Erkin Aʼzamning iltimosini rad etgan tarjimon
Mohir tarjimon Nizom Komilov turkum sheʼrlari ilk bor yosh ijodkorlarning “Guldasta” nomli bayozida chop etilgan edi. Sheʼrlar oʻziga xos va badiiy jihatdan yomon boʻlmasa-da, u kishining ism, sharifi boshqa biror joyda sheʼr ostida eʼlon qilinganini hech kim koʻrgan emas. Nizom Komilov oʻz imkoniyatini toʻgʻri chamalab oʻlchagandi.
Ehtimol, u tengdoshlari Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Oʻtkir Hoshimov, Uchqun Nazarov kabi yorqin isteʼdodlar orasida katta qalbli mayda ijodkor boʻlib qolishni istamagandir. Ammo har nima boʻlganida ham Nizom Komilov nishonga aniq urgandi. Yillar oʻtib u badiiy tarjimalari orqali oʻz tengdoshlari safiga soʻzning usta sanʼatkori boʻlib qoʻshildi.
1937-yil 12-dekabr kuni dunyoga kelgan Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, atoqli tarjimon Nizom Komilov nomini kitobxonlar gruzin adibi Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni”, “Oq bayroqlar” romanlari, “Kukaracha” qissasi hamda nemis yozuvchisi Erix Mariya Remarkning “Uch ogʻayni”, “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” romanlari, shuningdek, boshqa jahongashta ijodkorlarning asarlari orqali juda yaxshi taniydi. Ayniqsa, “Abadiyat qonuni” tarjimonga juda katta shuhrat keltirgan. Asar goʻyo oʻzbek adibi tomonidan yozilgandek taassurot uygʻotishi ham millionlab oʻzbek kitobxonlari tomonidan eʼtirof etilgan.
Tarjimonning shoir yo yozuvchidan farqi bor. Bu ijodiy asarning shakli yo gʻoyasida emas, albatta. Hamma gap uning oʻquvchisida. Shoirning sheʼri yo yozuvchining hikoyasi boshqa tilga tarjima qilinib, boshqa xalqlarda ham ovoza boʻlishi, boshqa millat vakillari uchun ham xizmat qilishi mumkin. Ammo tarjimonning mehnati hosilasi faqat oʻz xalqi uchun bagʻishlanadi. Tarjimon uchun shon-shuhrat emas, millat manfaati birinchi darajali masalaga aylanadi. U shu zayl oʻz xalqining maʼnaviy darajasini jahon xalqlari bilan boʻylashtirish uchun harakat qiladi. Bu yoʻlda misqolcha muvaffaqiyatga erishsa, shuning oʻzida katta baxt. Biroq bu orqali tarjimon oʻz ruhiga xiyonat qilmasligi ham lozim. Ijodkor uchun ruhiyatga nomunosib asar yaratish samimiyat va tabiiylikdan yiroq hodisa boʻlib, oʻz muallifining muvaffaqiyatsizligini anglatadi. Nizom Komilov esa buni chuqur his qilgan tarjimon boʻlgan.
Kunlarning birida “Tafakkur” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam Nizom Komilovga tarjima uchun uchta rus adibi hikoyalarini berib, agar tarjima qilsa, jurnalda chop etishini aytadi. Albatta, nufuzi yuqori boʻlgan jurnalda chiqishning oʻzi bir obroʻ boʻlsa, bu nomi ulugʻlikning suprasi ham quruq boʻlmasligi tabiiy. Biroq, oʻzbekchalashtirilishi kerak boʻlgan hikoyalar bilan tanishgan tarjimonning qoʻli ishga bormay, xunobi ortib kunlarni oʻtkazaveradi.
– Erkin ukam-da, hikoyalarini indamay oʻqib chiqdim. Yomon emas. Yoʻq, hikoyalar menga oʻtirishmadi. Men tarjima qiladigan hikoyalar emas. Ruhimga tushmaydi. Xafa boʻlsa ham oʻsha hikoyalarni qaytarib berdim. Axir, tarjimon oʻz ruhiga mos asarni tarjima qiladi. Nima qilay, mening ruhimga tushmasa, – degan edi yonib-kuyib Nizom Komil.
Bu voqeada millat saviyasi uchun foydasi boʻlsa-boʻlmasa, faqat qalam haqidan keladigan moddiy daromadni koʻzlab qoʻliga qalam va chet tilidagi asarni tutib, tarjimaga kirishishni boshlayotgan har bir tarjimonga aytib chiqish kerak, nazrimda.
Umr – oqar daryo. Uning dengizga qoʻshiluvchi oʻz nuqtasi bor. 2021-yilning 24-iyul tongida Nizom Komilov daryosi mangulik dengiziga borib quyildi. 84-yillik hayoti davomida millat tafakkuri va dunyoqarashini jahon adabiyotining betakror namunalari tarjimasi orqali boyitgani uchun beminnat xizmat qilgan mutarjim, shubhasiz, millat murabbiylarining biri edi. Shu bilan birga oʻz ruhi va xalqiga sodiq tarjimon boʻlib qoldi.
Otabek ISROILOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring