FAO Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligiga innovatsiyalar va raqamlashtirishni joriy qilish natijalarini sarhisob qilmoqda

19:09 15 Dekabr 2023 Iqtisodiyot
471 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Toshkentda “Qishloq xoʻjaligini raqamli transformatsiya qilish uchun asoslarni tayyorlash” loyihasining yakuniy seminari boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda ishtirok etgan milliy va xalqaro ekspertlar olingan natijalarni namoyish etishdi va qishloq xoʻjaligiga innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish boʻyicha tavsiyalar berishdi. Loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi koʻmagida agrooziq-ovqat tarmogʻiini raqamlashtirishga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni hal qilish maqsadida amalga oshirildi. Ushbu tashabbus Fargʻona vodiysidagi fermerlar, agrobiznes vakillari, ilmiy-tadqiqot va qishloq xoʻjaligi boʻyicha maslahat xizmatlari oʻrtasida milliy va markazlashmagan darajada hamkorlik va bilim almashish imkonini berdi. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va “Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar koʻrsatishni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi farmonlarini amalga oshirishga hissa qoʻshdi.

— FAOning ushbu loyihasi innovatsiya va raqamlashtirish orqali iqtisodiy va ekologik jihatdan barqaror, inklyuziv qishloq xoʻjaligi-oziq-ovqat tizimlarini oʻzgartirishga hissa qoʻshmoqda, — deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov. —Biroq, texnologiyalar keng ishtirok etishga, xabardorlikni oshirishga asoslangan yondashuvlar, gender tengligiga rioya qilgan holda kichik fermerlarni yaqindan qoʻllab-quvvatlash bilan birgalikda joriy etilishi lozim.

Loyiha doirasida Raqamli qishloq xoʻjaligining Milliy dasturi ishlab chiqildi. Seminarda turli manfaatdor tomonlar ishtirokida ishlab chiqilgan hujjat loyihasi taqdim etildi. Konstruktiv muloqot davomida ishtirokchilar oʻz fikr-mulohazalari va tavsiyalarini taqdim etdilar.

Yevropa va Markaziy Osiyoda raqamli qishloq xoʻjaligi boʻyicha FAOning guruhi rahbari Daniela Di Janantonio qayd etdiki, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligida elektron hukumat tizimini raqamlashtirish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyildi va ushbu dastur mamlakat agrooziq-ovqat tizimini zamonaviy, raqobatbardosh va barqaror tarmoqqa aylantirishda strategik qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi.

Innovatsiyalar nuqtai nazaridan, Qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsiyalar tizimi (AKIS), innovatsiyalar bilan shugʻullanuvchi ishtirokchilar tarmogʻi joriy etilganligi va AKIS ning mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi guruhi shakllantirilganligi natijalardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Fargʻona viloyatida strategik va tashkiliy darajadagi yechimlarni aniqlash va amalga oshirish uchun asosiy mavzular boʻyicha innovatsion siyosat laboratoriyalari tashkil etildi. Shu bilan birga, fermerlar va mutaxassislar bilan birgalikda ijod qilish uchun “tirik laboratoriyalar” yaratilgan. Innovatsion siyosat laboratoriyasi — bu maʼlum bir kontekstda innovatsiyalarga toʻsqinlik qiladigan muammoni hal qilish uchun sabablarni aniqlash, harakatlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish uchun turli manfaatdor tomonlarni birlashtirgan hamkorlikdagi ijodiy innovatsion yondashuv.

— Loyiha Fargʻona viloyatida amalga oshirilishi jarayonida ushbu laboratoriyalar Fargʻona vodiysi boʻyicha tuzilgan AKIS hududiy ishchi guruhi faoliyatining asosiy mexanizmiga aylandi, — deydi FAOning qishloq xoʻjaligi bilimlarini tarqatish boʻyicha mutaxassisi va innovatsiyalar siyosati va salohiyati boʻlimi rahbari Nevena Aleksandrova-Stefanova. — Ushbu guruh umumiy muvofiqlashtirish darajasida ishlaydi va ayollarning AKIS da ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek, Fargʻona vodiysida qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish va AKIS oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrganishga qaratilgan.

Innovatsion siyosat laboratoriyalari va jonli laboratoriyalarning tajribasi muvaffaqiyatli boʻldi va kelgusi yilda FAO koʻp donorlar tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha doirasida Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarda oʻz koʻlamini kengaytiradi.

Loyihaning amalga oshirilishi qishloq xoʻjaligi-oziq-ovqat tizimlariga taʼsir koʻrsatadigan innovatsiyalarni yaratish va tarqatishga yordam berdi. Bu qishloq uy xoʻjaliklarining imkoniyatlarini kengaytirish va tadbirkorlikni ragʻbatlantirish uchun yangi xizmatlar, vositalar va yondashuvlarni rivojlantirishga yordam berdi. Eng muhimi, loyihada nafaqat tegishli muassasalar bilan birgalikda hech kimni ortda qoldirmagan holda qishloq jamoalari, yoshlar, ayollar va qariyalar ham ishtirok etdilar. Qishloq xoʻjaligi ishchi kuchining salmoqli qismini (44 foizgacha) tashkil etuvchi, lekin hissasi koʻpincha koʻzga tashlanmaydigan va tan olinmagan qishloq ayollarini qamrab olish va jalb etishga alohida eʼtibor qaratildi. Ularning bilim olishlari va axborot almashishlariga koʻmaklashish maqsadida ular uchun maxsus jonli laboratoriyalar tashkil etildi.

FAOning taraqqiyot uchun kommunikatsiyalar boʻyicha xodimi Sofi Treinen taʼkidlaganidek, aloqa taraqqiyotning kalitidir. Asosiy kuzatuvlar shuni koʻrsatadiki, Telegram fermerlar orasida eng qulay xabar almashish ilovasi va qishloq joylarda internet aloqasining pastligi tufayli ular eng koʻp foydalanadigan kanaldir. Video ularning bilim almashish uchun sevimli formatidir. Shuning uchun biz bir tomondan boʻlajak trenerlar uchun, ikkinchi tomondan esa, amaliyotchilar uchun qoʻshma videoroliklar yaratish boʻyicha onlayn seminarlar tashkil etdik. Tirik laboratoriyalar ishtirokchilari va mintaqaviy AKIS jamoasi bugungi seminarda taqdim etilgan videolarni birgalikda ishlab chiqdilar. Nafaqat mintaqaviy, balki milliy miqyosda ham doimiy taʼsir koʻrsatish uchun biz oʻzbek tilida video ishlab chiqarish uchun maxsus qoʻllanma va oʻzbek tilidagi yozuvlar va taqdimotlardan iborat oʻzini oʻzi oʻqitish platformasini tayyorladik.

Shuningdek, u mintaqaviy darajadagi turli loyihalar oʻrtasidagi sinergiya muhimligini taʼkidladi, bu ularning taʼsirini toʻldirish va kuchaytirishga imkon beradi. Sofi Treinen Fargʻona vodiysida FAOning boshqa loyihalarini amalga oshirish natijasida joylarda tajriba toʻplanganligini taʼkidladi. Bular qatoriga FAOning “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi kiradi. Loyiha kichik xoʻjaliklarining zamonaviy va maqbullashtirilgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tizimlarini (samarali sugʻorish tizimlari, maqbullashtirilgan issiqxonalar, changlatuvchi vositalardan foydalanish) oʻzlashtirishini qoʻllab-quvvatlaydi, texnologiyani joriy etish bilan doimiy, malakali texnik yordamni uygʻunlashtiradi. Shuni taʼkidlash kerakki, texnik bilimlarning mavjudligi innovatsion qarorlarni qabul qilishning muhim katalizatoridir.

Texnik hamkorlik loyihalari olingan saboqlar asosida kelajakdagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos yaratadi. Taʼkidlanganidek, FAO innovatsiyalar va raqamlashtirish sohasida ishlashni davom ettiradi va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi boshqa loyihalar bilan yanada yaqinroq hamkorlik va sinergiyaga intiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?