Ezgu maqsadlar yoʻlidagi yakdillik ifodasi

09:56 19 Iyul 2023 Jamiyat
397 0

Bu yil mamlakatimiz hayoti qizgʻin siyosiy jarayonlarga boy boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Dastlab yangilangan Konstitutsiyani umumxalq referendumi orqali qabul qilgan boʻlsak, 9-iyul kuni ulkan tarixiy voqea — muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga oʻtkazilgan saylov Vatanimiz, qolaversa, butun xalqimiz uchun yangi davrni boshlab berdi.

Oʻzbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqini xalqimiz katta qiziqish bilan kuzatdi. Boisi unda davlatimiz rahbari kelgusi yillarda amalga oshiriladigan ishlar haqida batafsil toʻxtaldi.

Aytish joizki, yurtimiz taraqqiyotini belgilaydigan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun shart-sharoit ham, imkoniyat ham, intellektual va maʼnaviy salohiyat ham yetarli. Buni davlatimiz rahbari ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

Eʼtiborimizni tortgan jihat shu boʻldiki, davlat rahbari nutqidagi fikr-mulohazalar, belgilangan vazifalar butun xalqimiz uchun tushunarli tilda bayon etildi.

Xususan, Prezidentimiz Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim strategik yoʻli mohiyatini ochib berarkan, boshqa sohalar qatorida yoshlar masalasiga ham toʻxtalib, navqiron avlodga yangi Oʻzbekiston, uchinchi Renessans bunyodkorlari sifatida murojaat qildi. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, qadriga yetib, doim intilish va izlanishda boʻlishga chaqirdi. Bu fikrlar mamlakat taraqqiyoti yoʻlida yoshlar masalasi, taʼlim, ilm-fan masalasining oʻrni juda muhim ekanligini koʻrsatadi.

Yurtboshimiz deyarli har bir chiqishida “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda”, degan fikrni aytib keladi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, hozirgi ziddiyatli, oʻta murakkab zamonda toʻgʻri yoʻl tutish uchun aql kerak, ilm, bilim, salohiyat kerak. Bu esa raqobatbardosh hamda vatanparvar kadrlarni tayyorlash bilan bevosita bogʻliq.

Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, biz nafaqat mohir paxtakor va bogʻbonlar oʻlkasi, balki yuqori malakali IT mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati boʻlishimiz kerak.

Albatta, bu gapning tag zamirida bir tomondan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad va kutilayotgan natijalar yotsa, ikkinchi tomondan Al-Xorazmiy, Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Zamaxshariy kabi ulugʻ ajdodlarimizga munosib vorislik masʼuliyati ham mujassam.

Sanjarbek DAVLETOV,

Urganch davlat universiteti

Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori, tarix fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?