Fargʻona anori Janubiy Koreyada ham xaridorgir
Fargʻona viloyatida keyingi yillarda qishloq xoʻjaligining istiqbolli tarmoqlaridan biri boʻlgan anorchilik jadal rivojlanyapti. Ayni maqsadda Quva tumani tajribasi asosida har bir tumanda zamonaviy anorchilik plantatsiyalari tashkil etilayotgani eʼtiborga molik.
Shu bois Fargʻona bogʻlarida yetishtirilgan, yuqori taʼmga ega va sifatli anorlar jahon bozorida tobora xaridorgir boʻlib bormoqda. Xususan, Janubiy Koreya bozorida ushbu mahsulotga boʻlgan talab va taklif ortib borayotir.
Ayni jarayonda Rishton tumanida faoliyat yuritayotgan Sardorbek Sodiqov rahbarligidagi “RICH FARM EXPO” korxonasi tomonidan ham viloyatda yetishtirilayotgan anor xorijga eksport qilinmoqda. Shu maqsadda korxona tasarrufida xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy saralash va qadoqlash tarmoqlari ishga tushirildi.

— Hozirgi kunda Fargʻona anori Janubiy Koreya poytaxtidagi brend savdo tarmoqlariga ulgurji narxlarda yetkazib berilyapti, — deydi S. Sodiqov. — Shu tariqa yurtimiz anori Seul orqali boshqa hududlarda joylashgan savdo tarmoqlariga tarqatiladi. Yaqin istiqbolda hamkorlik kelishuvlari asosida eksport hajmi va salmogʻi, geografiyasini kengaytirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun esa barcha imkoniyatlarimiz bor.
Aytish joiz, bugungi kunda Fargʻona viloyatida 7 ta hudud anorchilikka ixtisoslashgan. Bu yil 63,5 ming tonnadan ortiq anor hosili olish rejalashtirilgan. Shundan 14,4 ming tonnasi qish-bahor mavsumida sotish uchun muzlatgichli omborxonalarga joylashtiriladi. Oʻz navbatida, 9,3 ming tonnasi qayta ishlashga va 5 ming tonnaga yaqini eksportga yoʻnaltiriladi.
Ayni paytda viloyatdagi 20 mingga yaqin aholi xonadonlarida anor yetishtiriladi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring