Fargʻonada “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlari uchun sport anjomlari topshirildi

17:29 07 Yanvar 2026 Jamiyat
265 0

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar markazida inson, ayniqsa yoshlar manfaati turadi. 2026-yilda mahallalarda ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni sport orqali birlashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda Fargʻona viloyatida navbatdagi ezgu tashabbus amalga oshirildi. Fargʻona shahridagi “SAMO” sport majmuasida joriy yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkaziladigan sport musobaqalari oldidan viloyatdagi barcha 1017 ta mahalla yoshlari yetakchilariga sport anjomlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir mahallalarda sport muhitini yanada jonlantirish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Tadbirda Fargʻona viloyati Sport boshqarmasi boshligʻi Nodirbek Hakimov soʻzga chiqib, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy yilgi mavsumi ham yangi iqtidorlarni aynan mahalladayoq kashf etishiga ishonch bildirdi.

Sport anjomlari bilan taʼminlangan har bir mahalla yoshlarida oʻz ustida ishlash, jamoaviy ruhni shakllantirish va yuqori natijalarga erishish uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi. Biz ishonamizki, katta sportga olib chiqadigan ilk qadam aynan mahallada qoʻyiladi, — dedi Nodirbek Hakimov.

Shuningdek, viloyat yoshlar boshqarmasi boshligʻi Bobur Moʻminov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Madiyor Turimov, sportchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Marosimda yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, sogʻlom turmush tarzini hayot meʼyoriga aylantirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani taʼkidlandi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–201-sonli qaroriga muvofiq “Besh tashabbus olimpiadasi” tizimi joriy etilgan. Ushbu tizim asosida har yili 30-iyun — Yoshlar kuni hamda dekabr oyida oʻtkaziladigan “Yoshlar forumi” doirasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol va vorkaut kabi turlari boʻyicha besh bosqichli musobaqalar oʻtkazib kelinmoqda.

Musobaqalarning birinchi bosqichi koʻchalar oʻrtasida mahalla miqyosida, ikkinchi bosqichi mahallalar oʻrtasida sektor darajasida, uchinchi bosqichi tuman (shahar), toʻrtinchi bosqichi viloyat, beshinchi bosqichi esa respublika finali sifatida tashkil etiladi. Bu tizim yoshlarni bosqichma-bosqich tayyorlash, ularning sport mahoratini oshirish va eng munosiblarini saralab olishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda futbol, voleybol, basketbol va gandbol sport turlari uchun har biri 2030 donadan toʻplar tarqatildi. Bu esa har bir mahallada sport mashgʻulotlarini muntazam yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.

Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar va 2026-yil oldiga qoʻyilgan ustuvor maqsadlardan kelib chiqib, kelgusida mahallalarda sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida musobaqalar sonini koʻpaytirish, iqtidorli sportchilarni qoʻllab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, sogʻlom va faol yoshlar — Yangi Oʻzbekistonning ishonchli tayanchidir.

Fargʻonada oʻtkazilgan ushbu tadbir ana shu ulugʻ maqsadlar yoʻlidagi amaliy qadam, mahallada boshlangan sport harakati yuksak marralar sari yoʻl ochayotganining yorqin namunasi boʻldi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?