Yevropaning eng yirik masjidini Oʻzbek meʼmorlari barpo etdilar

16:38 23 Avgust 2019 Jamiyat
3663 0

Chechenistonning Shali shahrida Yevropadagi eng yirik masjidning tantanali ochilish marosimi boʻldi, soʻng Juma namozi ado etildi. Marosim jonli efirda namoyish qilindi. Masjid ichida 30 ming kishi, atrofida esa 70 ming musulmon ibodat qila oladi. Marosimda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov masjid Muhammad Paygʻambarnomi bilan atalishi haqida eʼlon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ushbu masjid qurilishi 2012-yili boshlangan. Dastlab 10 ming namozxonga moʻljallangan masjidni 2015-yilda ochish rejalashtirilgan edi. Biroq keyinroq qurilish rejasiga oʻzgartirish kiritilgan, uni foydalanishga topshirish muddati ham uzaytirilgan.

Xabarga koʻra yangi masjid “Shali-siti” majmuasi tarkibiga kiradi. Bu majmuada Shali shahri uchun xos boʻlmagan olti koʻp qavatli turar-joy binolari ham joylashgan. Binolar 12 va 16 qavatga ega. Shuningdek, majmuada qoʻriqlash minorasi shaklidagi 21 qavatli bino ham bor, uning ichida restoran, ofislar va mehmonxona joylashgan.

2017-yili yangi majmua barpo etilayotgan hudud atrofidagi yuzga yaqin uy buzib tashlangan, bu yerda majmuaga eltuvchi maxsus yoʻl barpo etilgan. 2018-yili Shalidagi uylari buzilgan 92 oilaga yangi uylardan iborat posyolka qurib berilgan. 

Yevropadagi eng yirik masjid Samarqand va Buxoro mumtoz meʼmorchiligi uslubida Oʻzbek meʼmorlari tomonidan barpo etildi. Bosh arxitektor Abduqahhor Turdiyevning aytishicha, Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov taklif va mulohazalari asosida loyihaga oʻzgartirishlar kiritilgan.

“Qurilishda foydalanilgan oq marmar faqat Gretsiyaning Tasos orolidan qazib olinadi. Qoyalardan kesib olingan ulkan boʻlaklarni qayta ishlash uchun materikka yuboriladi. Zavod sharoitida esa marmarga zarur shakl beriladi”, - deya tushuntirib bergan bosh arxitektor RIA Novosti agentligi bilan suhbatda.

Masjidning asosiy xonasida lotos shaklidagi sakkiz metrli, ogʻirligi uch tonnali qandil oʻrnatilgan. Checheniston prezidentining masjid qurilishini nazorat qilgan maslahatchisi Amruddi Edilgiriyevning soʻzlariga koʻra, ushbu qandil maxsus buyurtma boʻyicha Turkiyada yasalgan. U 400 ta chiroq Swarovski billurlari va oltin bilan bezatilgan.

Masjid atrofida har xil turdagi qariyb 2000 daraxt, 28 xil atirgul oʻtqazilgan.

Masjid barpo etilishiga qancha mablagʻ sarflangani maʼlum emas.

Masjidning ochilishiga oʻzbekistonlik bir guruh oshpazlar oʻzbekcha palov tayyorlab, mahalliy aholi va mehmonlarga tortiq qilishlari rejalangan.

Jami 43 mamlakatdan 150 oliymaqom mehmonlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov ham marosimda qatnashgani xabar qilindi.

Shu kuni Shali shahrida Qurʼon hofizlari maktabi ham ochilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер