Fargʻona sanoat koʻrsatkichi boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrindaligi aytildi

13:34 12 Iyul 2024 Siyosat
345 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Soʻnggi yetti yilda respublika sanoati 1,6 barobar oʻsgani bilan, Fargʻona viloyati bu koʻrsatkich boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinda bormoqda. Bu haqda Quva tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda aytib oʻtildi.

Viloyatdagi baʼzi korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygani, ayrimlari ishlamayotgani, 3 ta loyihani ishga tushirish 4-5-yildan beri choʻzilib kelayotgani tanqid qilinib, masʼul rahbarlar bunday korxonalarga yordamlashishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Roʻyxatga olingan tadbirkorlarning muayyan qismi faoliyat yuritmayotgani, ayrimlarida esa aylanma va ish oʻrinlari qayd etilmagani “yashirin iqtisodiyot”dan dalolat berishi qayd etildi.

Mutasaddilarga bu holatlarni oʻrganib, “soyadan” chiqishga koʻmaklashish topshirildi.

Soʻnggi yetti yilda respublika sanoati 1,6 barobar oʻsgani bilan, Fargʻona bu koʻrsatkich boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinda.

Viloyat sanoatining yarmi Fargʻona va Qoʻqon shaharlari, Uchkoʻprik tumaniga toʻgʻri keladi.

Oʻtgan yillarda viloyatga kiritilgan har bir ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumlarini oʻrtacha 207 dollarga koʻpaytirgan. Lekin bu koʻrsatkich boʻyicha Toshloq, Dangʻara, Yozyovon, Rishton va Uchkoʻprik ancha orqada.

Mutasaddilarga meva-sabzavot eksporti va paxtani qayta ishlashda ham kamchiliklar borligi, bu boradagi rejalar yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Tannarx balandligi uchun Fargʻonadagi sement zavodlarining mahsulotlari import bilan raqobat qila olmayotgani qayd etildi. Oqibatda 10 ta sement zavodi quvvatining uchdan birida ishlayapti.

Bu viloyat hokimi oʻrinbosarlari korxonalardagi tannarx va energiya sarfini kamaytirish boʻyicha ishlamayotganidan dalolat.

Shu yilni oʻzida viloyatda 9 ming xonadonli 220 ta koʻp qavatli uy-joylar qurilayapti. Viloyatdagi 36 ta temir-beton korxonasi quvvati bu qurilishlarning 50 foiz ehtiyojini qoplashga yetadi, xolos.

Yaʼni, quruvchilar mahsulotini boshqa viloyatdan olib kelayapti. Shu munosabat bilan yil yakunigacha temir-beton korxonalarini koʻpaytirish shartligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?