Endilikda aholi va tadbirkorlarga majburiyat yuklaydigan hujjatlar yozilishidan oldin baholanadi

05:06 21 Avgust 2024 Hujjatlar
182 0

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon 243 ta qonunchilik hujjatidagi oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, samaradorligi yuqori boʻlmagan va amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlanmagan hamda korrupsiyaviy xatarlarni kelitirib chiqarishi mumkin boʻlgan 350 ta norma va huquqiy boʻshliqlarni bekor qilishni nazarda tutadi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti va Hukumatining 183 ta hujjat va normalari bekor qilinib, qonunchilikni tartibga solish yuki kamaytirilmoqda.

Farmon bilan tartibga solish taʼsirini baholashning yangi tartibi joriy etilib, qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlashda va ularning taʼsirini baholashda ilmiy hamda nodavlat notijorat tashkilotlar keng jalb qilinishi, qonun loyihalari boʻyicha majburiy tartibda ilmiy-tadqiqot muassasalarining xulosasi olinishi belgilandi.

Joriy yilning 1-oktyabridan boshlab aholi va tadbirkorlarga bevosita taʼsir koʻrsatadigan, ularga majburiyat yuklaydigan, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqacha cheklovlarni belgilaydigan hujjatlar ikki bosqichda STBdan oʻtkaziladigan boʻldi.

STB — qisqacha aytganda, yangi qonunning foydadan koʻra koʻproq zarar keltirmasligini tekshirish usuli.

Bunda hujjat loyihasi yozilishidan oldin soddalashtirilgan tartibda baholashdan oʻtkaziladi va Adliya vazirligining xulosasi olinadi.

Soddalashtirilgan baholash natijasi boʻyicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsiri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar kengaytirilgan tartibda ikkinchi marotaba baholashga qaratiladi. Sogʻlom raqobat muhitini himoyalash maqsadida bunday tartib biznesga har qanday imtiyoz, preferensiya yoki yengillik berishni nazarda tutuvchi loyihalarga ham tadbir etiladi.

Shu bilan birga, farmon bilan qabul qilingan hujjatlarning ijro holatini monitoring qilish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Xususan, hujjat qabul qilingach, uning ijrosi har yili kuzatib boriladi, ijroga toʻsqinlik qilayotgan muammolar bartaraf etiladi va monitoring natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinadi.

Bu orqali aholi va biznes uchun yuzaga keladigan ortiqcha va asossiz xarajatlar, maʼmuriy toʻsiqlarning oldi olinadi. Amaldagi samarasini bermaydigan, raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan imtiyoz va preferensiyalar natijasida yuzaga keladigan davlat byudjeti yoʻqotishlari sezilarli qisqarishiga erishiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер