Erondagi namoyishlarda 36 kishi halok boʻldi
Eronda 2025-yilning 28-dekabr kuni boshlangan ommaviy namoyishlar mamlakatdagi siyosiy vaziyatni borgan sari keskinlashtirib yubormoqda. AQSHda joylashgan Human Rights Activists News Agency (HRANA) maʼlumotiga koʻra, shu paytga qadar kamida 36 nafar namoyishchi halok boʻlgan, 2 mingdan ortiq kishi esa hukumat kuchlari tomonidan ushlab ketilgan. Namoyishlar mamlakat boʻylab 100 dan ortiq shahar va tumanlarni qamrab olgan.
Koʻchalarga chiqqan eronliklar hukumatga qarshi shiorlar aytib, kengroq huquq va erkinliklarni talab qilmoqda. Bu namoyishlar 2022–2023-yillarda 22 yoshli Mahsa Aminining vafotidan keyin boshlangan “Ayol, hayot, ozodlik” harakatidan soʻng rejimga qarshi eng yirik chiqishlar sifatida baholanmoqda. Namoyishchilar Eron islom respublikasi tizimini agʻdarish va tub oʻzgarishlarni talab qilmoqda.
Namoyishlar avj olishiga sobiq Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning AQSHda istiqomat qilayotgan oʻgʻli — valiyahd shahzoda Rizo Pahlaviyning murojaati ham turtki boʻldi. U aholini 8-9-yanvar kunlari mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da shiorlar aytib, koʻchaga chiqishga chaqirdi. Associated Press agentligiga koʻra, shu chaqiriqlardan soʻng Eronda internet va telefon aloqasi uzib qoʻyilgan.
Namoyishlarning dastlabki sababi sifatida inflyatsiya va iqtisodiy inqiroz koʻrsatilmoqda. Eron riali qadri yillar davomida keskin pasayib, 2016-yil iyulida 1 dollar 34 ming rial boʻlgan boʻlsa, 2020-yil mayiga kelib 165 ming rialga tushgan. Joriy hafta holatiga koʻra, dollar kursi taxminan 1,5 million rialga yetgan. Namoyishlarda talabalar, ayollar hamda kurd va turk etnik guruhlariga mansub fuqarolar ham faol ishtirok etmoqda.
HRANA maʼlumotlariga koʻra, xavfsizlik kuchlari namoyishlar markazlaridan biri boʻlgan Ilom shahridagi shifoxonaga bostirib kirgan. Guvohlarning aytishicha, yarador namoyishchilar olib ketilgan, halok boʻlganlar jasadlarini ham shifoxonadan chiqarishga urinish boʻlgan. Amnesty Iran bu harakatlarni keskin qoralab, hukumatni namoyishchilarga nisbatan noqonuniy kuch ishlatishni toʻxtatishga chaqirgan. AQSH Davlat departamenti ham shifoxonaga qilingan hujumni “jinoyat” deb baholagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring