Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi 17-sanksiyalar paketini maʼqulladi

15:05 20 May 2025 Dunyo
157 0

Illyustrativ foto

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi 17-sanksiyalar paketini maʼqulladi. Ushbu “qora roʻyxat”ga Rossiyaning 200 taga yaqin tankeri kiritilgan.

Bu haqda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Kaya Kallas maʼlum qildi.

“Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 17-sanksiyalar paketini qabul qildi. Boshqa narsalar qatori Rossiyaning 200 ta tankeri ham unga kiritildi”, dedi Kallas. Uning qoʻshimcha qilishicha, yangi sanksiyalar allaqachon ishlab chiqilmoqda.

Shu oʻrinda u bu tankerlar qaysi davlat bayroqlari ostida harakatlanayotganiga aniqlik kiritmagan. Ularga nisbatan cheklovlar Yevropa Ittifoqi portlariga kirishni va Yevropa kompaniyalarining ushbu kemalar bilan har qanday operatsiyalarini taqiqlashni anglatadi.

Bungacha Rossiyaning 1651 jismoniy, 742 yuridik shaxsi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari roʻyxatiga tushib boʻlgandi.

Kecha boʻlib oʻtgan AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasidagi telefon orqali suhbat natijalaridan norozi Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga yangi sanksiyalar kiritish bildirgandi.

Ularga koʻra, Tramp Putinga jiddiy tarzda muzokaralar stoliga kelishi uchun koʻproq bosim oʻtkazishga tayyor emas.

“Reuters” allaqachon Yevropa Ittifoqi G7 mamlakatlariga yangi sanksiyalar paketi doirasida Rossiya nefti narxini pasaytirishni taklif qilishini xabar qilgan edi. Agentlik manbasiga koʻra, Yevropa Ittifoqi bir barrel uchun maksimal chegarani 50 dollar qilib belgilashni rejalashtirmoqda.

Avvalroq, Putin “Delovaya Rossiya”ning XX syezdida yangi sanksiyalar tahdidi qoʻrqitmasligi kerakligini taʼkidlagan edi.

“Qoʻrqishga hojat yoʻq. Kim qoʻrqishni boshlasa, darhol hamma narsani yoʻqotadi. Lekin nima boʻlishi mumkinligini tushunish mutlaqo zarur. Va biz kelajakdagi ehtimoliy yomon niyatlilarning har qanday harakatlariga tayyor boʻlishimiz kerak”, — degandi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер