Eng noyob musiqa asarlaridan biri yoki madhiyamiz yaratilish tarixiga nazar
Madhiya vatanparvarlik ruhidagi tantanali musiqiy asar sanaladi. Garchi uning ildizi olis oʻtmishga borib taqalsa-da koʻplab davlat gimnlari Yevropada milliy davlatchilikning yuzaga kelishi bilan bogʻliqdir. Biz XIX asrni nazarda tutayapmiz.
Lekin undan ham avval yaratilib, hozirga qadar yangrab kelayotgan madhiyalar ham yoʻq emas. Masalan, Buyuk Britaniya davlat gimni ilk bor 1619-yilda ijro etilgan. Boshqa bir mashhur asar “Marselyeza” esa 1795-yilda Fransiyaning milliy madhiyasi sifatida qabul qilingan.
Biz gʻurur bilan aytadigan, tinglaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ham oʻziga xos tarixi bor.
Manbalarda taʼkidlanishicha, Ikkinchi jahon urushigacha sobiq SSSRning davlat madhiyasi yoʻq edi. U faqat 1944-yilga kelibgina yaratilgan va davlat gimni sifatida ijro etila boshlangan. Shu bilan bogʻliq tarzda sobiq Ittifoq respublikalari ham oʻz davlat madhiyalarini yaratish harakatiga tushishgan.
1946-yilda respublikamizda davlat madhiyasi matni boʻyicha tanlov eʼlon qilinadi. U yopiq tarzda oʻtkaziladi. Yaʼni matn muallifi oʻz ism-sharifini sir saqlagan holda sheʼrini konvertga solib, uning ustiga shartli nom qoʻyib joʻnatishi lozim edi. Muhokamalar natijasiga koʻra, shoir Temur Fattoh yozgan matn eng koʻp ovoz oladi. Shundan soʻng mazkur matnga musiqa yozish uchun bastakorlar oʻrtasida ham yopiq tanlov tashkil etiladi. Hayʼat aʼzolari tarkibida endigina oʻttiz yoshni qoralagan Mutal Burhonov ham bor edi. Shu boisdan u istihola qilib, tanlovda qatnashishni lozim topmaydi. Ammo doʻsti, professor Sulton Umarov “Tanlovda ishtirok eting”, deb turib oladi.
“Boshqa yumushlarni chetga surib, butun vujudim bilan ishga kirishdim, — deya yozadi bastakor oʻzining “Koʻngil xazinasi” kitobida. — Oʻzbek xalq musiqasining rangin ohanglarini izladim, chunki unda shashmaqomimizning gardun yoʻli bor... Nihoyat, madhiyani tugatdim. Notalarini tayyorlab, konvertga soldim-da ustiga “Poema” deb shartli nom qoʻyib, hayʼatga joʻnatdim”.
Shu oʻrinda bir diqqatga molik holatni chetlab oʻtishning imkoni yoʻq. Qator taniqli, tajribali, mahoratli bastakorlar ijod namunalari bilan qatnashgan tanlovda Mutal Burhonov hayʼat aʼzosi sifatida oʻz asariga qarshi ovoz bergan. Ammo muhokamalar yakunida aynan shu asar davlat madhiyasi sifatida tasdiqlangan.1967-yilga kelib esa matnga ayrim oʻzgartirishlar kiritish zarurati tugʻiladi va bu yumushga shoir Turob Toʻla jalb etiladi.HMusiqa esa oʻzgartirilmaydi.
Tabiiyki, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng yangi davlat madhiyasiga ehtiyoj tugʻildi. Shunda tanlovga eski madhiya musiqasini ham qoʻyish kerakmi yoki yoʻq, degan masala yuzasidan turli fikr-mulohazalar bildirildi. Oxir-oqibat 40 yildan ziyod vaqt mobaynida ijro etib kelinayotgan bu musiqa ham tanlov gʻolibligiga nomzod asarlar qatoridan oʻrin oldi.Unga xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov yangi matn yozdi. Bastakor va shoirning har bir ohang, har bir soʻz ustida hamkorlikda ishlashlari zoye ketmadi.
“Yangi eʼlon qilingan tanlov qatnashchisi sifatida mustaqil davlatimiz parlamentida oʻtirar ekanman, qalbim gʻururga toʻla edi, chunki shu musiqa barchaning qalbidan joy olganiga ishonardim, — deya yozadi Mutal Burhonov. — Musiqaning yarmiga kelganida zalda olqishlar boshlandi...”
Shu tariqa A. Oripov va M. Burhonov tomonidan yaratilgan asar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sifatida tasdiqlandi. Oʻshanda 1992-yilning 10-dekabri edi.
Soʻngsoʻz oʻrnida. Madhiyamiz musiqasi va oʻnlab oʻlmas asarlar muallifi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Mutal Burhonov umrining oxirgi yillarini ona shahri — Buxoroda oʻtkazdi.U istiqomat qilgan Bahouddin Naqshband koʻchasidagi xonadon ayni paytda uy-muzeyga aylantirilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring