Yetuk muhandislar — kelajak tayanchi

09:09 12 Sentyabr 2025 Jamiyat
82 0

Davlatimiz rahbari 8-sentyabr kuni taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishib, iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talablari asosida texnika hamda muhandislik yoʻnalishlarini rivojlantirishni muhim vazifa sifatida belgilab berdi.

Ayni paytda butun dunyoda muhandislik sohasi yuksak darajada raqamlashmoqda. Avtomatlashtirish, sunʼiy intellekt, “aqlli” tizimlar va boshqa ilgʻor texnologiyalar nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarini, balki taʼlim mazmuni va usullarini ham tubdan oʻzgartirmoqda. Ilgʻor innovatsiyalarni oʻzlashtirish jarayonida malakali muhandislarga boʻlgan talab tobora ortib bormoqda.

Mavjud prognozlarga koʻra, 2030-yilgacha jahonda taxminan 1 million muhandis yetishmasligi mumkin. Bu nafaqat rivojlangan davlatlarda, balki taraqqiyot yoʻlidagi mamlakatlarda ham jiddiy oqibatlarga olib kelish ehtimoli yaqin. Xususan, rivojlanayotgan mamlakatlar mazkur jarayondan ikki barobar zarar koʻrishi, yaʼni malakali mutaxassislar chet elga ketishi (intellektual migratsiya), shu bilan birga, ichki bozordagi talabni qoplashda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin.

AQSH Mehnat departamenti maʼlumotlariga koʻra, 2023 — 2031-yillar oraligʻida muhandislik sohasida ish oʻrinlariga talab 13 foizga oʻsishi kutilmoqda. Bu davrda 200 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Ayniqsa, elektr muhandisligi, kompyuter injiniringi, sanoat muhandisligi va biotibbiyot yoʻnalishlarida yuqori ehtiyoj kuzatiladi.

Buyuk Britaniya tajribasi ham bu borada muhim tahlil manbai boʻlishi mumkin. Muhandislar institutining hisob-kitoblariga koʻra, mamlakat har yili taxminan 124 ming yangi muhandisga muhtoj. Ammo kadrlar yetishmovchiligi tufayli YIMning taxminan 5 foizgacha yoʻqotilishi xavfi mavjud. Bu esa sanoat, infratuzilma, transport, telekommunikatsiya va ekologiya sohalaridagi loyihalarni kechiktiradi.

Yuqoridagi raqam va tahlillar muhandislik taʼlimiga strategik yondashuv talab etilayotganini yaqqol namoyon qilmoqda. Bugungi kundagi taʼlim tizimi ertangi raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdek muhim vazifani oʻz zimmasiga olishi lozim.

Bilim, tajriba va raqamli savodxonlik uygʻunligi

Oʻzbekistonda muhandislik sohasiga qaratilayotgan eʼtibor bu jarayonning muhim tarkibiy qismiga aylandi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan, “yashil” energiya, qurilish, agrosanoat, logistika va axborot texnologiyalari kabi tarmoqlardagi rivojlanish zamonaviy muhandis kadrlarga boʻlgan ehtiyojni yanada oshirmoqda. Bu esa taʼlim muassasalarida oʻqitish metodlarini qayta koʻrib chiqish, zamon talablariga mos, kompetensiyaga asoslangan oʻqitish modellarini joriy etishni taqozo qilmoqda.

Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda yetakchi oʻrin tutayotgan taʼlim muassasalaridan biri Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetidir. Oliygoh mamlakatda texnik kadrlar tayyorlashning bayroqdori sifatida zamonaviy muhandislik taʼlimi modellarini amaliyotga joriy etmoqda.

Hozir universitet tarkibida beshta — energetika muhandisligi, elektronika va avtomatika muhandisligi, mexanika muhandisligi, geologiya-qidiruv va kon-metallurgiya, neft va gaz fakultetlari faoliyat yuritmoqda. Universitetda 39 ta bakalavriat yoʻnalishi va 60 dan ortiq magistratura mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olib borilyapti. Ilmiy tadqiqot faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratilib, oʻndan ziyod ilmiy-tadqiqot markazlari, zamonaviy laboratoriyalar, innovatsion texnoparklar va startap markazlari tashkil etilgan.

Universitet taʼlim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, “Sanoat 4.0” talablariga muvofiq kadrlar tayyorlashga qaratilgan bir qator innovatsion dasturlarni joriy etmoqda. Xususan, invers taʼlim — zamonaviy pedagogik yondashuvlardan biri boʻlib, uning asosiy maqsadi talabalarni darsga oldindan tayyor holda kelishlarini taʼminlashdir. Bu usulda nazariy materiallar elektron tarzda oldindan taqdim qilinadi, auditoriya mashgʻulotlari esa amaliy topshiriqlar, muammoli vaziyatlar yechimi va jamoaviy muhokamalarga bagʻishlanadi. Bunday yondashuv talabalarda mustaqil oʻrganish va tahlil qobiliyatini rivojlantiradi.

Loyihaviy taʼlim modeli orqali esa talabalar guruhlarda ishlab, hayotiy muammolarga ijodiy yechimlar topish bilan nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash imkoniga ega boʻlmoqda. Bu usul ularda muammolarni hal etish, kommunikatsiya va yetakchilik salohiyatini shakllantiradi.

Fan, texnologiya, muhandislik, matematika uygʻunligidagi (STEM) yondashuv esa talabalarda innovatsion fikrlash va tizimli tahlil koʻnikmalarini shakllantirishni maqsad qiladi. Bu yoʻnalishdagi mashgʻulotlar talabalarning ijodkorligi va tahliliy qobiliyatini kuchaytiradi. Virtual laboratoriyalar va AR/VR texnologiyalari yordamida real muhitga yaqin sharoitda, xavfsizlik talablariga rioya etgan holda amaliy mashgʻulotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, fizika, elektronika, mashinasozlik kabi texnik fanlar boʻyicha interfaol tajribalar talabalarning bilimni amalga tatbiq etish qobiliyatini oshirmoqda.

Ijtimoiy koʻnikmalar — mutaxassisning muloqot madaniyati, jamoaviy ishlash, yetakchilik, vaqtni boshqarish kabi shaxsiy fazilatlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, bu koʻnikmalar talabalarning mehnat bozorida muvaffaqiyatli raqobatlashuvini taʼminlaydi.

Bundan tashqari, universitet “Erasmus+”, “Netstan” va boshqa xalqaro dasturlarda faol ishtirok etmoqda. Ushbu loyihalar doirasida professor-oʻqituvchilar hamda talabalar ilmiy almashinuv, stajirovka va tajriba oʻrganish imkoniyatlariga ega boʻlmoqda. Bu esa taʼlim jarayonini xalqaro tajriba bilan boyitishga xizmat qiladi.

Universitet yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda amaliy loyihalar, sanoat stajirovkalari va buyurtma asosida mutaxassis tayyorlash dasturlarini yoʻlga qoʻygan. Bu hamkorlik taʼlim hamda ishlab chiqarishni yanada yaqinlashtirib, mutaxassislarning bozor talablariga mos holda shakllanishini taʼminlayapti. Universitet huzurida yangidan tashkil etilgan yuqori texnologiyali laboratoriyalar — energetika, mexanika hamda axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashgʻulotlar bilan mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Ilgʻor tashabbuslar — amalda

Taʼlim jarayonini raqamlashtirish, uni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish maqsadida bir qator ilgʻor tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, universitet huzurida Raqamlashtirish markazi hamda raqamli taʼlim kontentini yaratishga ixtisoslashgan maxsus guruhlar faoliyat yuritadi. Bu esa taʼlim jarayonining toʻliq raqamli muhitda oʻtishiga, bilimlarning zamonaviy va innovatsion shaklda uzatilishiga mustahkam asos yaratmoqda.

Muhandislik sohasi hozirda butun dunyoda shiddat bilan raqamlashyapti. Inson qoʻli bilan yaratilayotgan har qanday qurilma, inshoot yoki texnologik loyiha, avvalo, virtual muhitda modellashtiriladi, raqamli sinovlardan oʻtkaziladi va sunʼiy intellekt yordamida tahlil etiladi. Bu jarayon ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, resurslarni tejash hamda xatolarni oldindan aniqlash imkonini yaratadi.

Universitet ana shunday talab va real voqeliklarni hisobga olgan holda, raqamli muhandislik taʼlim modelini bosqichma-bosqich joriy etmoqda. Talabalarga “Sanoat 4.0” konsepsiyasi asosida, yaʼni raqamli transformatsiya, avtomatlashtirish hamda “aqlli” tizimlarga moslashgan taʼlim uslubi yaratilgan.

Bugun “AI”, “Big Data”, “IoT”, “3D” modellashtirish, “Raqamli ixtiro” kabi atamalar nafaqat IT sohasi mutaxassislari uchun, balki har bir muhandis uchun kundalik kasbiy faoliyatning ajralmas qismiga aylanmoqda. Zero, zamonaviy muhandis faqat konstruksiya yaratibgina qolmasdan, uni raqamli muhitda tahlil qilishi, funksionalligi va samaradorligini baholashi, sunʼiy intellekt orqali optimallashtirishi talab etiladi.

Universitetda ushbu talablarga javob berish maqsadida “Python”, “MATLAB”, “AutoCAD”, “SolidWorks”, “TensorFlow” kabi ilgʻor dasturiy taʼlim vositalari asosida maxsus kurslar hamda amaliy mashgʻulotlar tashkil etilgan. Talabalar raqamli muhandislik, mashinali oʻqitish, intellektual tizimlar, modellashtirish va raqamli tahlil sohalarida chuqur bilim hamda amaliy koʻnikmalarni egallab bormoqda.

Raqamli iqtisodiyot sari yoʻnalgan yangi Oʻzbekiston uchun zamonaviy, innovatsion fikrlovchi hamda texnologik bilimga ega muhandislarga ehtiyoj kun sayin ortyapti. Universitetimizda amalga oshirilayotgan ilgʻor pedagogik modellar, zamonaviy infratuzilma hamda sanoat bilan integratsiyalashgan oʻquv tizimi mamlakat muhandislik taʼlimining kelajagini belgilab berayotgan asosiy tayanchlardan biriga aylanmoqda.

Sunnatilla GʻOIBNAZAROV,

Toshkent davlat texnika universiteti dekani,

texnika fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер