Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish masalalari tartibga solinadi

11:13 10 Iyul 2024 Siyosat
206 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik toʻrtinchi yalpi majlisida “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda energiya barqarorligini taʼminlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Hozirda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etmoqda. Bu borada Oʻzbekiston 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqishni maqsad qilgan.

Bu har yili 25 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 mln tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

Albatta, belgilangan koʻrsatkichlarga erishish, energetik barqarorlikni taʼminlash uchun sohaning huquqiy bazasini mustahkamlash talab etiladi.

Boz ustiga uglevodorod resurslarining chegaralanganligi, ularning kamayishi energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish choralarini koʻrish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shu bilan birga, amalda mamlakatimizda energiya resurslari isteʼmoli samaradorligini, energiya sarfi meʼyorlari hamda energiya audit oʻtkazishni monitoring qilishning taʼsirchan tizimi mavjud emas.

Davlat muassasalari va tashkilotlarida zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, energiya samaradorligini oshirish boʻyicha energiya servis xizmatlari yoʻqligi, shuningdek, tejash va samaradorlikni oshirish yoʻnalishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari sust borayotgani ham bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Qonun energetika sohasida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar jalb etishni koʻpaytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonunda energetika xavfsizligini taʼminlash, energiyani tejash hamda samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish tartib-tamoyillari, elektr va issiqlik energiyasi, yoqilgʻi va noanʼanaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada tejamli va samarali foydalanish vazifalari va qoidalari belgilab berilmoqda.

Shuningdek, energiyani tejash va energiya samaradorlik talablarini buzganlik va resurslarni meʼyoridan ortiqcha sarflagani uchun javobgarlikni belgilash ham nazarda tutilgan.

Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik taʼminoti va kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarida, qishloq va suv xoʻjaligida energiyani tejash hamda energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishlari koʻzda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Mazkur Qonun qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini yanada optimallashtirishga xizmat qilib, energiya isteʼmoli samaradorligi tizimli monitoringini amalga oshirish uchun huquqiy poydevor yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?