“Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi”: nazariya va amaliyot uyg‘unligi

01:41 06 May 2025 Jamiyat
349 0

Bugungi kunda mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni barpo etishning bozor mexanizmlari keng joriy etilmoqda. Mana shunday bir sharoitda fan, ta’lim va ishlab chiqarish amaliyoti o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlash masalasi juda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, marketing, buxgalteriya hisobi, audit hamda menejment kabi sohalarda yuz berayotgan o‘zgarishlar nazariy bilimlarni amaliyot bilan yanada kengroq uyg‘unlashtirishni taqozo etmoqda.

Shu ma’noda, “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyatida Bosh muharrir O‘tkir Rahmatov, Bosh muharrirning iqtisodiy va marketing masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Akram Hoshimov hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi.

“Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi: “Buxgalteriya hisobi va Audit sohasidagi  yangiliklar va yangicha yondashuvlar” mavzuiga bag‘ishlangan mazkur tadbir ayni shu masalada o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda fikr almashish uchun muhim platforma vazifasini bajardi.

Tadbir davomida TDIU “Audit” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tahririyat faoliyatini iqtisodiy va moliyaviy jihatdan tartibga solinishi hamda zamonaviy marketing va audit jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Muloqotda iqtisodiyot fanlari doktori, professor Akram Hoshimov mehmonlarga tahririyatning moliyaviy-boshqaruv tizimi, marketing va buxgalteriya hisobini yuritishdagi zamonaviy yondashuvlar, elektron audit vositalaridan foydalanish amaliyoti haqida batafsil ma’lumot berdi.

Jumladan, u tahririyatda yuqori ilmiy salohiyat shakllanganligi ya’ni bir nafar iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) va to‘rt nafar iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) faoliyat yuritayotganligi, ichki moliyaviy nazorat tizimi, sarf-xarajatlarni rejalashtirish va prognozlashtirish, ularni tahlil qilish, marketing tadqiqotlari asosida maqsadli auditoriyani aniqlash va ushbu jihatlarning xalqaro amaliyotda qo‘llanilayotgan uslublari, hisob siyosatini va bozor konyunkturasi asosida baho siyosatini shakllantirish kabi muhim jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘quv-seminarda ta’kidlanganidek, hozirgi bosqichda hisob tizimini tashkil etish va yuritishda amaldagi milliy qonunchilikka to‘la muvofiqlik muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, muvofiqlik auditining samaradorligi nafaqat tashkilotning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, balki keng jamoatchilik ishonchi va faolligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘tkazilgan o‘quv-seminarida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti vakillari ham o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Jumladan, TDIUning “Audit” kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Bahodir Hasanov “Moliyaviy boshqaruv tizimi, muvofiqlik auditi va nazorat tizimi” mavzuida ma’ruza qilib, nazariya hamda amaliyot uyg‘unligi nafaqat ta’limda, balki amaliyotchi mutaxassislar faoliyatida ham asosiy mezonga aylanganini ta’kidladi. Professor o‘z so‘zida “Xalq so‘zi” gazetasining moliyaviy boshqaruv tizimi tajribasini o‘rganish va uni yanada takomillashtirish orqali talabalar uchun amaliy keyslar ishlab chiqish imkoniyati yaratilayotganini alohida qayd etdi.

Shu bilan birga, ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim dasturlarini amaliyotga yaqinlashtirish, talabalarni amaliyot asosida tayyorlash, innovatsion yondashuvlarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi. Bu kabi yaqin hamkorliklar iqtisodiy ta’lim mazmunini boyitish, ilmiy tadqiqotlarni amaliy yechimlar bilan boyitish hamda talabalarning mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida yetishib chiqishiga xizmat qiladi.

Shu tariqa, mazkur seminar nafaqat nazariy va amaliy bilimlarni chuqurlashtirishga, balki tahririyat hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. Qolaversa, bu kabi tashabbuslar yosh mutaxassislar tayyorlash, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni chuqurlashtirish, shuningdek, zamonaviy iqtisodiy bilimlar targ‘ibotida muhim ahamiyat kasb etadi.

Rahim SHERQULOV

(“Xalq so‘zi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер