“Eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi” — Qatar Isroilning Dohaga qilgan hujumiga javob qaytarishga haqli ekanini bildirdi

10:18 10 Sentyabr 2025 Dunyo
89 0

Foto: Reuters

Qatar mamlakat poytaxti Dohaga qilgan hujumi uchun Isroilga javob berish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Bu fikrlarni Qatar Bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy aytib oʻtdi.

Bosh vazirning soʻzlariga koʻra, Qatar oʻz suverenitetining buzilishiga toqat qilmaydi. Mamlakat Isroil zarbalariga javob berish va kelajakdagi hujumlarning oldini olish uchun kompleks yondashuvni qoʻllaydi.

“Davlatlar suverenitetini oʻylamay buzishga qaratilgan harakatlarni eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi, va ularga qarshi barcha vositalar bilan kurashish kerak”, — deydi Qatar Bosh vaziri.

Siyosatchining taʼkidlashicha, Doha allaqachon doʻst davlatlar bilan aloqaga chiqqan va tez orada Isroil hujumiga javob choralarini eʼlon qiladi. Shuningdek, u Isroilning Dohaga bergan zarbasini davlat terrorizmi deb atadi.

Netanyahu Qatarga zarba berish sababini aytdi

Shu yilning 9-sentyabr kuni Isroil mudofaa kuchlari Dohada HAMASning yuqori rahbariyatiga aniq zarba berganini eʼlon qildi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat mudofaa vaziri Israel Kas bilan birgalikda bayonot berib, mamlakat Quddusdagi otishma ortidan shunday qarorga kelganini aytdi.

“Quddus va Gʻazo sektoridagi qonli hujumlardan soʻng barcha xavfsizlik xizmatlariga HAMAS yetakchilarining xatti-harakatlarini bostirishga tayyorgarlik koʻrish buyurildi. Mudofaa vaziri bu taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatladi”, — deydi Netanyahu.

Netanyahu va Kas, shuningdek, Dohadagi HAMAS rahbariyatiga berilgan zarbalarni ham asosli deb hisobladi, chunki ularga koʻra, Falastin harakati yetakchilari 2023-yil 7-oktyabrda Isroilga hujum uyushtirishgan va tayyorlaganlar.

Netanyahu idorasi Isroil Qatarda joylashgan HAMAS rahbariyatiga qarshi operatsiya tashabbuskori va mustaqil ravishda amalga oshirganini va buning uchun javobgarlikni toʻliq oʻz zimmasiga olganini bildirdi.

Tramp bu hujumda Netanyahuni javobgar deb atadi

AQSH prezidenti Donald Tramp Dohaga zarba berish qarori uni emas, Isroil bosh vaziriniki ekanini aytdi. Shuningdek, siyosatchi Qatarga bunday holat boshqa takrorlanmasligiga vaʼda berdi.

“The Jerusalem Post” nashrining yozishicha, AQSH Isroilga Falastinning HAMAS radikal harakati rahbariyatiga zarba berish uchun yashil chiroq yoqqan.

“AQSH rasmiylari Dohada HAMAS rahbariyatiga qilingan hujum haqida bilishgan va tegishli operatsiyani amalga oshirish uchun yashil chiroq yoqishgan”, — deyiladi gazeta xabarida.

Biroq, “Al-Jazira” telekanali AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy xizmatchilariga tayanib, ular Isroil operatsiyasidan bexabar ekanliklarini xabar qildi. Harbiy xizmatchilar bu haqda Dohaga berilgan zarbalardan keyingina xabardor boʻlishganini qoʻshimcha qildi. Biroq ular “Oq uy Isroilning rejalari haqida oldindan xabardor qilinganmi?”, degan savolga javob bera olishmadi.

AQSH Isroilning Dohaga bergan zarbasidan norozi

Isroilning Dohaga hujumi haqidagi xabar Oq uyni hayratda qoldirgan va Tramp maslahatchilarining gʻazabini keltirgan.

“Axios” maʼlumotlariga koʻra, Qatarga zarba AQSH prezidentining Gʻazoda tinchlik oʻrnatish boʻyicha yangi taklifiga HAMASdan javob kutayotgan bir vaqtda sodir boʻlgan.

Cenator Berni Sanders, oʻz navbatida, Netanyahu hukumati nazoratdan chiqib ketganini aytdi. Uning fikricha, Qoʻshma Shtatlar Isroilga harbiy yordamni toʻxtatishi kerak.

“Ular nafaqat Gʻazoda bolalarni och qoldirishmoqda, balki AQSHning xavfsizlik boʻyicha hamkori Qatarni bombardimon qilish orqali xalqaro huquqni ham buzmoqda”, — deydi Sanders.

Isroil mudofaa kuchlarining Dohada Falastinning HAMAS radikal harakati rahbariyatiga uyushtirgan hujumini BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qoraladi. U Isroil tomonining harakatlarini “Qatar suvereniteti va hududiy yaxlitligini qoʻpol ravishda buzish” deb atadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер