Ezgu tashabbuslar markazi

Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston yetakchisining siyosati hamkorlikning oʻzaro ishonchga asoslangan yangi arxitekturasini shakllantirmoqda
Yurgan — daryo deyishadi. Daryolar oqib-oqib, oʻz yoʻlida uchragan voha-yu vodiylarga obihayot baxsh etadi, choʻllarni chamanzorlarga aylantiradi, bogʻ-u xiyobonlarni yashillikka burkaydi. Yoʻl yurgan, doim harakatda, izlanishda, intilishda boʻlgan inson ham xuddi daryolar kabi boshqalarga ezgulik ulashadi, bunyod etadi, yaratadi, yashnatadi.
Maqsadi sari intilgan kishiga “Yoʻling ravon boʻlsin!” deya tilak bildirilishi ham bejiz emas. Inson qay manzil tomon harakat qilmasin, yoʻlning sozligi mashaqqatlarni kamaytiradi, yoʻlovchiga quvvat, ruhiga kuch, istaklariga shijoat beradi.
Demak, inson organizmini qon tomirlari ozuqa moddalari bilan taʼminlagani kabi yoʻllar jamiyatda madaniy aloqalar, qadriyatlar, mahsulotlar, narsa-buyumlar, tovarlar, axborot almashinuvida, umuman, taraqqiyotda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yoʻllar qadim zamonlardan beri tamaddunlar shakllanishida, xalqlar oʻrtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar mustahkamlanishida hal qiluvchi rolni oʻynab kelgani shundan. Ular nafaqat yuklarni tashishga, balki bilimlar, texnologiyalar va madaniy boyliklarni almashishga ham xizmat qilgan.
Bosh pozitsiyalarga qaytish
Oʻzbekistonning tarixiy missiyasi hamisha alohida boʻlgan. Eramizdan avvalgi III-II mingyilliklardayoq bugungi Oʻzbekiston hududi ilk transkontinental yoʻl — Buyuk hind yoʻlining markazida joylashgan. Bu yoʻl Hind vodiysini Markaziy Osiyo — Baqtriya va Xorazm bilan bogʻlagan, soʻng Kavkazorti va Qora dengizdan oʻtib, xalqaro savdoning keng tarmogʻiga ulangan.
Keyinchalik, antik va oʻrta asrlar davrida Oʻzbekistonning markazdagi joylashuvi oʻzining afzalligini yana bir bor namoyon qilgan — bu safar Sharq va Gʻarbning yirik tamaddunlarini bir-biriga bogʻlagan Buyuk Ipak yoʻli doirasida. Uning asosiy yoʻnalishlaridan biri ilm-fan va savdo taraqqiyotining ramziga aylangan Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari orqali oʻtgan. Aynan shu yerda tamaddunlar almashinuvi yuz bergan, ilm-fan, hunarmandchilik rivojlangan, madaniyat gullab-yashnagan.
Tarix davriylik bilan ajralib turadi. Xuddi bir necha asr avvaldagi kabi transport yoʻlaklarining ahamiyati yana ortib bormoqda. Global geosiyosiy oʻzgarishlar, logistika zanjirlarining uzilishi va yangicha iqtisodiy voqeliklar sharoitida aynan mintaqalararo yoʻnalishlarda markaziy oʻrinlarni egallab turuvchi mamlakatlar kuchli oʻsish uchun noyob imkoniyatlarni qoʻlga kiritmoqda. Va aksincha, chetda qolganlarning taqdiri ogʻirlashib, taraqqiyot emas, tanazzul sari yuz tutmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning siyosati — bu qatʼiylik va uzoqni koʻra bilish siyosatidir. Mamlakatimiz Yevroosiyo transport tizimini loyihalashtirishda yana markaziy oʻrinni egallayotgan ekan, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ochiqlikka asoslangan siyosat tufaylidir.
Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylangan ilk kunlardanoq yaxshi qoʻshnichilik, mintaqaviy integratsiya, savdo-iqtisodiy diversifikatsiyaga qaratilgan kursni ilgari surmoqda. Bu diplomatik shiorlargina emas, balki aniq natijalarga olib keluvchi strategiyadir. Aynan shu strategiya tufayli mamlakatimiz jahon hamjamiyatida Sharq va Gʻarbni, Shimol va Janubni bogʻlovchi zanjir halqasiga aylandi.
Oʻzbekiston rahbarining yaqinda Turkmaniston mezbonlik qilgan BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasidagi ishtiroki bunga yaqqol misoldir. Yetakchilar, jumladan, BMT Bosh kotibi, Qozogʻiston, Tojikiston Prezidentlari, boshqa davlatlar hukumat rahbarlari bir joyga toʻplangan ushbu anjumanda Oʻzbekiston rahbari dasturiy nutq soʻzlab, asosiy tahdid va muammolarni bartaraf etish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezidentimiz eslatganidek, dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan davlatlar qator obyektiv qiyinchiliklarga duch kelmoqda: yuk tashish boʻyicha tariflarning yuqoriligi, transport yoʻlaklari va infratuzilmasining cheklanganligi, tranzit mamlakatlarning bojxona siyosatiga qaramlik. Ushbu omillar toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiy yoʻqotishlarga olib kelmoqda. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo mintaqasi transport xarajatlari tufayli har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizgacha boʻlgan qismini yoʻqotmoqda. Logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha qismini tashkil etadi, bu esa jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan bir necha barobar yuqori.
Prezident soʻzlariga koʻra, aynan shuning uchun ham yangi ishonchli tranzit yoʻlaklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan davlatlarning barqaror rivojlanishi va ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozimligini aytib oʻtdi. Bular — infratuzilmani modernizatsiya qilish, oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish va global teng huquqlilikning asosiy elementi boʻlgan rivojlanish huquqini taʼminlashdir. Mamlakatimiz rahbari taʼkidladiki: “Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala — adolat masalasiga daxldordir. Bu — dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlashdir”.
Shu bilan bir qatorda keyingi yillarda Oʻzbekistonda transport-logistika tarmogʻini modernizatsiya qilish boʻyicha keng qamrovli choralar amalga oshirildi. Iqtisodiy islohotlar, savdoning erkinlashuvi, investitsiya muhitining yaxshilanishi oʻz natijalarini bermoqda: raqobatbardoshlik oʻsyapti, innovatsiyalar jalb etilyapti, hamkorlarning ishonchi ortmoqda.
Mintaqaviy koʻlamdagi loyihalarga ham alohida eʼtibor berildi. Prezidentimiz soʻzlariga koʻra, bugun mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni sayyoramiz miqyosidagi tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
Konferensiya tadbirlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” ordenini topshirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Ushbu mukofotni Oʻzbekiston va uning koʻp millatli xalqiga alohida eʼtibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy saʼy-harakatlarimizning eʼtirofi sifatida qabul qilaman, dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, konferensiya davomida Prezidentimiz tomonidan aytilgan Qoyalar ekspert doiralarda katta qiziqish uygʻotdi. Masalan, Ispaniyaning yetakchi nashri “El Mundo Financiero”da mamlakatimizning xalqaro transport kommunikatsiyalarini diversifikatsiya qilish boʻyicha saʼy-harakatlariga bagʻishlangan maqola chop etildi. Unda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston spetsifik muammolarni hal qilishga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Izchil amalga oshirilayotgan barqaror transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar milliy taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bevosita bogʻliq.
“Oʻzbekistonning dengizdan yiroqligi endilikda hech kimni choʻchitayotgani yoʻq. Bugun bu Oʻzbekiston uchun xalqaro ustuvorliklarni belgilash va mamlakatni yangi Yevroosiyo logistikasining faol qatnashchisiga aylantiruvchi omildir”, deb qayd etildi nashrda.
Yuqori darajadagi anjumanda kiritilgan tashabbuslar nafaqat Prezidentning strategik tafakkurini koʻrsatadi, balki uning adolatli dunyoga intilishini, mintaqa doirasida va undan tashqarida global taraqqiyotning yangi, adolatli arxitekturasini shakllantirishga boʻlgan astoydil intilishlarini ham namoyon etadi.
Bularning barchasi davlat miqyosida teran fikrlash, kelajakni koʻrish va shakllantira olish qobiliyatidan darak beradi. Oʻzbekiston — nafaqat mintaqa markazidagi davlat, balki tashabbuslar, muloqot, barqarorlik va taraqqiyot markazidir. Mamlakat oʻta muhim va bir vaqtda juda masʼuliyatli rol bilan yangi davrga kirib bormoqda.
Oʻzbekiston mazkur xalqaro saʼy-harakatlarda faol ishtirok etib, transport va logistika infratuzilmasini yangilash, yangi xalqaro yoʻlaklar yaratish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Transafgʻon temir yoʻli, “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi va boshqa koʻplab yoʻnalishlar orqali Oʻzbekiston oʻzining strategik ahamiyatini mustahkamlamoqda va global iqtisodiyotga integratsiyalashuv sari dadil ilgarilamoqda, deb yozilgan maqola yakunida.
Liderlik geosiyosati
Mamlakatimizning ortib borayotgan nufuzi, soʻzsiz, uning yetakchisi — Prezident Shavkat Mirziyoyevning geosiyosat maydonida kuchayib borayotgan taʼsiri bilan bevosita bogʻliq. Oʻzbekiston rahbari mintaqada va uning tashqarisida keng miqyosda eʼtirofga sazovor boʻlayotgan yangi rivojlanish modelining meʼmori sifatida dong taratmoqda. Prezident tavalludi munosabati bilan koʻplab davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari tomonidan yoʻllangan qutlovlar buning yaqqol isbotidir.
Oʻz nomalarida dunyoning yetakchi davlatlari, qoʻshni mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekistonni barqaror rivojlantirish, uning xalqaro subyektliligini mustahkamlash va xalq farovonligini oshirishga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida taʼkidlaydi.
Bu kabi yuksak baho diplomatik iboralar bilangina cheklanib qolmaydi. Oʻzbekiston Prezidentining siyosati va tashabbuslari mamlakat ichidagi vaziyatga ijobiy taʼsir oʻtkazibgina qolmay, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ishonch va pragmatizmga asoslangan hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirayotgani alohida urgʻulanadi.
Mamlakatning ortib borayotgan obroʻsi oddiy fuqaroga nima beradi? U har bir insonga aniq-ravshan, oʻz oʻlchami va ahamiyatiga ega manfaatlar olib keladi. Sodda va ayni vaqtda hayotiy misollardan biri — fuqarolarimiz uchun xalqaro mobillikning erkinlashtirilishi. Tashqi ishlar vazirligining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston oʻz fuqarolariga erkin harakatlanishni taʼminlash borasida ancha ilgarilab ketdi: Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti sohiblari vizasiz 40 ga yaqin mamlakatlarga borishlari mumkin, yana 42 mamlakat bilan esa kirishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilingan.
Bir esga oladigan boʻlsak, 2016-yil holatiga 52 ta mamlakatga soddalashtirilgan tartib asosida borish mumkin edi. Hozirda esa ushbu roʻyxat 82 ta davlatgacha kengaygan. Shunda ham mazkur taomilga shartli ravishda amal qilinar edi: kirish-chiqishni qayd etuvchi idora tamgʻasini urdirmasdan faqat sobiq ittifoqning 9 ta respublikasiga borishga ruxsat berilgan edi, xolos.
Bugun holat tamomila boshqacha. Oxirgi uch yilda qator davlatlar, jumladan, Xitoy, BAA, Oʻmon va Eron bilan vizasiz tartib joriy etildi. Fahmlaganingizdek, aynan shu mamlakatlar yetakchilari bilan Oʻzbekiston Prezidenti uchrashgan va iliq munosabatlar oʻrnatibgina qolmay, oʻzaro ishonch natijasida soddalashtirilgan tartibga kelishib olingan. Bunday yondashuv izchil davom ettirilishiga shubha yoʻq, zero, Saudiya Arabistoni, Qatar, Vyetnam va boshqa mamlakatlar ham viza talablarini yumshatishdi. Yana oʻnlab davlatlar bilan kirish shartlarini erkinlashtirish yuzasidan faol muzokaralar olib borilmoqda. Tashqi ishlar vazirligi manbalarida aytilishicha, mamlakat rahbarining topshirigʻiga binoan ushbu yoʻnalish mazkur mahkamaning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilab olingan.
Bu kabi muvaffaqiyat Oʻzbekistonga, uning rahbariyatiga boʻlgan ishonchning bevosita natijasidir. Keltirib oʻtilgan misol mamlakat liderining obroʻsi, respublikaning xalqaro eʼtirofi aholi foydasiga xizmat qilayotganini koʻrsatadi.
Rasmiy Toshkentning saʼy-harakatlari xorijda ham yuqori baholanmoqda. Oʻzbekistonning bugungi rivojlanish bosqichini sharhlar ekan, Janubiy Koreya onlayn-eksport-import uyushmasining raisi Cho Don Xve Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosati asosida ochiqlik, pragmatizm va yaqin qoʻshnichilik tamoyillari yotishini aytadi. Uning taʼkidlashicha, davlat rahbari yaqin qoʻshnilar bilan munosabatlarni shakllantirishda, avvalo, konstruktiv va oʻzaro ishonchga asoslangan siyosatga ustuvorlik qaratgan. Ekspertning soʻzlariga koʻra, chegara masalalarini hal etish, transchegaraviy savdoni rivojlantirish, umumiy suv va infratuzilmaviy resurslarni boshqarishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
— Oʻzbekiston xalqaro maydonda ham faol siyosat yuritmoqda, — deydi Cho Don Xve. — JSTga aʼzo boʻlish yuzasidan olib borilayotgan muzokaralar, viza siyosatini liberallashtirish, turizm va xalqaro biznesni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish — bularning barchasi davlatning mutlaqo yangi qiyofasini shakllantiradi. Mamlakatning oʻzida amalga oshirilayotgan islohotlarni ham alohida eʼtirof etish zarur: investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilash, korrupsiyaga qarshi kurashish, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish shular jumlasidan. Mazkur choralar tekstildan tortib energetikagacha boʻlgan yetakchi tarmoqlarga sarmoya jalb etishga imkoniyatlar eshigini ochadi.
Uning soʻzlariga koʻra, Toshkentning koʻp vektorli tashqi siyosati barqaror rivojlanish va milliy manfaatlarni himoya qilish imkonini beradi. Suverenitet hamda strategik mustaqillikni unutmagan holda Oʻzbekiston Xitoy, Rossiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya va Malayziya bilan strategik munosabatlarni shakllantirmoqda.
Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, BMT Rivojlanish dasturi kabi tuzilmalarning ortib borayotgan eʼtibori Oʻzbekistonning islohotlar siyosatiga boʻlgan ishonchdan dalolat beradi. Xalqaro hamkorlar infratuzilma, raqamlashtirish, energetika sohalariga, davlat boshqaruvini isloh qilishga investitsiyalar kiritmoqda. Taʼlim sohasiga ham salmoqli sarmoyalar kirib kelyapti. Oʻzbekistonda nufuzli oliy oʻquv yurtlarining filiallari faoliyat koʻrsatmoqda. Ekspert mazkur jarayonlarni kelajakka, inson kapitaliga, global fikrlovchi, lokal ish yuritishga qodir yangi avlodni shakllantirishga yoʻnaltirilgan investitsiyalar deya baholaydi.
Aynan izchillik, pragmatizm va ochiqlik — Oʻzbekiston Prezidentining nafaqat ishonch, balki strategik barqarorlikni yuzaga keltiradigan zamonaviy siyosatining mazmunini tashkil etadi. Oʻzbekiston jahondagi oʻz mavqeini balandparvoz shiorlar hisobiga emas, balki puxta oʻylangan va aniq-tiniq siyosat evaziga mustahkamlab bormoqda.
Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, mamlakat mintaqada, xalqaro munosabatlarda oʻz fuqarolari nazdida oʻzini qaytadan kashf etmoqda. Bu jarayonda yetakchining ufq ortini ilgʻashga qodir, murakkab global vaziyatga qaramay olgʻa intiluvchi siyosiy irodasi oʻta muhim rol oʻynaydi.
Ilhomlantiruvchi namuna
Oʻzbekistonning tashqi siyosiy tashabbuslari va mamlakatning xalqaro nufuzi oshib borayotgani haqida gap ketganda, Shavkat Mirziyoyevning islohotlar yoʻli samaradorligi yetakchi xalqaro institutlar va tahlil markazlari tomonidan tobora koʻproq eʼtirof etilayotganiga koʻz yumib boʻlmaydi.
Ular orasida Xalqaro valyuta jamgʻarmasining yaqindagi hisobotini keltirish mumkin. Hujjatda qayd etilishicha, 2016-yildan beri Oʻzbekiston iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulot yiliga oʻrtacha 5,7 foiz koʻrsatkichda barqaror oʻsishni namoyon etmoqda. Ayniqsa, mamlakatda qashshoqlik darajasi 2024-yilda 8,9 foizgacha pasaygani eʼtiborga loyiq. Bunday maʼlumotlar nafaqat ijobiy makroiqtisodiy tendensiyalarni, balki milliy iqtisodiyotda yuz berayotgan chuqur tarkibiy oʻzgarishlarni ham aks ettiradi.
XVJ hisobotida “Oʻzbekiston bozor iqtisodiyotiga oʻtishda sezilarli yutuqlarga erishdi”, deb taʼkidlanadi. Jamgʻarma ekspertlari savdoni liberallashtirish, valyuta almashuv kursini isloh qilish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni muvaffaqiyatli jalb etishni oʻsishning asosiy drayverlari sifatida alohida ajratib koʻrsatgan. Shu bilan birga, jamgʻarma islohotlarni, ayniqsa, bank sektori va korporativ boshqaruv sohalarida davom ettirishni tavsiya qiladi. Bu esa yangi Oʻzbekistonda izchil ilgari surilayotgan tashabbuslardan yana biri — mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlib kirishining muhim shartidir. Joriy oʻzgarishlar surʼati shu yoʻsinda davom ettirilsa, jamgʻarma prognoziga koʻra, mamlakat yaqin yillarda taxminan 6 foiz darajasida oʻsishni saqlab qola oladi.
Berilayotgan bu baholar mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy model tobora ochiqlik, samaradorlik va modernizatsiya tamoyillariga tayanayotganini anglatadi. Unda tobora ijobiy tendensiyalar namoyon boʻlmoqda, sababi u muvaffaqiyatli xorijiy tajribaga asoslangan holda amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan transport infratuzilmasini yangilash boʻyicha keng koʻlamli dastur tashabbusi bunga yorqin misol boʻla oladi, uning natijalarini hamma joyda kuzatish mumkin.
Amerika Qoʻshma Shtatlarining tarixiy tajribasi bunga yorqin misoldir. XX asrning oʻrtalarida, Prezident Duayt Eyzenxauer davrida AQSHda butun mamlakatni qamrab olgan shtatlar oʻrtasidagi avtomagistrallar tarmogʻi dasturi — “Interstate Highway System” amalga oshirildi. Bu tashabbus nafaqat sanoat, savdo va logistikani rivojlantirish uchun ragʻbat, balki kichik va oʻrta korxonalar, agrar sektor va mehnat bozorining oʻsish omili ham boʻldi. Yagona transport tizimini yaratish aholining yuqori harakatchanligini taʼminladi, bu esa, oʻz navbatida, ichki iqtisodiy aloqadorlikni mustahkamlashga yordam berdi.
Jugʻrofiy jihatdan Yevroosiyoning qoq markazida joylashgan va dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston uchun mazkur tajriba, ayniqsa, muhim. Yoʻllar, temir yoʻl uzellari va logistika markazlariga tizimli investitsiyalar kiritilishi mamlakatni qitʼadagi eng muhim tranzit nuqtasiga aylantirmoqda.
Mamlakatda mazkur rejalarni bajarish uchun koʻp ishlar qilinmoqda, aniq loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, agar 2009 — 2016-yillarda Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllarini rivojlantirishga 9,4 trln. soʻm ajratilgan boʻlsa, 2017 — 2024-yillarda bu koʻrsatkich 60 trln. soʻmni tashkil etdi. Yoʻl ishlari hajmi besh barobar oshdi, 106 ming kilometrlik yoʻl holati yaxshilandi, 713 ta koʻprik qayta qurildi va mingdan ortigʻi taʼmirlandi. Kapital taʼmirga muhtoj yoʻllar ulushi 68 foizdan 27 foizgacha pasaydi. Joriy yilda 21,5 ming kilometr avtomobil yoʻllari va 320 ta koʻprik qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash rejalashtirilgan. Ajratilgan umumiy mablagʻ — 13 trln. 245 mlrd. soʻm!
16 ta xalqaro loyiha doirasida 1300 kilometr avtomobil yoʻllari qayta qurildi, umumiy qiymati 2,2 mlrd. dollar boʻlgan yana 9 ta loyiha ishlab chiqilmoqda. Pullik yoʻllar qurilishiga xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Bularning barchasi mamlakatning yangi infratuzilma arxitekturasi maqsadli shakllantirilayotganidan dalolat beradi.
Jahon miqyosidagi yaqqol misol sifatida Keniyadagi “LAPSSET” loyihasini koʻrsatish mumkin. Bu loyiha Lamu portini Janubiy Sudan va Efiopiya bilan bogʻlovchi transport yoʻlagidir. Ushbu keng koʻlamli loyihaning amalga oshirilishi allaqachon katta miqdordagi xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mintaqaviy savdo hamda bandlikni taʼminlashning drayveriga aylandi. Bashoratlarga koʻra, “LAPSSET” 1,2 mln.gacha ish oʻrni yaratadi va Keniyaning Sharqiy Afrikadagi logistika rolini kuchaytiradi.
Avval taʼkidlaganimizdek, Oʻzbekiston ham dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas, lekin bu geografik cheklovni xalqaro infratuzilma yoʻlaklarida ishtirok etish orqali muntazam ravishda toʻldirib kelmoqda. Iyul oyida Xonkendida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasini yakunlash muhimligini taʼkidladi. Kelgusida Transafgʻon yoʻlagi bilan bogʻlanadigan ushbu magistral ulkan mintaqani qamrab oluvchi va mamlakatning tranzit salohiyatini kuchaytiruvchi yagona transport makonini yaratadi.
Iordaniyaning yetakchi “Ammon News” gazetasida mamlakatimizning iqtisodiy transformatsiyasiga bagʻishlangan maxsus maqola chop etildi. Unda shunday deyiladi: “Oʻzbekiston iqtisodiy yangilanishning ilhomlantiruvchi namunasidir. Iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, innovatsiyalarni joriy etish, raqamlashtirish va barqaror rivojlanish orqali mamlakat global investitsiyalar va texnologiyalar xaritasida munosib oʻrin egallashga intilmoqda”.
Mualliflarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalariga, raqamli iqtisodiyotga, infratuzilma loyihalariga tobora koʻproq investitsiya kiritmoqda. Bu esa uni xalqaro investorlar uchun jozibali hamkorga aylantiradi, mintaqaviy innovatsiyalar markazi roliga daʼvogarlik qilish imkonini beradi.
Darhaqiqat, mamlakatda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar maʼlum bir nuqtalarga qaratilgan emas, balki tizimli xususiyatga ega. Oʻzbekiston xalqaro institutlar bilan aloqalarini mustahkamlagan va strategik tafakkurga tayangan holda modernizatsiya yoʻlidan dadil ilgarilab bormoqda va bu davlat siyosatining har bir qadamida namoyon boʻlmoqda.
Xorijiy matbuotning hisobotlari va maqolalarida yangi Oʻzbekiston muvaffaqiyatlarining tilga olinishi Prezident tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar, izchil amalga oshirilayotgan chuqur oʻylangan va muvozanatli siyosatning natijasidir. Hech shubha yoʻqki, Oʻzbekiston bu yoʻlda oʻzining strategik maqsadlariga intilish, xalqaro maydondagi pozitsiyasini mustahkamlash va xalqining farovonligini oshirish kursini saqlab qoladi. Yangi Oʻzbekiston ezgu tashabbuslar markaziga aylanayotgani, jonajon Vatanimizning yanada ravnaq topayotgani milliy yetakchimizning oqilligi, uzoqni koʻra olish qobiliyati, qatʼiy siyosiy irodasi va mardonavor jasorati samarasidir.
Sahardan bedorlik, shijoat, jurʼat,
Qolar pok niyatlar bagʻrida mangu.
Shashtida sabot bor, sabr-u matonat,
Nur kabi betakror yaralgan jon u!
Zulmatga chorlasa allakimsalar,
Ezgulik yoʻliga baxshida bu nur.
Kimlardir tinchlikni mensimasalar,
Yorugʻlik tomonga u boshlab borur...
Umrini bagʻishlab millatga, shonga,
Bellashar zamonda shitob bilan u.
Har koʻngil, har oʻlka, har xonadonga
Boradi ilmi nur — kitob bilan u.
U millat dilbandi!
Boqqil zamondosh,
Unga talpinadi yaqin-u yiroq.
Bor boʻlsin shunday nur baxsh etgan Quyosh,
Qadami qutlugʻdir, tilagi porloq!
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring