Yevropa oʻzini oʻzi himoya qilishga bel bogʻladi
Foto: AP
Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya mudofaa sohasidagi hamkorlikni kuchaytirib, AQSH himoyasisiz kelajakka tayyorlanmoqda. Bu haqda “The New York Times” gazetasi oʻz manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Nashrning yozishicha, bu uch davlat yetakchilari Yevropa mudofaasini AQSHdan mustaqilroq qilish uchun yangi xavfsizlik boʻyicha hamkorlik ustida ishlamoqda.
Soʻnggi paytlarda AQSH prezidentiDonald Trampning NATOdan chiqishi mumkinligi haqidagi bayonotlari fonida AQSHga nisbatan ishonchsizlik kuchaymoqda. Qolaversa, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham Yevropani, jumladan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ham bir necha bor tanqid qilgan.
“Ular [Yevropa davlatlari] AQSHga qarshi harakat qilmayaptilar va undan butunlay voz kechishmayaptilar, lekin ular oʻzlari qaror qabul qilishlari va ular uchun javobgar boʻlishlari kerak”, — deydi londonlik professor Lourens Fridman gazetaga bergan intervyusida.
Oʻtgan hafta Germaniya kansleri Fridrix Mers va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Londonda mudofaa, iqtisodiy va hamkorlik masalalari boʻyicha kelishuv — Kensington shartnomasini imzoladi.
Bir hafta oldin Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan yadroviy arsenallarni yanada yaqinroq muvofiqlashtirish boʻyicha ham kelishib olgandi. Joriy yilning may oyida esa uch davlat rahbari birgalikda birdamliklarini namoyish qilish uchun Ukrainaga tashrif buyurgandi.
Parijda AQSHning pozitsiyasidan qatʼi nazar, Ukrainani qoʻllab-quvvatlashga tayyor boʻlganlar koalitsiyasining shtab-kvartirasi allaqachon yaratilmoqda. Shuningdek, kelajakda oʻt ochishni toʻxtatish imkoniyatlari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, harbiy ekspert Tomas Taynerning fikricha, Polsha frontdagi mamlakat va Yevropadagi eng yirik qurol xaridori sifatida yangi ittifoqqa albatta qoʻshilishi kerak:
“Yevropada ishonchli mudofaa chizigʻi Fransiya, Germaniya va Polshani oʻz ichiga olishi kerak. Ikkinchi qatorda Italiya, Turkiya va Skandinaviya davlatlari boʻlishi kerak. Polshada toʻlaqonli havo kuchlari yoʻq — bu yerda Germaniya va Fransiya yordam berishi mumkin”, — deydi ekspert.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring