FAO mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda

16:29 14 Iyul 2022 Iqtisodiyot
631 0

Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) qishloq xoʻjaligi vazirlarining birinchi yigʻilishi doirasida Toshkentda oʻtkazilgan Turkiy Agroforum hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining VII yigʻilishida zamonaviy agrosanoat majmuasining yetakchi vakillari jam boʻldilar. 

Ular orasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu ham bor edi.

“FAO va TDTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik dinamik ravishda oʻsib borayotganligi va izchil rivojlanayotganligini alohida taʼkidlamoqchiman. Bunda qishloq xoʻjaligi sohasi ushbu tashkilotga aʼzo davlatlar barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. FAO va TDTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikning yorqin misollaridan biri — bu FAO — Turkiya hamkorlik dasturi boʻlib, uning keng qamrovli asosiy maqsadi qishloq xoʻjaligi, agrobiznes, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish, oʻrmon xoʻjaligi, tabiatni muhofaza qilish, qurgʻoqchilik va choʻllanishga qarshi kurashish, Ozarbayjon, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari qishloq hududlarining bioxilma-xilligini saqlash va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish kabi turli sohalarda texnik yordam koʻrsatishdan iborat”, — dedi FAOning submintaqaviy koordinatori va Oʻzbekistondagi vakili Viorel Gutsu.

Oʻtgan tadbirlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yoʻllari va yangi istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay maydon boʻldi. IHTga aʼzo davlatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining VII yigʻilishida raislik qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev FAO bilan hamkorlikda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlarining strategik sherikligi boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, uy xoʻjaliklari va bogʻdorchilikni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekistonda IHT davlatlari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi kooperativlarini rivojlantirish, IHT mamlakatlari oʻrtasida kadrlar masalasida yaqin hamkorlik qilish, qishloq xoʻjaligida organik ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni faollashtirish, urugʻlik savdosi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish, shuningdek, ushbu sohada mutaxassislarni faol jalb etgan holda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, IHT mamlakatlari oʻrtasida agroturizmni rivojlantirish, shu bilan birgalikda, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni mustahkamlash shular jumlasidandir.

Viorel Gutsuning Toshkentga tashrifi chogʻida Oʻzbekistonda FAOning yangi loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ikkita bitim imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasida barqaror qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish va ekotizimlarni saqlashga qaratilgan “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashning taʼsiri dasturi”ni (FOLUR) birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasida esa “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil ekotizimlarida oʻrmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasini birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzolandi. Ikkala loyiha ham Global Ekologik Jamgʻarmasi koʻmagida amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi har ikkala loyihaning strategik hamkori hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarorini amalga oshirishga hissa qoʻshadi.

«Mazkur loyihalarning imzolanishi Oʻzbekistonda tuproq tanazzuliga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlarimizning boshlanishidir. FAO qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi, oʻrmon xoʻjaligi, baliqchilik, sogʻlom ovqatlanish va agro oziq-ovqat tizimlariga taalluqli boʻlgan boshqa koʻplab masalalar boʻyicha texnik tajribaga ega. Umid qilamizki, hamkorligimiz yanada mustahkamlanib, Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish yoʻlida munosib natija berishadi», dedi Viorel Gutsu.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?