Elda eʼzoz topgan ayollar
“8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga asosan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yoʻlida alohida tashabbus va ibrat koʻrsatib kelayotgan, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga katta hissa qoʻshayotgan xotin-qizlarimiz davlat mukofotlariga sazovor boʻldi. Ular orasida parlament yuqori palatasi aʼzolari ham bor.
Quyida ularning dil soʻzi bilan tanishasiz.
Jamila BOBANAZAROVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi:

— Ayol — mehr va sadoqat timsoli. Shu bilan birga, u zamonaviy jamiyatda faol siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarning teng huquqli ishtirokchisidir. Qolaversa, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning koʻzlangan natijalarni berishida ham xotin-qizlarimizning munosib hissalari bor. Albatta, mazkur jarayonda ayollar tashabbuslarining qoʻllab-quvvatlanishi, har bir ayolning oʻz imkoniyatlaridan foydalanishi uchun shart-sharoitning yaratilishi muhim omil boʻlyapti. Bu esa mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, ijtimoiy adolat va inson qadrini ulugʻlash tamoyillarining hayotga izchil tatbiq etilayotganidan dalolat beradi.
Mana shunday ulugʻ ayyom arafasida Prezidentimizning “8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlanganim men uchun ulkan sharafdir. Bu mukofotni mamlakatimiz tashqi siyosatini rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va investitsiya muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarimizning eʼtirofi sifatida qabul qildim.
“Doʻstlik” ordeni — avvalo, xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, hamjihatlik va oʻzaro hurmat ramzi. Shu bois ushbu mukofotni yurtimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirayotgan, millatlararo aloqalarni mustahkamlayotgan barcha fidoyi insonlarga berilgan mukofot, deb bilaman.
Davlatimiz rahbarining bizga bildirgan ishonchi yanada masʼuliyatli boʻlish, yangi tashabbuslar bilan chiqishga va mamlakatimiz manfaatlarini xalqaro maydonda munosib himoya qilishga chorlaydi.
Moyra TOSHOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi:

— Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, xotin-qizlar hamda yoshlar huquqlarini taʼminlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonlarda ishtirok etish men uchun katta sharaf va iftixordir. Shu maʼnoda, Prezidentimizning “8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganimni yanada samarali va vijdonan xizmat qilishga daʼvat sifatida qabul qildim.
Ushbu orden barcha hamkasblarim bilan birgalikda olib borilayotgan izchil ishlarning eʼtirofi boʻldi, desam, xato emas. Chunki natija jamoaviy mehnat samarasidir.
Taqdirlash marosimida menga “Bu mukofot bosib oʻtilgan yoʻlmi yoki bosib oʻtilgan yil natijasimi?” degan savol berishdi. Albatta, ikkalasi ham. 1996-yildan buyon mahallada ishlayman. Agar oʻsha vaqtlarda biron kishi menga vaqt kelib mahallaning nufuzi oshadi, koʻchalari obod boʻladi, mahalla raisining qoʻlida million-million mablagʻi boʻladi, muammolar mahallaning oʻzida yechim topadi, mahalla raisi deputat, senator boʻladi desa, ochigʻi, ishonmas edim. Chunki bundan 10 — 15-yillar muqaddam bunday jarayonlarning amalga oshishi aqlga sigʻmasdi. Ammo oradan hech qancha vaqt oʻtmay bu hayotiy haqiqatga aylandi. Shukrki, shu kunlarga ham yetib keldik.
Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga qaratayotgan yuksak eʼtibori va ishonchi biz, ayollarni yanada faol, tashabbuskor va qatʼiyatli boʻlishga chorlaydi. Ushbu mukofot koʻp qatori meni ham bundan keyin yanada shijoatli, yanada masʼuliyatli boʻlishga undaydi.
Hamroqul QARSHIYEV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring