YXHT Orolboʻyida biologik xilma-xillikni monitoring qilish boʻyicha ekspeditsiyani qoʻllab-quvvatladi

13:59 11 Oktyabr 2025 Jamiyat
255 0

Foto: Otabek Poʻlatov

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti(YXHT)ning barqaror rivojlanish tajribasini va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish choralarini ilgari surish orqali ekologik xavfsizlikni mustahkamlashga koʻmaklashishga qaratilgan loyihasi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida joylashgan Sudochye koʻliga kuzgi ilmiy-amaliy ekspeditsiya amalga oshirildi.

Ekspeditsiya YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatorining moliyaviy koʻmagida hamda Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasining Orol dengizi havzasi loyihalarini amalga oshirish agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning yetakchi olim va ekspertlari ishtirok etdi. Ekspeditsiya ishlari suv sathi va shoʻrlanish darajasini kuzatish, oʻsimliklar holatini tavsiflash, GPS-xaritalash, bioxilma-xillik boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish va dastlabki tahlil qilishdan iborat boʻldi. Monitoringning zamonaviy usullari, jumladan, tirik organizmlarning reaksiyasi asosida atrof-muhit holatini baholashning samarali vositasi boʻlgan bioindikatsiya qoʻllanildi.

Foto: Otabek Poʻlatov

“Sudochye suv-botqoq ekotizimini monitoring qilish nafaqat ilmiy, balki strategik ahamiyatga ham ega. Ekspeditsiya natijalari ham iqlim oʻzgarishi, ham antropogen omillar taʼsirida yuzaga kelgan oʻzgarishlarni baholash uchun asos boʻlib xizmat qiladi hamda Orolboʻyining biologik xilma-xilligini saqlash va degradatsiya boʻlgan hududlarini tiklash boʻyicha takliflarni shakllantirish imkonini beradi,” – dedi ekspeditsiyada qatnashgan YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen. – Biz Markaziy Osiyoning eng zaif mintaqalaridan birida biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha saʼy-harakatlarni, ayniqsa, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da qoʻllab-quvvatlashdan mamnunmiz”.

Ekspeditsiyada ishtirok etgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi agentligining loyiha menejeri Abrojon Karimov soʻzlariga koʻra, Sudochye monitoringi shunchaki maʼlumot yigʻish emas, bu mintaqa barqarorligiga qoʻshilgan hissadir.

“Biz oddiy koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan oʻzgarishlarni qayd etamiz va ularni aniq qarorlar uchun asosga aylantiramiz. YXHT koʻmagi tufayli ekspeditsiya yuqori darajada tashkil etildi va barcha xavfsizlik standartlariga rioya qilingan holda oʻtdi”, – deydi Abrorjon Karimov.

YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori 2016-yildan buyon Orolboʻyi mintaqasining biologik xilma-xilligini monitoring qilishda Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Sudochye koʻliga ekspeditsiya Markaziy Osiyoda tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ekologik barqarorlikni rivojlantirish boʻyicha kengroq tashabbusning bir qismidir. YXHTning koʻmagi Oʻzbekistonga nafaqat Parij bitimi va Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya doirasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga, balki ekologik boshqaruvga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ham yordam beradi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер