Ehtiyot boʻling, chigirtka!

15:51 03 Aprel 2025 Jamiyat
199 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda chigirtkalarning 200 ga yaqin turlari aniqlangan boʻlib, har doim qishloq xoʻjalik ekinlari, yaylovlari va boshqa oʻsimliklarga jiddiy tahdid soladi. Ayniqsa, “Marokash”, “Voha”, “Katta saksovul” bukur chigirtkalari kabi turlari oʻz vazniga nisbatan 300-400 barobar koʻp miqdorda oziqlanishini hisobga olsak, katta maydonlarga zarar yetkazishi va oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy xavf solishi mumkinligini tasavvur etish mushkul emas.

Chigirtkalarning Navoiy viloyatidagi yaylov va oʻsimliklar maydoniga yopirilishi va rivojlanish davri asosan aprel oyining uchinchi oʻn kunligida toʻgʻri kelishi kuzatilgan.

— Yogʻingarchilik kam boʻlgani va havo harorati keskin isib ketgani sababli rivojlanish davri aprel oyining ikkinchi oʻn kunligiga toʻgʻri kelishi kutilmoqda, — deydi viloyat chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati boshligʻi Abbos Jabborov. — Shu munosabat bilan viloyat Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi huzuridagi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, viloyat hududida zararli chigirtkalarning doimiy oʻchoqlari hisoblangan tumanlarda oʻtkazilgan kuzgi va bahorgi kuzatuvlar natijasiga koʻra joriy yilda chigirtkalarning 46600 gektar maydonda tarqalishi prognoz qilinib, ularning oldini olish va yoʻqotish maqsadida 40200 gektar maydonlarda kimyoviy ishlov oʻtkazilishi rejalashtirildi.

Zararli chigirtkalar tarqalishining oldini olish va oʻz vaqtida kimyoviy kurash ishlarini oʻtkazish maqsadida viloyatda 4 ta maxsus otryad tashkil etilgan. Xizmat texnikalari shay holatga keltirilgan boʻlib, Navoiy viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati tomonidan 2025-yil mavsumi uchun 3 dona (IZUSI-DMAX) maxsus umo mashinalari va 2 dona IZUSI suv tashish mashinasi, 5 dona (OBX-600) traktor purkagichlari,7 dona motorli osma qoʻl purkagichlar hamda 4 dona UAZ avtomobillari mavsumga shay holatga keltirildi. Xizmat agronomlari va mutaxassislari tomonidan hududlarda doimiy kuzatuv-nazorat ishlari olib bormoqda.

Shu bilan birga, viloyat tumanlarining qir-adir va yaylovlarida zararli chigirtkalarning tarqalishi boʻyicha doimiy monitoring ishlari yoʻlga qoʻyilib, zararlanishi prognoz qilinayotgan maydonlar alohida nazoratga olingan. Albatta, bu jarayonlarda jamoatchilikning hushyorligi ham muhim ahamiyat kasb etib, vaqtida aniqlangan chigirtka oʻchoqlarida ular tomonidan yetkaziladigan zararning oldi olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер