar amalga oshirilyapti, — deydi Fargʻona davlat universiteti dotsenti, biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Baxtiyor Sheraliyev. — Natijada ushbu hududlarda hali oʻzining oʻrganilishi, ilmiy jihatdan tadqiq etilishini kutib turgan turlar koʻp ekanligi aniqlandi.
Xususan, soʻnggi yillarda Shohimardon daryosida Triplophysa sferganansis, Soʻx daryosida Triplophysa daryoae kabi baliq turlarining kashf etilgani fikrimizning yorqin tasdigʻidir. Bu boradagi izlanishlarimiz natijasida esa 2024-yili Dzihunia pseudoamudarjensis turi kashf etildi.
Eʼtiborlisi, kashf etilayotgan bu kabi yangi turlarning aksariyati mintaqamiz endemiklari hisoblanadi. Oʻtgan yili kashf etilgan yangi baliq turi esa oʻzining urugʻdoshlaridan yon chizigʻidagi poralari soni, ingichka dum bandi, orqa va anal suzgich qanotlarining pastligi hamda koʻzlararo masofasining yirikligi bilan farq qiladi.
Xorijlik hamkorlarning eʼtirof etishicha, yangi kashf etilayotgan ushbu baliq turlari hududning hayvonot olami, suv havzalari, iqlimini tadqiq etishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Qolaversa, baliqchilik tarmogʻini jahon andozalari darajasida rivojlantirish, ilmiy-amaliy tajribalarni oʻzaro uygʻunlashtirish imkonini beradi.
Taʼkidlash joiz, oʻtgan yili ixtiolog olimlar Baxtiyor Sheraliyev va Yorqinoy Qayumova tomonidan vodiy ixtiofaunasida avval qayd etilmagan, Amudaryo havzasiga xos boʻlgan yalangbaliqning yangi turi — Dzihunia pseudoamudarjensis kashf etilishi xalqaro miqyosda katta eʼtirofga sazovor boʻldi. Yangi baliq turini kashf etishda Rossiyaning Zoologiya instituti qoshidagi ixtiologiya laboratoriyasi hamda kolleksiyasida saqlanuvchi Markaziy Osiyo suv havzalariga tegishli baliq turlari namunalari ham oʻrganildi.
Shu bois yangi baliq turining tur maqomi xalqaro darajada yuksak eʼtirof etilib, oʻzbek olimlarining muvaffaqiyati haqida dunyoga mashhur “Zootaxa” ilmiy jurnalida maqola chop etildi. Quvonarlisi, fargʻonalik olimlar kashfiyoti boʻlgan Dzihunia pseudoamudarjensis baliq turi AQSHning Kaliforniya fanlar akademiyasiga qarashli xalqaro “Eshmeyer baliqlar katalogi”ga kiritildi.
— Hozirda ilmiy jamoa bilan birgalikda mamlakatimizning janubiy suv havzalari ixtiologiyasi hamda Sirdaryoning yuqori oqimi, yaʼni Qozogʻiston hududini tadqiq etish ishlariga kirishganmiz, — deydi Baxtiyor Sheraliyev. — Oʻz navbatida, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Turlarni saqlab qolish komissiyasi chuchuk suv baliqlari boʻyicha maxsus guruhining Markaziy Osiyo hududi boʻyicha rahbari sifatida qoʻshni mamlakatlar olimlari bilan ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyganman.
Yaqin istiqbolda mazkur yoʻnalishda Markaziy Osiyo suv havzalaridagi muhofazaga muhtoj baliq turlarini xalqaro “Qizil kitob”ga kiritishni maqsad qilganmiz. Bugungi kunda qardosh yurt olimlari bilan hamkorlikda ana shunday noyob turlarni aniqlash va muhofaza qilish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borilib, tegishli davlat idoralariga ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring